O‘zbekiston dunyoning investitsion markazlaridan biriga aylanmoqda


932     18.06.2026

Shu kunlarda poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini namoyish etuvchi eng yirik xalqaro maydonlardan biriga aylandi. Forum Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiya tadbirlaridan biri bo‘lib, unda 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingga yaqin delegat va investorlar ishtirok etdi. Ular orasida xalqaro moliya institutlari, suveren investitsiya fondlari, yirik sanoat korporatsiyalari hamda hukumat vakillari bor. 

Forumning ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. O‘tgan yilgi forumda 97 mamlakatdan 8 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan bo‘lib, ular orasida 3 mingga yaqin xorijiy mehmonlar, 450 nafar yuqori martabali delegatlar va 312 nafar hukumat vakillari bo‘lgan. Forum doirasida 36 ta panel sessiya, 150 dan ortiq xalqaro ma’ruzachilar ishtirokidagi muhokamalar hamda 500 dan ortiq B2B va B2G uchrashuvlari tashkil etilgan edi. 

Mazkur forumning iqtisodiy natijalari ham e’tiborga molikdir. 2025-yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati 30,5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolangan. Bu ko‘rsatkich forumning nafaqat muloqot maydoni, balki real investitsion loyihalarni shakllantiruvchi amaliy platformaga aylanganini ko‘rsatadi.

2026-yilgi forumda esa bundan ham yirik ko‘rsatkichlarga erishish kutilyapti. Jumladan, forum doirasida umumiy qiymati 75 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalari xalqaro investorlar e’tiboriga havola etilmoqda. Ushbu loyihalar energetika, transport-logistika, tog‘-kon sanoati, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt kabi strategik tarmoqlarni qamrab oladi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 39 milliard yevro miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bundan tashqari, avvalgi forumlarda imzolangan loyihalarning 35 foizi allaqachon amaliy bosqichga o‘tgan. Bu esa forumda erishilgan kelishuvlarning qog‘ozda qolib ketmay, amalda iqtisodiy natija berayotganini ko‘rsatadi. 

Forum doirasida 12 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan sanoat ko‘rgazmasida 100 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari va investitsion takliflarini namoyish etmoqda. Ushbu ko‘rgazma mahalliy korxonalar uchun xalqaro bozorga chiqish, xorijiy sheriklar topish va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlarini yaratadi. 

Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekiston uchun bir necha jihatdan strategik ahamiyatga ega. Birinchidan, u mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytiradi. Ikkinchidan, zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv tajribalarini jalb qilish imkonini beradi. Uchinchidan, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va minglab ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi. To‘rtinchidan, eksport hajmini oshirish va milliy iqtisodiyotning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirishga yordam beradi. 

Bugungi kunda Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining investitsion markaziga aylanib bormoqda. Forum orqali mamlakat o‘zining ochiq iqtisodiyot tamoyillariga sodiqligini, investorlar uchun qulay biznes muhiti va uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish strategiyasini xalqaro hamjamiyatga namoyish etmoqda. Shu jihatdan, forumni O‘zbekistonning global iqtisodiy tizimdagi mavqeini mustahkamlovchi va mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab beruvchi muhim voqea sifatida baholasak to‘g‘ri bo‘ladi. 

 

Baxtishod  RASHIDOV,
partiya Markaziy kengashi mas’ul xodimi