Har qanday muvaffaqiyat puxta tahlil, ilmiy yondashuv, ochiq muloqot va amaliy natijaga tayanadi


502     18.06.2026

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni elektron savdo platformalari orqali xorijiy bozorlarga olib chiqishga qaratilgan “Rizq” loyihasini boshladi. Maqsad: hunarmandlarning elektron tijorat, marketing, brending va eksport bo‘yicha zamonaviy bilim, ko‘nikmalarini oshirish, buning uchun zarur platformani shakllantirishdan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv-seminar aynan ushbu loyiha doirasidagi ilk amaliy qadam bo‘ldi.

Albatta, “Rizq” loyihasini kelgusida mamlakatimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich amalga oshirish, hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlar va yosh ishlab chiqaruvchilarni qamrab oluvchi keng ko‘lamli o‘quv-amaliy platformaga aylantirish rejalashtirilgan. Bu orqali minglab hunarmandlarning mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, daromadini ko‘paytirish, hududlarning eksport salohiyatini oshirish hamda milliy hunarmandchilikni Yangi O‘zbekiston kreativ iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylantirish ko‘zda tutilgan. Shu jihatdan olib qaralganda, iqtisodiy faollikni oshirish, milliy qadriyatlarni saqlash va vakillik institutlari samaradorligini kuchaytirish bir-biridan alohida yo‘nalishlar emas, balki yagona taraqqiyot tizimining o‘zaro bog‘liq bo‘g‘inlari hisoblanadi.

Partiyaning 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham aynan mana shu yondashuv asos qilib olingan. Dasturda milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, shuningdek, xalq manfaatlarini ifoda etuvchi vakillik institutlari faoliyatini takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Mazkur vazifalarning natijadorligi esa ularni joylarda amaliy mexanizmlar orqali qo‘llab-quvvatlash bilan bevosita bog‘liq.

Nukusda tashkil etilgan o‘quv-seminar esa nafaqat navbatdagi malaka oshirish tadbiri, balki partiyaning dasturiy maqsadlarini amaliyotga tatbiq etish, joylardagi ehtiyojlarni tizimli o‘rganish va mavjud muammolarga zamonaviy yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan muhim platforma sifatida namoyon bo‘ldi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tadbir bevosita partiya Markaziy kengashi raisining Qoraqalpog‘istondagi o‘rganishlari natijasida shakllangan amaliy tashabbuslarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Odatda siyosiy faoliyat samaradorligi qabul qilinayotgan qarorlarning aholi ehtiyojlari bilan qanchalik uyg‘un ekani bilan belgilanadi. Partiya raisining hududda hunarmandlar, tadbirkor va aholi vakillari bilan o‘tkazgan muloqotlari aynan shu jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi. Uchrashuvlarda hunarmandlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar, mavjud muammo hamda amaliy ehtiyojlar chuqur tahlil qilinib, ular asosida aniq vazifalar belgilab berildi.

Shu maʼnoda, “Milliy qadriyatlar asosidagi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash hamda hunarmandchilik anʼanalarini zamonaviy brending va samarali sotuv yo‘llari orqali saqlab qolish” mavzusidagi seminar joylarda aniqlangan ehtiyojlarning amaliy javobi sifatida tashkil etildi. Bu esa bugungi partiyaviy faoliyatning eng muhim tamoyillaridan biri – “Xalq bilan muloqotdan amaliy natijaga” tamoyili amalda ishlayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Bugungi globallashuv davrida hunarmandchilikka faqat madaniy meros nuqtai nazaridan qarash yetarli emas. Dunyo tajribasidan maʼlumki, milliy hunarmandchilik iqtisodiyotning kreativ sektorini rivojlantirish, turizm salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarning eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida dunyoning istalgan nuqtasida yaratilgan mahsulotni global bozorlarga olib chiqish imkoniyati yuzaga keldi.

Biroq tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab hunarmandlar marketing, brending, elektron savdo va eksport jarayonlari bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega emas. Natijada mahsulotning haqiqiy qiymati va salohiyati to‘liq namoyon bo‘lmay qolmoqda. Nukusda o‘tgan seminar aynan mana shu bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir davomida hunarmandchilikka iqtisodiy faoliyat sifatida emas, balki milliy qadriyatlar va zamonaviy bozor mexanizmlarining kesishgan nuqtasi sifatida yondashildi. Chunki bugungi kunda xalqaro bozorda xaridor faqat mahsulotni emas, balki uning ortidagi tarixni, madaniyatni va g‘oyani ham xarid qilmoqda. Demak, o‘zbek hunarmandchiligining asosiy ustunligi uning milliyligi, tarixiyligi va takrorlanmasligidadir. Shu sababli seminarda milliy brendlarni shakllantirish, mahsulotlarni zamonaviy dizayn va marketing vositalari bilan boyitish, xalqaro auditoriyaga mos taqdim etish masalalari markaziy o‘ringa qo‘yildi.

O‘quv dasturida ikkinchi muhim yo‘nalishi – mahalliy Kengash deputatlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini yana-da oshirishga ham eʼtibor qaratildi. Chunki bugun davlat boshqaruvi samaradorligi ko‘p jihatdan vakillik organlarining qanchalik faol va tashabbuskor ishlashiga ham bog‘liq. Zamonaviy deputat nafaqat muammolarni qayd etuvchi, balki ularni tahlil qiluvchi, sabablarini aniqlovchi va yechimlarini ilgari suruvchi siyosiy subyektga aylanishi zarur.

Afsuski, baʼzan deputatlik faoliyati sessiyalarda ishtirok etish yoki murojaatlar bilan ishlash darajasida qolib ketmoqda. Vaholanki, bugungi murakkab ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar Xalq vakillaridan strategik fikrlashni, tizimli tahlil qilishni va fuqarolar manfaatlarini ilgari surishda faol bo‘lishni talab etadi. Shu bois, seminarda deputatlik va jamoatchilik nazorati, elektorat bilan samarali muloqot, hududiy muammolarni qonunchilik asosida hal etish, parlament va mahalliy Kengashlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, bugungi kunda hududlarda uchrayotgan ko‘plab muammolarni faqat maʼmuriy choralar bilan hal etib bo‘lmaydi. Ularning katta qismi qonunchilikni takomillashtirish, normativ-huquqiy bazani zamon talablariga moslashtirish va hududiy tashabbuslarni qonun ijodkorligi jarayoniga integratsiya qilish orqali hal etiladi. Shu maʼnoda, deputatlar nafaqat vakillik, balki muhim qonunchilik tashabbuslari manbai sifatida ham faoliyat yuritishi lozim.

Seminar davomida o‘tkazilgan muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, bugun fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik nazorati institutlarini mustahkamlash hamda ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini hayotga chuqur tatbiq etish demokratik taraqqiyotning muhim sharti hisoblanadi. Deputatlar esa ushbu jarayonning markazida turishi kerak.

Qoraqalpog‘istonda tashkil etilgan mazkur seminarlarning eng muhim jihati shundaki, ular nazariy maʼruzalar bilan cheklanib qolmadi. Tadbirlar joylardagi real ehtiyojlar, amaliy muammolar va rivojlanish istiqbollari asosida shakllantirildi. Bu esa seminarlarning natijadorligini taʼminlovchi asosiy omil bo‘ldi.

Umuman olganda, mazkur o‘quv-seminarlar partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi, hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini oshirish hamda fuqarolar manfaatlarini taʼminlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Eng asosiysi, ular bugungi taraqqiyotning asosiy formulasi – bilim, tahlil va amaliy harakat uyg‘unligi muvaffaqiyatning eng muhim omili ekanligini yana bir bor namoyon etdi.

Zero, bugun har qanday muvaffaqiyatli siyosatning poydevori puxta tahlil, ilmiy yondashuv, xalq bilan ochiq muloqot va amaliy natijadorlikka tayanadi. O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi aynan ana shu tamoyillar asosida o‘z faoliyatini yana-da takomillashtirib boradi hamda hududlarni rivojlantirish, fuqarolarning faolligini oshirish va partiyaning dasturiy maqsadlarini hayotga izchil tatbiq etishga qaratilgan o‘quv, tahliliy va ilmiy-amaliy loyihalarni kengaytirishda davom etadi.


Nargiza HAMIDOVA
O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi direktori