805 19.06.2026
So‘nggi yillarda butun dunyoda investitsiya eng ko‘p tilga olinadigan so‘zga aylandi. Hatto dunyoning eng rivojlangan davlatlari ham xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb etishga harakat qilyapti. Jumladan, Jahon banki maʼlumotiga ko‘ra, o‘tgan yili AQSH o‘z iqtisodiyotiga 297, Singapur 152, Gonkong 117, Lyuksemburg 106 va Braziliya 74 milliard dollar jalb qilgani holda kuchli beshlikni egallab turibdi va bu bejizga emas.
Bugun investitsiyaning kuchi, imkoniyatlari shunchalik kengaydiki, uning yordamisiz taraqqiyotga, farovonlikka erishish qiyin bo‘lib qoldi. Investitsiya iqtisodiy o‘sishni tezlashtiruvchi, raqobatbardoshlikni oshiruvchi, eng asosiysi, mamlakatning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvini taʼminlovchi “drayver”ga aylandi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Iinvestitsiya bu faqat iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir”.
Mana, nima uchun Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda nufuzli banklar, moliyaviy institutlarning hisobot yig‘ilishlari, investitsiyaviy forumlar, shuningdek, turli darajadagi xalqaro tadbirlarni nafaqat o‘tkazishga, balki anʼanaga aylantirishga harakat qilinyapti. Chunki bunday tadbirlar mamlakatimizning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini yana-da mustahkamlashi bilan birga investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish, turizmni rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini beradi. Taʼkidlash lozim, bunga erishilyapti ham. 16-18 iyun kunlari poytaxtimiz mezbonlik qilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ham ana shu maqsadlar yo‘lidagi muhim tadbirlarning navbatdagisi bo‘ldi.
Anjumanda 100 dan ortiq davlat, xalqaro va mahalliy darajadagi moliyaviy tuzilmalarning 10 mingga yaqin aʼzolari ishtirok etganidan ham bilish mumkinki, Toshkent forumining nufuzi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga monand o‘sib boryapti. Qolaversa, bu biznes vakillarining O‘zbekistondagi tinchlik va barqarorlikka, investitsiyaviy jozibadorligiga, iqtisodiy istiqboliga bo‘lgan yuksak ishonchi namunasidir. Shu jihatdan, forum Markaziy Osiyoga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va yangi sanoat loyihalarini ishga tushirishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tashi bilan alohida ahamiyatga ega.
“Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” deb nomlangan forumning yalpi majlisida ishtirok etgan Prezident nutq so‘zlab, ko‘p qirrali hamkorligimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladigan olti yo‘nalishdan iborat qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yana-da kuchaytirish, kapital bozorini rivojlantirish hamda muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish, “yashil” energetika va sunʼiy intellekt sohalaridagi sheriklikni yana-da chuqurlashtirish, mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligi va hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘nalishlari shular jumlasidandir.
Forum doirasida xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur Kengash mustaqil assotsiatsiya maqomini olgan bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotining 23 ta tarmog‘ida faoliyat yurituvchi 85 ta kompaniyani birlashtirdi. Ijroiya qo‘mita tarkibiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kiradi. Davlatimiz rahbari ushbu yig‘ilishda ham so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezident huzuridagi kengash amaliy islohotlar maydoniga aylanib, mamlakatimiz va jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida o‘z mavqeini mustahkamlaganini taʼkidladi.
Qayd etish lozim, normativ-huquqiy hujjatlar izchil takomillashtirilayotgani hamkorlikning muhim amaliy natijasi bo‘lmoqda. Jumladan, Kengash aʼzolarining takliflariga asosan, Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi, moliyaviy tartibga solish va hisob yuritishning tartib-taomillari soddalashtirildi, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini qo‘llaydigan xorijiy kompaniyalar uchun bir qator majburiy talablar bekor qilindi. “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi, Masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Shuningdek, milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga yana-da yaqinlashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash hamda islohotlarni muvaffaqiyatli davom ettirishga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdilar. Bu Toshkent forumi salohiyatli investorlarni bir stol atrofiga jamlab, nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqamizda ham har jihatdan yangi mutloqot, yangi muhit va o‘zaro ishonchga asoslangan yangi sharoit yaratilganining amaliy isbotidir.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati