507 19.06.2026
Butun dunyoda har bir dollar investitsiya uchun raqobat kuchayotgani bois mintaqalarda turli xil iqtisodiy va investitsiyaviy forumlar juda ko‘p o‘tkazilmoqda. Xususan, Rossiyadagi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi, Qozog‘istondagi Yevroosiyo iqtisodiy forumi yoki Qirg‘izistondagi xalqaro moliyaviy anjumanlarni yaxshi bilamiz. Lekin tan olish kerak, Toshkent xalqaro investitsiya forumining nufuzi va siyosiy vazni yildan-yilga mutlaqo yangi, yuqori bosqichga chiqib bormoqda.
Bu yilgi yubiley hisoblangan beshinchi forum jami 10 600 nafardan ziyod ishtirokchini bir davraga jamladi. Eng muhimi, ularning 4 000 nafardan ortig‘i dunyoning 102 ta davlatidan tashrif buyurgan davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli siyosatchilar hamda yirik investorlardir. Forumda ishtirok etgan kompaniyalarning umumiy kapitalizatsiyasi 40 trillion dollardan oshgani bu investorlarning tarkibi va ularning yuqori darajasini belgilab berdi. Bu raqamlar Toshkent forumi tarixidagi mutlaq rekord ko‘rsatkichlardir. Bunday katta ko‘lamdagi ishtirok xalqaro miqyosda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga va davlatimiz tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlarga bo‘lgan chinakam ishonch ifodasidir.
Eng asosiysi, ushbu nufuzli platforma orqali O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati dunyoga namoyon bo‘lmoqda. Bu orqali nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishga erishilmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek: “Bozor qanchalik katta va qoidalar qanchalik uyg‘un bo‘lsa, mintaqa davlatlariga sarmoyalar oqimi shuncha ko‘payadi”.
Forumning xalqimiz uchun ahamiyati ham beqiyos. Uning doirasidagi xizmatlar, ishtirokchilarning mehmonxona, transport va ovqatlanish xarajatlari poytaxtimizdagi servis sohasining yana-da rivojlanishiga va mahalliy byudjet tushumlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Imzolangan yirik kelishuvlar esa kelajakda mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sishi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Albatta, Muhtaram Prezidentimizning ushbu forumda shaxsan ishtirok etib, dasturiy nutq so‘zlashi, global masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surishlari anjumanning siyosiy qiymatini yana-da oshiradi.
Davlatimiz rahbari forum mavzusining bejiz “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” deb nomlanganiga alohida eʼtibor qaratdilar. Chunki bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat, xalqaro institutlarning zaiflashuvi va savdo urushlari fonida iqtisodiy va investitsiyaviy barqarorlikni saqlab qolish juda mushkul vazifa. Shuningdek, hech qaysi davlat yangi marralarga sheriklarsiz, yakka holda erisha olmaydi. Yurtboshimizning investorlarga qarata: “O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz va yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz”, – degan so‘zlari xalqaro biznes elitasi uchun eng oliy va mustahkam kafolat bo‘ldi.
Prezidentimiz investorlar bilan ko‘p qirrali hamkorligimizni yana-da kengaytirish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldilar. Xususan, investorlar uchun huquqiy kafolatlar tizimini yana-da kuchaytirish masalasi eng asosiy vazifa etib belgilandi. Albatta, investor barqarorlik va qonun ustuvor bo‘lgan davlatlarga o‘z mablag‘larini yo‘naltiradi. Yurtboshimiz iqtisodiy institutlarni kuchaytirish, dunyoda eʼtirof etilgan mexanizmlarni joriy etish muhimligini taʼkidlab, ishtirokchilarga Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlarning qonuniy asoslari yaratilayotganini aytib o‘tdilar. Eng muhimi, bu markazda dunyo tan olgan va investorlar so‘zsiz ishonadigan Ingliz huquqi tizimi amal qiladi.
Bundan tashqari kapital bozorini rivojlantirish, islom obligatsiyalaridan foydalanish, strategik kompaniyalar aksiyalarini IPOga chiqarish, davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha aniq vazifalar va raqamlarga to‘xtalib, xorijiy investorlarni bunday yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga chorladilar. Shu bilan birga, Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning har bir hududi o‘ziga xos unikal sanoat, turizm va agrosanoat salohiyatiga ega ekanligini taʼkidlab, investorlarni hududlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishga daʼvat qildilar.
Xulosa qilib aytganda, ushbu anjumanda ilgari surilgan tashabbuslar Yangi O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati ko‘zida uzoq muddatli, ishonchli va strategik sherik sifatida yana bir bor namoyon etdi. Biz esa, parlament vakillari sifatida, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshiradigan, Prezidentimiz nutqida alohida qayd etilgan “Kapital bozori to‘g‘risida” hamda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ustida ishlab, ularning mustahkam qonuniy asoslarini tez fursatlarda yaratishni o‘zimizning eng ustuvor vazifamiz deb bilamiz.
Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati