667 19.06.2026
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining bugungi holati va kelgusi maqsadlarini ochib beruvchi muhim dasturiy chiqish bo‘ldi.
Mazkur nutqni tahlil qilar ekanmiz, uning asosiy mazmuni bir muhim g‘oya atrofida mujassam ekanini ko‘ramiz: O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal o‘sishini davom ettirish, aholi farovonligini oshirish va buning uchun xorijiy investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish.
Oddiy qilib aytganda, davlatimiz rahbari dunyo investorlariga murojaat qilib, O‘zbekistonda ishlash, sarmoya kiritish va biznes qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilayotganini ma’lum qildi.
Keltirilgan raqamlar ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ko‘rsatadi. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 150 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan. Yalpi ichki mahsulot hajmi keskin o‘sib, mamlakatning xalqaro iqtisodiy reytinglardagi o‘rni yaxshilangan. Bu faqat iqtisodchilar uchun emas, har bir fuqaro uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki investitsiya degani – yangi zavod va fabrikalar, yangi ish o‘rinlari, yuqori maoshli kasblar, zamonaviy texnologiyalar va aholi daromadlarining o‘sishi demakdir.
Davlatimiz rahbari nutqida alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri investorlar huquqlarini himoya qilish bo‘ldi. Buning uchun Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, xalqaro tijorat sudini joriy qilish va sarmoyadorlar uchun xalqaro standartlarga mos huquqiy kafolatlar yaratish rejalashtirilmoqda.
Bu nima uchun muhim? Chunki har qanday investor o‘z mablag‘ini kiritishdan oldin uning xavfsizligiga ishonch hosil qilishni istaydi. Qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlar qanchalik kuchli bo‘lsa, mamlakatga shunchalik ko‘p sarmoya keladi. Sarmoya ko‘paygani sari yangi ishlab chiqarish korxonalari va ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Nutqda iqtisodiyotning kelajagini belgilaydigan bir qator strategik sohalar ham alohida qayd etildi. Xususan, yuqori texnologiyali sanoat, kimyo tarmog‘i, mashinasozlik, farmatsevtika, robototexnika va elektrotexnika sohalari mamlakat iqtisodiyotining yangi o‘sish nuqtalari sifatida belgilanmoqda. Bu sohalarga investitsiya jalb qilinishi mamlakatimizda xomashyo eksport qilishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalariga ham katta e’tibor qaratdi. Bugungi kunda butun dunyoda aynan shu ikki yo‘nalish kelajak iqtisodiyotining asosi sifatida qaralmoqda. Masalan, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish orqali mamlakatning energiya xavfsizligi mustahkamlanadi, elektr ta’minoti yaxshilanadi va ekologik barqarorlik ta’minlanadi.
Sun’iy intellektni rivojlantirish esa ta’lim, tibbiyot, davlat xizmatlari va biznes sohalarida yangi imkoniyatlar ochadi. Eng muhimi, yoshlarimiz uchun zamonaviy va yuqori daromadli kasblarni o‘zlashtirish imkoniyatlari kengayadi.
Ushbu nutqning yana bir muhim jihati – transport va logistika sohasidagi yirik loyihalarga bag‘ishlangan qismi bo‘ldi. Prezidentimiz Markaziy Osiyoni dunyo bozorlari bilan bog‘laydigan temir yo‘l va transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. Bu loyihalar mamlakatimiz mahsulotlarini tashqi bozorlarga tez va arzon yetkazish imkonini beradi.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi uchun mustahkam huquqiy asos zarur.
Shu nuqtayi nazardan, Oliy Majlis tomonidan investitsiyalarni himoya qilish, kapital bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohalarini tartibga solishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari izchil davom ettiriladi.
Prezidentimizning mazkur nutqi faqat investorlarga qaratilgan murojaat emas. U mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi bosqichi uchun aniq maqsad va vazifalarni belgilab beruvchi muhim siyosiy-iqtisodiy dasturdir. Uning bosh maqsadi – O‘zbekistonga investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy texnologiyalarni olib kelish va eng muhimi, xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirishdan iboratdir.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati