Partiyaning yana bir tashabbusi amaliyotga ko‘chmoqda


527     22.06.2026

“Milliy tiklanish”ning ko‘p yillik tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Partiya bir necha yildan buyon kitobxon mahkumlarning jazo muddatini qisqartirish taklifini ilgari surib kelayotgan edi. 2025-yilda bu borada qonun loyihasi ishlab chiqilib, unda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan imtihonni topshirgan mahkumning jazo muddatini 3 kunga qisqartirish, shuningdek, yiliga ko‘pi bilan 10 ta kitob o‘qish mumkinligi belgilangan edi. Mazkur loyiha Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib, Senat tomonidan ham maʼqullangandi.

Joriy yilning 12-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, talabgorning test sinovi topshirishini nazorat qilib borish va natijalarini xulosa asosida tasdiqlash uchun muassasa xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tashkil etiladi. Komissiya yig‘ilishi qoida tariqasida yiliga kamida ikki marta – har yil fevral va avgust oylarida o‘tkazilishi belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida mahkumlar uchun maxsus adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi va har yili yangilanib boriladi. Mahkumlar o‘qigan kitoblari bo‘yicha maxsus elektron tizim orqali test sinovlaridan o‘tadi. Testlar 100 ballik tizim asosida baholanadi va muvaffaqiyatli natija qayd etilishi uchun kamida 70 ball to‘plash talab etiladi.

Test jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida muassasalarda maxsus komissiyalar tashkil etilib, uning tarkibiga muassasa xodimlari bilan bir qatorda jamoatchilik vakillari ham kiritiladi. Shuningdek, test sinovlari videokuzatuv vositalari orqali nazorat qilinadi. Mazkur tartib mahkumlarni kitobxonlikka jalb qilish, ularning maʼnaviy saviyasini oshirish hamda jamiyatga moslashuvini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarining barchasida kutubxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda o‘zbek, rus, ingliz tillarida 230 mingdan ortiq kitob, shuningdek, Brayl alifbosida nashr etilgan 214 733 nomdagi badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa kitoblar mavjud. Bu har bir muassasa uchun 20 mingdan ortiq kitob to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.

Olib borilgan tahlillarga ko‘ra, mahkumlar ko‘proq qiziqish bilan o‘qiydigan kitoblar orasida Tohir Malikning “Odamiylik mulki”, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” va “Dunyoning ishlari”, O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin” asarlari, jahon adabiyotidan esa F.Dostoyevskiyning “Telba”, “Jinoyat va jazo” asarlari, shuningdek, audiokitoblari ham bor.

Xorijiy tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, Braziliyada “Mutolaa orqali qutilish” dasturi federal qamoqxonalarda 2012-yilda tashabbus qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, tasdiqlangan ro‘yxatdagi har bir o‘qilgan kitob qamoq muddatini 4 kunga, ammo yiliga 48 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga qisqartirish belgilangan. Buning uchun mahbuslar adabiyot, falsafa, fan yoki mumtoz asarlarni tanlab, yiliga 12 tagacha kitob o‘qishi va o‘qigan kitoblari bo‘yicha insho yozishlari talab etiladi.

Italiyada esa kitob o‘qish uchun qamoq jazosini qisqartirish bo‘yicha qonun loyihasi 2014-yilda tashabbus qilingan edi. Unga ko‘ra, har bir o‘qilgan kitob uchun jazo muddati 3 kunga, bir yil davomida qamoq muddati 48 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qisqartiriladi. Yaʼni, mahkum 12 oyda 16 ta kitob o‘qishi kerak bo‘ladi. Bu taklif faqat jazo muddati kamida olti oy bo‘lgan mahkumlarga nisbatan qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan edi. Lekin qonun loyihasi maʼqullanmagan.

Qozog‘istonda esa 2021-yildan beri Qarag‘anda viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida bu sinov loyihasi sifatida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahkumlar taklif qilingan kitoblarni o‘qib, ularni komissiya oldida so‘zlab berishi va insho yozishi talab etiladi. Shundan so‘ng mahkumlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida xulosa chiqaradi. Bu saqlash sharoitlarini o‘zgartirish va muddatidan oldin ozod qilishiga taʼsir qiladi. Yevropa qamoqxonalarida ham turli reabilitatsiya va taʼlim dasturlari mavjud bo‘lsada, ammo kitob o‘qigani uchun jazoni qisqartirish bo‘yicha yagona qonun mavjud emas.

 

Shahnoza SULTONOVA,
partiya Markaziy kengashi shoʻba mudiri