Millat genofondini saqlashning muhim sharti


731     23.06.2026

Insoniyat boshiga turli balolar solib, jamiyatni tanazzulga olib boradigan, minglab norasida go‘daklarning mayib-majruh tug‘ilishiga sabab bo‘lib, guldek oilalarni parokanda qilayotgan bir illat bor. Bu — giyoxvandlik. Yanada ayanchlisi, uning oqibatida har soniyada dunyo miqyosida minglab insonlar hayotdan ko‘z yummoqda.

So‘nggi yillarda narkojinoyatchilik insoniyat uchun yangi global xavf-xatarga aylanmoqda. Afsuski, mazkur illat mamlakatimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Bunday jinoyatlarning shakl va turlari yildan-yilga ko‘payib, qamrovi ortib borayotgani narkojinoyat va giyohvandlikka karshi kurashishni kompleks ravishda tashkil qilish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham bu masalaga alohida to‘xtalib “Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh — bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo‘qotish, yoshlarimizda kuchli maʼnaviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz”, deya taʼkidlagan edi.

Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda giyohvandlik har bir millat kelajagi uchun eng katta tahdidga aylanmoqda. Birgina o‘tgan 2025 yilda yurtimizda 14 mingdan ziyod giyohvandlik jinoyatlari qayd qilinib, ularning 3 mingga yaqinini yoshlar sodir etgani achinarlidir. Keyingi 5 yilda respublikada bunday turdagi jinoyatlar 2 baravar, sintetik giyohvandlik vosi-talari hajmi 80 baravar ko‘paygan. Noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar miqdori 67 foiz o‘sganligi ham xavf ko‘lamining qanchalik katta ekanini ko‘rsatib turibdi.

Keyingi yillarda anʼanaviy narkotiklar o‘rnini yuqori texnologik usullarda tayyorlangan kimyoviy moddalar egallamoqda. Yoshlarning unga ruju qo‘yishi esa nafaqat sog‘likni saqdash tizimi, balki milliy xavfsizligimiz uchun ham jiddiy signaldir.

Eng yomoni, bu balo endi mamlakat ichida ham tayyorlanmoqda. 2024 yilda respublika hududida 5 ta g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2025-yilda 12 tani tashkil etgan.

Qonunchiligimizda amalda bo‘lgan giyohvandlik vositalarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsada, sintetik vositalar va ularni tayyorlash uchun ishlatiladigan prekursorlarning yashirin laboratoriyalarda ishlab chiqarilishi hamda internet tarmog‘i (narkodo‘konlar) orqali tarqatilishi bo‘yicha normalar yetarli darajada qatʼiy emas edi.

Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun sohaning huquqiy asosini takomillashtirish bilan birga, milliy xavfsizligimizni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Mazkur qonun bilan endilikda nafaqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarning analoglari, balki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning nokonuniy muomalasi uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Shuningdek, giyohvandlik vositalari yoki boshqa taqiqlangan moddalarni isteʼmol qilish yoki tarqatish maqsadida bangixona tashkil qilish yoki saqlash uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi.

Ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarni ushbu illatdan himoya qilish maqsadida taʼlim muassasalari, oromgohlar va talabalar yotoqhonalariga tutash hududlarda sodir etilgan narkojinoyatlar uchun jazo choralari yana-da og‘irlashtirildi. Ularning noqonuniy aylanmasiga homiylik qilgan shaxslarga 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.

Keyingi paytda giyohvandlik moddalari savdosi usullari ham o‘zgarib bormoqda. Endi jinoyatchilar anʼanaviy qo‘ldan-qo‘lga berish usulidan voz kechib, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi yashirin kanallar, “zakladka” tizimi orqali faoliyat yuritmoqda. Shu bois qonunda internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali giyohvandlik vositalarini tarqatish yoki targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik ham keskin kuchaytirildi.

Shuningdek, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik va uning faoliyatini taʼminlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilandi.

Amaldagi tartibdagidan farqli o‘laroq o‘ta og‘ir turdagi narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etishning bekor qilinishi esa bunday jinoyatchilikka nisbatan davlatning murosasizligini anglatadi. So‘nggi yillarda ushbu toifadagi jinoyatlarni takroran sodir etish holatlarining ortishi aynan mana shunday qatʼiy choralarni ko‘rishni taqozo qilmoqda.

Qonunchilikdagi bu o‘zgarishlar giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan. Eng muhimi, sog‘lom avlodni tarbiyalashda ushbu hujjatning ahamiyati beqiyos. Chunki millat genofondini saqlash doimiy eʼtibordagi masalalardan va bu uchun barchamiz masʼulmiz.

Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 23-iyundagi sonidan olindi