701 23.06.2026
Markaziy kengashda 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat boshqaruvi jarayonlariga yaqinlashtirish hamda xalqaro munosabatlar sohasida amaliy tasavvurlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda partiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, uning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni, parlament va mahalliy vakillik organlarida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, milliy qadriyatlar va zamonaviy siyosiy yondashuvlar uyg‘unligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar siyosatidagi ustuvor vazifalar hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bilan tanishtirildi.
Muloqotda xalqaro munosabatlar sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, global siyosiy jarayonlar, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik, diplomatik aloqalarning ahamiyati hamda yosh mutaxassislarning ushbu sohadagi o‘rni haqida fikr almashildi. Zamonaviy geosiyosiy muhitda bilim va amaliy ko‘nikmalarning ahamiyati tushuntirildi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Ular siyosiy jarayonlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr bildirib, mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.
Tadbir yakunida partiya tashabbuslarga ochiq ekani, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning siyosiy hamda intellektual salohiyatini rivojlantirishga tayyorligi ta’kidlandi. Shuningdek, faol yoshlar partiya g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirib, a’zolikka qabul qilindi.