Deputat faoliyatini hisobga olish platformasi yaratiladi


620     26.06.2026

Gulistonda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat, tuman va shahar Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova tadbirda so‘zga chiqib, deputatlar faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, ularning xalq bilan aloqasini kengaytirish, murojaatlar bilan ishlash, natijadorlikni taʼminlash va partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi haqida gapirdi. Shuningdek, respublika darajasidagi tizimli muammolarni aniqlashda mahalliy Kengash deputatlari hamda partiya fraksiyasi hamkorligini taʼminlash zarurligini qayd etdi.

– Sirdaryodagi deputatlik guruhlarimiz bu borada mamlakatimizdagi eng namunaviy hududga aylanishi kerak. Buning uchun imkoniyat ham, tajriba ham bor, – dedi Feruza Muhammedjonova.
 
Muhokamada so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Qulmatov partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari nazorat-tahlil faoliyatini kuchaytirish zarurligini, har bir deputatlik so‘rovi, eshituv va o‘rganish natijalari fraksiya faoliyati bilan uzviy bog‘lanib, parlament darajasida tizimli yechimlarga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan “Deputat faoliyatini hisobga olish platformasi”ni joriy etish, har bir deputatning o‘z hududida qatʼiy tasdiqlangan qabul kunlarini belgilash va uni OAV va mahalliy organlar orqali eʼlon qilish hamda qabul natijalarini elektron tizimga kiritib borish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Partiyaning Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Norbobo Soatov esa viloyatning Xovos, Sayxunobod va Sirdaryo tuman hamda Yangiyer shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari talab darajasida faoliyat ko‘rsatmayotganini taʼkidladi va o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan ayrim deputatlarni faollikka chaqirdi.

Yakunda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha har bir hudud kesimida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, deputatlar faoliyati samaradorligi doimiy monitoring qilib borilishiga oid chora-tadbirlar belgilandi.

Abu Muslim Usmanov