188 01.07.2026
Prezidentimiz yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvda ta’kidlaganidek: “Bugun davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda”.
Ushbu fikr, shubhasiz, bugungi yoshlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ya’ni. endilikda har bir yigit-qizning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va o‘z ustida muntazam ishlashi nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki mamlakat taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Quvonarlisi, O‘zbekiston yoshlari ushbu mas’uliyatni chuqur anglagani holda, yaratilgan imkoniyatlardan maqsadli va samarali foydalanishga harakat qilmoqda.
Buning isbotini kuyidagi raqmalarda ko‘rish mumkin. 1,5 million nafar yoshning muammolari “Yoshlar daftari” orqali hal etildi. Yosh tadbirkorlar soni 5 baravar oshib, 287 ming nafarga ko‘paydi. Xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yoshlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Shuningdek, yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 434 ta, sport musobaqalarida esa 2 245 ta medalni qo‘lga kiritgani yurtimiz yoshlari salohiyatining amaliy ifodasidir. Yana bir muhim ko‘rsatkich: tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida so‘nggi ikki yilda yoshlar jinoyatchiligi 2,5 baravar kamaydi. Bu natijalar yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuv va hamkorlik muhim samara berayotganini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz: “Lekin bu — yoshlar bilan bog‘liq barcha masalalar hal bo‘ldi, degani emas”, deya barcha mas’ul tashkilotlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ydi. Bu yondashuv yoshlar siyosati doimiy e’tibor va yangicha yechimlarni talab qiladigan ustuvor yo‘nalish ekanini ko‘rsatadi.
Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida mazkur uchrashuvda ilgari surilgan vazifalarni o‘z faoliyatim uchun muhim dasturulamal deb bilaman. Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tinglash va amaliy yechimlar ishlab chiqishda faol ishtirok etish barchamizning burchimizdir.
Ishonchim komil, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar va e’lon qilingan natijalar yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga, bilimli, tashabbuskor va mas’uliyatli avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Sharofiddin SHARIPOV,
Yoshlar parlamenti a’zosi