762 01.07.2026
"Milliy tiklanish" tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E'zozxon Karimovaga “Ta’lim tashkilotlarida yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
"Milliy tiklanish" fraksiyasi a'zosi Vasila Fayziyeva ta’kidlaganidek, deputatlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, “Tarbiya” fanini o‘qitishda raqamli ta’lim texnologiyalarining to‘liq integratsiya qilinmagani, tarbiyaviy tadbirlar bilan o‘quv jarayoni o‘rtasidagi uzviylik yetarli darajada ta’minlanmagani kuzatilyapti.
Tahlillar ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligi hududlar kesimida bir xil emasligini, ayrim muassasalarda tarbiyaviy ishlar ko‘proq tadbirbozlik shaklida tashkil etilayotganini ko‘rsatmoqda. Bu “oila–mahalla–maktab” zanjiridagi hamkorlikni yanada kuchaytirish va tarbiya tizimi samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Globallashuv va raqamlashtirish jarayonlari ta’sirida yoshlar ongiga turli mafkuraviy, madaniy va raqamli ta’sirlar kuchayib borayotgani esa yoshlar tarbiyasida axborotdan mas’uliyatli foydalanishga, shubhali ma’lumotlarni tanqidiy baholashga, milliy qadriyatlarni zamonaviy dunyoqarash bilan uyg‘unlashtirishga hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan samarali tarbiya mexanizmlarini joriy etishni talab etmoqda.
Ushbu jarayonda milliy tarbiya modelini raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirish, jumladan, “milliytarbiya.uz” platformasi orqali tarbiyaviy kontentni, metodik resurslarni, o‘quvchilar portfoliosini yuritish va ota-onalar bilan hamkorlik mexanizmlarini raqamlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekistonning Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish va uni joriy etish mexanizmlari, “Tarbiya” fani o‘quv dasturlari, darsliklari va metodik materiallarini Milliy tarbiya modeli asosida takomillashtirish, bu modelni joriy etish maqsadida pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, “milliytarbiya.uz” raqamli platformasini joriy etish, u orqali tarbiyaviy kontentni, metodik materiallarni, o‘quvchilar portfoliosini yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Albatta, "Milliy tiklanish" uchun ta'lim-tarbiya, maktabgacha va maktab ta’limi masalasi eng ustuvor maqsadlardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, mas'ul vazirlikdan bu borada yetarlicha javob olinganda, albatta jamoatchilikka e'lon qilinadi.