Yoshlarga ishonch – Yangi O‘zbekistonning eng katta sarmoyasi


934     02.07.2026

Bugun davlatlar o‘rtasidagi raqobat endi faqat tabiiy boyliklar, qudratli armiyalar yoki geografik hududlar bilan belgilanmayapti. XXI asrda mamlakatlarning haqiqiy kuchi bilimli, tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan yoshlar bilan o‘lchanmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, Yaponiya intizomli yoshlari bilan, Janubiy Koreya innovatsion tafakkuri bilan, Germaniya kasb-hunar ta’limi bilan, Singapur esa inson kapitaliga tayanib taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bugun dunyo yoshlariga shunchaki ish emas, imkoniyat, shunchaki diplom emas, zamonaviy bilim va texnologiyalar kerak.

Ayni shu haqiqatni chuqur anglagan Yangi O‘zbekistonda ham yoshlar masalasi davlat siyosatining markaziga qo‘yildi.  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti nafaqat bayram tabrigi, balki kelajak taraqqiyotining aniq strategiyasi, har bir yigit-qiz uchun yangi imkoniyatlar dasturi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Birgina “Yoshlar daftari” orqali 1,5 milliondan ortiq yoshning muammolari hal etildi. Yosh tadbirkorlar soni besh baravar oshdi. Xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar esa o‘zbek yoshlarining salohiyati naqadar ulkan ekanini butun dunyoga namoyon etdi.   

Prezidentimizning yoshlar masalasida ilgari surgan yangi tashabbuslari esa bu yutuqlarni yanada mustahkamlaydi. “Kelajak bilimlari ekotizimi”, “Kasb vaucheri”, “TOP-100” dasturi, “O‘zbekiston yoshlar ligasi”, sun’iy intellekt laboratoriyalari, yangi IT parklar, yosh tadbirkorlarni milliardlab mablag‘lar bilan qo‘llab-quvvatlash, xorijda ta’lim olayotgan vatandosh yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – bularning barchasi O‘zbekiston yoshlari uchun ilgari tasavvur qilish qiyin bo‘lgan imkoniyatlardir.

Alohida e’tiborga loyiq jihati shundaki, Prezidentimiz yoshlarni faqat bilimli bo‘lishga emas, balki milliy qadriyatlarga sodiq, Vatanga muhabbatli, tashabbuskor va mas’uliyatli inson bo‘lib kamol topishga da’vat etdi. Bugun Uchinchi Renessans haqida ko‘p gapiramiz. Avvalo Renessans bilimli insonlar bilan bunyod etiladi. Uni yaratadigan kuch – bugungi maktab o‘quvchisi, talaba, yosh olim, muhandis, shifokor, dasturchi va tadbirkordir. 

Yoshlar bilan uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarning barchasini yagona g‘oya birlashtirib turibdi: yoshlarga ishonch bildirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish. Bu ishonch har bir vazir, hokim, deputat, rahbar va ustoz zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Yoshlar bilan ishlash endi faqat alohida tashkilotlarning vazifasi emas, balki jamiyatning umumiy burchiga aylanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarning qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash, ularning joylarda to‘liq va samarali amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish hamda yoshlarning har bir taklif va tashabbusini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Chunki bugun yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat — ertangi Yangi O‘zbekistonning poydevoridir.

 

Maxsud MUXAMMEDOV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati