Yoshlar — Yangi O‘zbekiston drayveri!


345     02.07.2026

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tkazgan navbatdagi ochiq va samimiy muloqoti tom ma’noda Yangi O‘zbekistonning ertangi kunini belgilab beruvchi tarixiy voqea bo‘ldi. Prezidentimiz so‘zining avvalida yurtimizning barcha yigit-qizlarini bayram bilan samimiy tabriklarkan, islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini ta’kidladi.

Chunki bugungi kunda davlatlar hududi bilan emas – bilimi bilan, aholi soni bilan emas – texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas – inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Shu bois kelajagimiz egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash eng to‘g‘ri va oqilona qarordir.

Shu ma’noda, bu shunchaki bayram tabrigi yoki an’anaviy uchrashuv emas. Balki yurtimizda inson kapitalini rivojlantirish, navqiron avlod vakillarining ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan strategik dasturulamal bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Imkoniyatlarning yangi bosqichida Prezidentimiz tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlagan holda, ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash, raqamli texnologiya va startaplar sohasiga keng jalb etish bo‘yicha juda muhim tizimli yechimlar ilgari surildi. Bu o‘z-o‘zidan yashirin iqtisodiyot ko‘lamini kamaytirish va yosh avlod o‘rtasida rasmiy bandlik madaniyatini shakllantirishda ustuvor omil bo‘lib xizmat qiladi.

Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar, ayniqsa, IT-texnologiya va xorijiy tillarni mukammal o‘rganish uchun yaratilayotgan sharoitlar yurtimizning global raqobatbardoshligini ta’minlaydigan eng muhim omil hisoblanadi. Yoshlarning bilim olishiga sarmoya kiritish bu – mamlakatning ertangi barqaror rivojlanishiga qo‘yilgan eng mustahkam poydevordir.

Albatta, Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar masalasida belgilab berilgan har bir vazifa, har bir imtiyoz va imkoniyatning joylarda, ayniqsa, chekka qishloq va mahallalarda qay darajada ishlayotganini nazorat qilish biz – deputatlarning birlamchi vazifamizdir. Qonunchilik palatasi deputatlari qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etib, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning tadbirkorlik tashabbuslari yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlarni muntazam takomillashtirib borishi zarur.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, kun sayin o‘zgarib borayotgan o‘ta murakkab sharoitda farzand tarbiyasiga har qachongidan ham e’tiborli bo‘laylik, bunga hamisha mas’uliyat bilan qaraylik!

 

Go‘zal SAMIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati