Mintaqalararo sheriklik istiqbolida muhim qadam


731     03.07.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi nafaqat ikki mamlakat munosabatlari, balki butun Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasi nuqtayi nazaridan ham muhim siyosiy voqeadir. Bu tashrifni yangi geoiqtisodiy yo‘nalishlarni shakllantiruvchi strategik qadam sifatida baholash maqsadga muvofiq.

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarining rasman o‘rnatilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchning yuqori bosqichga chiqqanini anglatadi. Bu iqtisodiy, infratuzilmaviy va gumanitar sohalarda uzoq muddatli hamkorlikning yangi arxitekturasini yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, imzolanishi kutilayotgan strategik sheriklik deklaratsiyasi o‘z mazmuniga ko‘ra kompleks hujjat hisoblanadi. U iqtisodiyot, transport, raqamlashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi yo‘nalishlarni bir tizimga bog‘lab, o‘zaro integratsiyalashgan hamkorlik modelini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni institutsional hamkorlik bosqichiga olib chiqadi. Ayniqsa, 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo dasturning qabul qilinishi amaliy jihatdan juda muhim. Chunki u umumiy niyatlardan aniq loyihalarga o‘tish imkonini beradi.

Savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish bu hujjatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Transport va logistika sohasidagi tashabbuslar esa ushbu hamkorlikning “harakatlantiruvchi quvvati” sifatida namoyon bo‘lmoqda. “e-permit” elektron tizimi va “yashil yo‘lak” mexanizmlari joriy etilishi yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonni mintaqaviy logistika zanjirida yanada muhim o‘ringa olib chiqadi.

Tashrif davomida ta’lim, ilm-fan, raqamli texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida imzolanishi ko‘zda tutilgan hujjatlar inson kapitali va jamiyatlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Bu yo‘nalishlar strategik sheriklikni faqat davlatlararo emas, balki millatlararo ishonch va yaqinlik darajasiga ko‘tarishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu tashrif O‘zbekiston hamda Gruziya munosabatlarini yangi siyosiy va iqtisodiy realliklar sharoitida qayta shakllantirishga zamin yaratadi. Bu jarayon esa mintaqalarimizda yangi hamkorlik formatlarining vujudga kelishiga ham turtki bo‘ladi.

 

Zumrad BEKATOVA,

Senator