1232 03.07.2026
Bugun dunyo davlatlari o‘rtasidagi raqobat tabiiy resurslar yoki geografik ustunliklar bilan emas, avvalo, inson kapitali, bilim va innovatsiyalar salohiyati bilan belgilanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, oliy ta’lim sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat ta’lim tizimi modernizatsiyasiga, balki mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasini ta’minlashga xizmat qilmoqda, desak, ayni haqiqat.
So‘nggi sakkiz yil davomida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi haqiqiy transformatsiya jarayonini boshdan kechirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yilda 18 — 23 yoshli aholining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 7,2 foiz bo‘lgani holda, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga yaqinlashdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ta’lim sohasidagi islohotlarning natijasi o‘laroq oxirgi o‘n yillikda mamlakatda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb uch barobarga oshib, 207 tani tashkil etmoqda. Davlat universitetlari bilan bir qatorda 74 ta xususiy va 32 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari ham ta’lim bozoriga kirib keldi. Bu esa ta’lim sifati uchun sog‘lom raqobat muhiti, demakdir.
Ayniqsa, qabul tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar aholi tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan islohotlardan biri bo‘ldi. Chunki ilgari abituriyentlar faqat bitta oliy ta’lim muassasasini tanlar, hujjat topshirish jarayoni va bir kunda bo‘lib o‘tadigan qabul imtihonlari ancha-muncha noqulayliklarni tug‘dirar edi.
Bugun esa raqamlashtirish tufayli barcha jarayon onlayn formatga o‘tkazildi, qiyinchiliklar ortda qoldi. Abituriyentlar uyidan chiqmasdan yoki mamlakatning turli hududlarida istalgan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi, imtihon natijalariga ko‘ra beshtagacha ta’lim yo‘nalishi va oliy ta’lim muassasasini tanlashi mumkin.
Shu o‘rinda mavzu bilan bog‘liq raqamlarga to‘xtalsak. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab to shu kungacha talabalikka qabul qilinganlar sonida muntazam o‘sish kuzatilgan. Xususan, 2020/2021 o‘quv yilida 173,5 ming nafar yosh talabalik baxtiga erishgan bo‘lsa, 2024/2025 o‘quv yilida ularning soni 381,7 ming nafarni tashkil etgan.
Talabalar soni ham izchil o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Xususan, 2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlar soni 1 mln. 607 ming nafardan ortdi. Bu mamlakat oliy ta’lim tizimi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, bir yil ichida talabalar 102 ming nafardan oshib 7,1 foizga ko‘paygan. Respublikasimizdagi turli oliy o‘quv yurtlarini bitirgan yoshlar soni esa ilk bor 1,5 millionlik marrani zabt etgan.
Oliy ta’lim sohasidagi islohotlarning yana bir muhim jihati — iqtidorli yoshlarni (masalan, xalqaro sertifikatlarga ega yigit-qizlarni, fan olimpiadalari g‘oliblari, sport musobaqalari sovrindorlari va davlat mukofotlari sohiblarini) qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirildi. Buning zamirida esa muhim strategik maqsad yotadi. Ya’ni davlat yoshlarni nafaqat bilim olishga, balki xalqaro maydonda raqobatlasha oladigan darajada o‘z ustida ishlashga rag‘batlantirmoqda. Natijada yoshlar orasida xalqaro sertifikatlar olish, xorijiy tillarni o‘rganish, ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqish sezilarli darajada ortdi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda xotin-qizlarning oliy ta’limdagi ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilgari ta’lim olish imkoniyati cheklangan minglab qizlar bugun davlat tomonidan yaratilgan grantlar, imtiyozli ta’lim kreditlari va maqsadli kvotalar orqali talabalik baxtiga muyassar bo‘lmoqda. Bugun oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba qizlar ulushi 50 foizdan ortgani gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan siyosatning amaliy natijasidir.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar esa adolatli jamiyat qurish tamoyillarining amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Sohadagi islohotlarning navbatdagi bosqichi ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq. Qamrovni kengaytirish vazifasi muayyan darajada hal etilgan ekan, endi asosiy e’tibor ta’lim mazmunini mehnat bozori talablariga moslashtirish, universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirish va akademik mustaqilligini kengaytirishga qaratilmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlardan biri — mamlakatni mintaqadagi ta’lim va ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish. Buning uchun universitetlarning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini kuchaytirish va xususiy sektor bilan hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi global iqtisodiyotda universitetlar nafaqat ta’lim beruvchi muassasa, balki innovatsiyalar markazi sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Shu bois oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va texnologik salohiyatini oshirish mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Bugun universitet eshiklari minglab yoshlar uchun keng ochilgan ekan, ertaga aynan ular mamlakat iqtisodiyoti, davlat boshqaruvi, ilm-fan va innovatsiyalar sohasining yetakchi kuchiga aylanadi.
Shu ma’noda, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarga nafaqat bir sohadagi o‘zgarish, balki Yangi O‘zbekistonning intellektual kelajagini barpo etishga qaratilgan tarixiy ahamiyatga ega siyosiy jarayon sifatida baholanishi lozim. Zero, mamlakat taraqqiyotining eng ishonchli kafolati — bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni his qiladigan yosh avloddir.
Odiljon MAMATKARIMOV,
Senator