560 03.07.2026
“Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi. Ular uchun yaratilayotgan har bir imkoniyat mamlakatning ertangi taraqqiyotiga qaratilgan sarmoyadir”. Ushbu taʼkid so‘nggi yillarda bejiz ko‘p tilga olinmayapti. Haqiqatan ham yoshlar mamlakatitmizning bebaho xazinasi, Yangi O‘zbekiston islohotlari natijadorligini taʼminlovchi eng katta kuchdir.
Taʼkidlash lozim, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Kelajagimiz egalarining bilim olishi, kasb egallashi, bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi hamda o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratildi, yartilmoqda. 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimizning mamlakat yoshlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti esa ushbu yo‘nalishdagi ishlarga yangicha ruh, yangicha kuch-quvvat bag‘ishladi.
Har tomonlama bilimli, tashabbuskor, harakatchan va vatanparvar yoshlar Yangi O‘zbekiston drayveri hisoblanadi. Ana shu talabdan kelib chiqib, so‘nggi yillarda yoshlarga zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishga har qachongidanda katta eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, texnikumlarda xususiy sektor ishtirokining kengaytirilishi, litsenziya talablarining soddalashtirilishi hamda yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat grantlari ajratilishi taʼlim sohasida raqobat muhitini kuchaytirib, yoshlar uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratadi.
Bugun xorijiy tillarni mukammal biladigan 650 mingdan ziyod yoshlar bor. Bu katta intellektual salohiyat mamlakatimiz tarixi, madaniy merosi, turizm va eksport imkoniyatlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda “raqamli kontent” platformasining ishga tushirilishi hamda har yili ushbu yo‘nalishga 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi raqamli texnologiyalar orqali O‘zbekistonning ijobiy imijini dunyoga keng targ‘ib qilish imkonini beradi.
Yoshlar bandligini taʼminlash masalasi ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanali. Prezidentimiz oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun muhim soliq imtiyozini eʼlon qildi. Endi yosh mutaxassislarga nisbatan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bir yil davomida atigi 1 foiz etib belgilanadi. Bu tashabbus qariyb 200 ming nafar bitiruvchining mehnat bozoriga tez va samarali kirib borishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu kabi tashabbuslar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va iqtidorini ro‘yobga chiqarish, munosib ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Bu islohotlar nafaqat bugungi yoshlar, balki Yangi O‘zbekistonning ertangi taraqqiyoti uchun ham mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati