Otalar kunini keng nishonlash nega muhim?


683     07.07.2026

Bugungi kunda oila institutini mustahkamlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda ona bilan bir qatorda otaning ham o‘rni, masʼuliyati va jamiyat taraqqiyotidagi hissasini munosib eʼtirof etish muhim hisoblanadi.

Tariximizga nazar tashlasak, o‘zbek oilalarida ota tarbiya ustuni, masʼuliyat va intizom timsoli, avlodlar davomiyligini taʼminlovchi asosiy maʼnaviy tayanch sifatida eʼtirof etilgan. Asrlar davomida xalqimiz ota shaxsida farzand uchun ibrat, jasorat, mehnatsevarlik, halollik va vatanparvarlik namunasini ko‘rgan. Shu bois ham otaga hurmat ko‘rsatish, uning mehnati va fidoyiligini qadrlash milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Otaning farzand tarbiyasidagi faol ishtiroki nafaqat bir oilaning barqarorligiga, balki butun jamiyatning maʼnaviy sog‘lomligi va kelajak taraqqiyotiga xizmat qiladi. Masʼuliyatli, bilimli va komil insonlarni tarbiyalash avvalo mustahkam oila muhitida shakllanadi. Bunday muhitda esa ota mehri, maslahati, nazorati va shaxsiy namunasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois otalik maqomini yuksaltirish va uni munosib eʼtirof etish nafaqat oila manfaati, balki davlat va jamiyatning uzoq muddatli taraqqiyotiga qaratilgan muhim ijtimoiy vazifadir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, jamiyatimizda Otalar kunini keng nishonlash yoki alohida eʼtirof etish tashabbusi qanchalik adolatli va huquqiy asosli? Bu gender tenglik tamoyillariga mos keladimi? Milliy qadriyatlarimizga xizmat qiladimi?

Bu savollarga ijobiy javob berish uchun huquqiy, tarixiy va maʼnaviy asoslar yetarli. Gender tenglik - ikki tomonning ham qadrini eʼtirof etish demakdir. Bugun gender tenglik nafaqat ijtimoiy g‘oya yoki siyosiy shior sifatida, balki mamlakatimiz huquqiy tizimining muhim konstitutsiyaviy tamoyili sifatida mustahkamlangan. Xususan, Konstitutsiyaning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deb aniq belgilangan. Shuningdek, mazkur konstitutsiyaviy qoida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda yanada rivojlantirilib, davlat tomonidan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashning huquqiy mexanizmlari belgilab berilgan.

Xalqimiz otaga hurmatni hamisha yuksak qadriyat sifatida eʼtirof etgan. “Otang rozi - Xudo rozi”, “Ota uyning ustuni” kabi xalq maqollari ham otaning oila va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini yaqqol ifodalaydi. Shu bois, otaga ehtirom ko‘rsatish g‘oyasi biz uchun yangi yoki tashqi taʼsir natijasi emas, balki ko‘p asrlik milliy anʼanalarimiz va maʼnaviy merosimizga tayangan qadriyatdir.

Milliy qadriyatlar va huquqiy davlat uyg‘unligi Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Konstitutsiyamizda ham davlatning milliy va maʼnaviy qadriyatlarni muhofaza qilishiga oid muhim qoidalar mustahkamlangan. Otalar kunini keng nishonlash tashabbusi ham milliy qadriyatlarimizning zamonaviy huquqiy ifodasi sifatida baholanishi mumkin. Bu tashabbus otalik institutini mustahkamlaydi, erkaklarning oila oldidagi masʼuliyatini oshiradi, farzand tarbiyasida ota ishtirokini rag‘batlantiradi, oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi, yosh avlodda kattalarga hurmat tuyg‘usini shakllantiradi.

Xorij tajribasi nima deydi? Dunyoning ko‘plab davlatlarida Otalar kuni milliy darajada nishonlanadi. Jumladan AQSHda 1972-yildan milliy bayram sifatida, Kanada va Avstraliyada davlat miqyosida, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda keng nishonlanib kelinmoqda. Mazkur mamlakatlarda Otalar kunining asosiy maqsadi erkaklarning oila va farzand tarbiyasidagi ishtirokini kuchaytirish, oila mustahkamligini taʼminlash hamda ijtimoiy masʼuliyatni oshirishdan iborat. Xalqaro tadqiqotlar ham otalarning farzand tarbiyasidagi faol ishtiroki bolalarning taʼlimdagi muvaffaqiyati, psixologik barqarorligi va ijtimoiy moslashuviga ijobiy taʼsir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda. Tarixiy merosimizda ota maqomi Sharq davlatchiligi va huquqiy tafakkuri tarixida ham ota obro‘si alohida qadrlangan. Abu Nasr Forobiy komil jamiyatning asosi tarbiya ekanini taʼkidlagan bo‘lsa, Alisher Navoiy ota-onaga hurmatni inson kamolotining muhim mezoni sifatida ko‘rsatgan. Amir Temur davlatida ham oila va avlod tarbiyasi davlat mustahkamligining asosiy omillaridan biri hisoblangan. “Temur tuzuklari” asari davlat qanday qurilishi, jamiyat qanday yuksalishi va taraqqiyot qanday taʼminlanishi haqidagi muhim siyosiy-huquqiy va maʼnaviy qarashlarni o‘zida mujassam etgan. Asarda oila, farzand tarbiyasi, kattalarga hurmat va avlodlar vorisligi davlat mustahkamligining asosiy omillaridan biri sifatida talqin qilinadi. Shu nuqtai nazardan, otaga ehtirom ko‘rsatish va uning jamiyat hamda oila hayotidagi o‘rnini eʼtirof etish g‘oyasi milliy davlatchilik anʼanalarimiz va maʼnaviy merosimizning uzviy qismi hisoblanadi.

Bu borada otalik institutini qo‘llab-quvvatlash va uning ijtimoiy ahamiyatini keng targ‘ib qilish mamlakatning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Zero, kuchli oila - kuchli jamiyatning, kuchli jamiyat esa kuchli davlatning mustahkam poydevoridir. Otaga bo‘lgan hurmat ana shu poydevorning muhim ustunlaridan biri hisoblanadi.

Eng muhimi, otalar kunini nishonlash faqatgina bayram yoki rasmiy sana sifatida emas, balki milliy qadriyatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiluvchi maʼnaviy anʼana sifatida qaralishi lozim. Milliy qadriyatlarimizni saqlab qolish va ularni kelajak avlodlarga yetkazishda ramziy bayramlar muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, otalar kunini nafaqat rasmiy sana, balki oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va avlodlar vorisligini taʼminlash kuni sifatida ham ko‘rish maqsadga muvofiqdir. Masalan, ushbu kunda barcha farzandlar ota davrasida jam bo‘lib, uning duosini olishi, hol-ahvolidan xabar olishi, bir dasturxon atrofida yig‘ilib suhbat qurishi kabi go‘zal anʼanalarni keng targ‘ib etish muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Xalqimizda “Ota bor uyda baraka bor”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Agar onalar kuni mehr va muhabbat bayrami sifatida qabul qilinsa, otalar kunini ota davrasiga qaytish, ota roziligi va duosini olish kuniga aylantirish mumkin. Bu nafaqat oilaviy birlikni mustahkamlaydi, balki farzandlarda masʼuliyat, kattalarga hurmat va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini ham kuchaytiradi. Zero, jamiyatning mustahkamligi oiladan, oilaning mustahkamligi esa ota qadri ulug‘langan xonadonlardan boshlanadi.

 

Feruza Muxitdinova,

Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati