Ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori


922     08.07.2026

Bugungi globallashuv sharoitida dunyo misli ko‘rilmagan geosiyosiy, mafkuraviy va ma’naviy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Turli mintaqalarda davom etayotgan qurolli mojarolar, diniy ekstremizm, radikalizm, islomofobiya va o‘zaro ishonchsizlikning kuchayishi insoniyat oldiga tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning yangi yechimlarini izlash vazifasini qo‘ymoqda. Bunday murakkab sharoitda xalqlarni birlashtiradigan, sivilizatsiyalarni yaqinlashtiradigan eng buyuk kuch bu – ilm-ma’rifat, tarixiy xotira, bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlardir.

Ana shu ezgu g‘oyalar O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumining bosh g‘oyasini tashkil etmoqda. Dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan taniqli olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, davlat va jamoat arboblari, diniy ulamolar hamda ekspertlarni jamlagan ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ma’rifiy tashabbuslari tobora keng e’tirof etilayotganining amaliy tasdig‘idir.

Bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi”, deyiladi Prezidentimizning Forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida.

Mazkur fikr Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining g‘oyaviy negizini, shuningdek, mamlakatimiz ilgari surayotgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyilining bugungi davrdagi dolzarbligini yana bir bor namoyon etadi.

Shu bilan birga Prezidentimiz: “Biz bu yangi Uyg‘onish davrini ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim, jamiyatning ma’naviy-intellektual o‘sishi, boy tarixiy merosimizga chuqur hurmat va har bir insonning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichi sifatida ko‘ramiz”, deya ta’kidladi o‘z murojaatida.

Darhaqiqat, bugungi Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans poydevorini aynan ilm-fan, ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash asosida bunyod etmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi partiya mafkurasining asosini milliy qadriyatlarni asrash, tarixiy merosni chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy xazinani yosh avlod tafakkuriga singdirish, milliy o‘zlikni mustahkamlash hamda ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyalari tashkil etadi.

Bugun yurtimizda islom sivilizatsiyasining boy merosini asrash va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati, tarixiy qadamjolarni qayta tiklash, nodir qo‘lyozmalarni tadqiq etish va ilmiy muomalaga kiritish borasidagi keng ko‘lamli ishlar buning yaqqol ifodasidir.

Xususan, Samarqandda Imom Buxoriy memorial majmuasining yangidan bunyod etilishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olami uchun yirik ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan yuksak ehtiromning amaliy namunasidir.

Mamlakatimizning yana bir muhim ustunligi bu – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitidir. Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik asosida istiqomat qilmoqda. Fuqarolar 16 ta diniy konfessiya doirasida o‘z e’tiqodini erkin amalga oshirish imkoniyatiga ega. Bu esa Konstitutsiyamizda belgilangan vijdon erkinligi tamoyillarining amaliy ifodasidir.

Forum davomida ilgari surilayotgan ilmiy tashabbuslar, qo‘shma tadqiqotlar, ta’lim dasturlari va gumanitar loyihalar O‘zbekistonning jahon ilmiy hamjamiyati bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining Sharq va G‘arbni, tarix va zamonaviy ilm-fanni bog‘lovchi intellektual maydonga aylanayotgani mamlakatimizning xalqaro nufuzini yuksaltirmoqda.

Islom sivilizatsiyasi merosi faqat tarixiy yodgorlik emas, balki millatning ma’naviy immunitetini mustahkamlaydigan, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asraydigan, ilm-fan va bunyodkorlikka chorlaydigan bebaho xazinadir. Aynan shu meros Uchinchi Renessansning g‘oyaviy poydevorini tashkil etadi.

 

Keldiyorov Elyor,

O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi sho‘ba mudiri