830 08.07.2026
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida yoshlarni milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va yuksak maʼnaviyat ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasidagi ishlar yuzasidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi hamda Toshkent shahar Kengashi vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari mahalliy Kengash deputatlari hamrohligida Uchtepa tumanidagi 74-sonli umumtaʼlim maktabi qoshida faoliyat yuritayotgan “Lochin” yozgi oromgoh faoliyatini joyiga chiqib o‘rgandilar.
O‘rganishlar davomida oromgohda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv-tarbiyaviy jarayon, xavfsizlik choralari, moddiy-texnik baza, sport va o‘yin maydonchalari, mashg‘ulot xonalari hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi tahlil qilindi. Shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, maʼnaviy-maʼrifiy, sport, kitobxonlik va ijodiy mashg‘ulotlarning sifatiga alohida eʼtibor qaratildi. Maʼlum qilinishicha, oromgoh har kuni soat 09:00 dan 12:00 gacha faoliyat yuritib, 70 nafardan ziyod o‘quvchi qamrab olingan. Ular uchun ingliz tili, musiqa, yo‘l harakati qoidalari va qo‘l mehnati bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan. Mashg‘ulotlarga xalqaro tajribaga ega mutaxassislarning jalb etilishi o‘quvchilarning bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida eʼtirof etildi.
Shu bilan birga o‘rganishlar jarayonida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ham bildirildi. Xususan, milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi tadbirlar, harakatli milliy o‘yinlar, kitobxonlik muhitini yanada kuchaytirish, shuningdek, yoshlarning qiziqishi va iqtidoriga mos to‘garaklar qamrovini kengaytirish yuzasidan masʼullarga tegishli tavsiyalar berildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi uchun yoshlar tarbiyasi – kelajak taraqqiyotining eng muhim omilidir. Shu bois partiyadan saylangan deputatlar yoshlarning mazmunli taʼtili, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar va davlat dasturlari ijrosini doimiy deputatlik nazoratida bo‘lishini o‘zlarining muhim vazifalaridan deb biladi.
Bu kabi monitoring va tahliliy o‘rganishlar yozgi taʼtil davomida respublikaning barcha hududlaridagi taʼlim muassasalari va bolalar oromgohlarida davom ettirilib, aniqlangan muammolar yuzasidan deputatlik so‘rovlari, taklif va tavsiyalar orqali ularning bartaraf etilishi taʼminlanadi.
Muxlisa Ergasheva,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i