Yangi O‘zbekiston darvozalari keng ochilmoqda


1584     09.07.2026

Parlament diplomatiyasi ayni paytda O‘zbekistonning tashqi siyosatini amalga oshirish, xalqaro nufuzini kuchaytirish hamda milliy manfaatlarini himoya qilishda Oliy Majlisning eng muhim vositasiga aylandi. 2025 yilning aprelida Toshkentda Parlamentlaro ittifoq 150-assambleyasi, joriy yilning mayida esa Samarqandda Osiyo xotinqizlari forumining o‘tkazilishi, shuningdek, ko‘plab davlatlar delegatsiyalarining tashrifi ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Yaqinda Qonunchilik palatasiga Indoneziya Respublikasi Xalq maslahat kengashi raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi deputatlarning tashrifi ham o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ma’lumki, Indoneziya aholi soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rindagi (280,9 mln.) eng yirik musulmon davlatidir. Mazkur mamlakat strategik joylashuvi, boy tabiiy va inson resurslari, shuningdek, so‘nggi o‘n yillikdagi barqaror iqtisodiy taraqqiyoti tufayli ASЕAN davlatlari orasida yetakchi hisoblanadi.

Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yilning 23 iyunida o‘rnatilgan. 2019 yilda savdo aylanmasi 43.9 mln AQSH dollarni tashkil etgan. 2025 yilning yakunida esa bu raqam 150 mln dollardan oshgan. Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvda janob Ahmad Muzani Indoneziya O‘zbekistondan uzoqda joylashgan bo‘lsa ham, qalban juda yaqin ekanini ta’kidlagan edi. O‘sha uchrashuvda nufuzli mehmon o‘zaro munosabatlar tarixi XIV asrning oxirlarida Samarqandda tavallud topgan Mavlono Malik Ibrohim AsSamarqandiy nomi bilan bog‘liq ekanini, mashhur zot JanubiSharqiy Osiyoga, xususan, Indoneziyaning eng yirik va markaziy oroli bo‘lmish Yavaga islom dinining kirib borishi va keng yoyilishiga bosh-qosh bo‘lganini yodga olgandi. Xalq maslahat kengashi raisi Samarqand bilan bog‘liq yana bir voqeani so‘zlab berdi: Indoneziyaning birinchi Prezidenti, dunyo miqyosidagi yirik siyosiy arbob Ahmad Sukarnoning 1956 yilda Samarqandga – Imom Buxoriy qadamjosiga tashrifi nafaqat O‘zbekiston-Indoneziya munosabatlarida, balki Imom Buxoriy majmuasining bugungi kungacha saqlanib qolishida ham muhim ahamiyat kasb etgan. Darhaqiqat, 1956 yilda Prezident Sukarno sobiq Ittifoqqa rasmiy tashrif bilan kelishdan oldin o‘ziga xos shart qo‘yadi. U Samarqandga borishni va buyuk muhaddis Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilish xohishini bildiradi. O‘sha davrdagi mafkura tufayli Imom Buxoriy qabri qarovsiz, tashlandiq holatda edi. Shu sababli ittifoq rahbariyati Sukarnoni Samarqandga borish ahdidan qaytarishga urinadi. Ammo Indoneziya Prezidenti poyezdda bo‘lsa ham O‘zbekistonga borib, Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish qarorida qat’iy turadi va kuchli musulmon davlati boshlig‘ining bu istagini rad eta olmagan o‘sha paytdagi sobiq Ittifoq rahbariyati qabrni topish bo‘yicha topshiriq beradi va ziyorat uchun hududni qisqa muddatda tartibga keltirishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa Sukarno O‘zbekistonga tashrif buyurgan ilk ziyoratchisayyoh sifatida tarixda qoldi.

Aynan yuqoridagi voqealar tufayli O‘zbekiston indoneziyaliklar yuragida Imom Buxoriyning yurti sifatida alohida joy olgan va bu xalqning mamlakatimizga bo‘lgan hurmati cheksizdir.

Shu ma’noda ham O‘zbekiston yetakchisining tashabbusi bilan Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasining qayta barpo etilishi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi mamlakatimizning musulmon dunyosi, xususan, Indoneziya bilan munosabatlarida mutlaqo yangi davrni boshlab bermoqda. Indoneziyaliklar uchun bu maskanlar shunchaki me’morchilik obidalari emas, balki ularning qalbi va e’tiqodi bilan bog‘liq eng tabarruk qadamjolardir. Indoneziya jamoatchiligi va diniy ulamolari O‘zbekistonning bunday sayi-harakatlarini butun islom olami merosiga ko‘rsatilgan oliy hurmat sifatida qabul qilmoqda.

Uchrashuvda ushbu yangi majmualar negizida Indoneziyadan O‘zbekistonga kelayotgan ziyoratchilar oqimini keskin oshirish va «Umra +» dasturini yo‘lga qo‘yish, Toshkent va Jakarta o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni boshlash, logistika infratuzilmasini yaxshilash va «Halol» turizm standartlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borish muhimligi ta’kidlandi. Ishonchimiz komilki, Qonunchilik palatasidagi navbatdagi uchrashuv O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi parlament aloqalarini yanada faollashtirish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) hududiga O‘zbekiston mahsulotlari eksportini kengaytirishda ham muhim geoiqtisodiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

 

Nodir Tilavoldiyev,

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari o'rinbosari