914 10.07.2026
Zamonaviy siyosatshunoslikda har qanday davlatning rivojlanish trayektoriyasini jamiyat hamda davlat o‘rtasidagi muloqotning qay darajada ochiq va konstruktivligi belgilaydi.
Biz bugun 2017-yildan boshlangan islohotlarni faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘indisi emas, balki davlat, fuqarolik institutlari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni qayta qurishga qaratilgan siyosiy jarayon sifatida ko‘ra boshladik. Ilgari asosan davlat boshqaruvi ustuvorligi orqali ifodalangan yondashuvlar bugunga kelib, o‘z o‘rnini bosqichma-bosqichlik asosida «inson qadri», «ochiq muloqot», «hisobdorlik» kabi demokratik tamoyillarga bo‘shatib bermoqda.
Shu ma’noda ham 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat rivojini jadallashtirish, barcha sohalarni liberallashtirishning institutsional dasturiga aylandi, desak xato bo‘lmaydi. 2023 yili qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi esa ushbu tajribani uzoq muddatli va barqaror rivojlanishning mutlaqo yangi modeliga aylantirdi.
Yangi O‘zbekiston islohotlarining eng muhim xususiyati shundaki, ularning markazidan «shaxs – jamiyat – davlat» munosabatining ilg‘or formulasi joy oldi. Avvalgi yondashuvda ko‘proq davlat boshqaruvi ustuvorligi ko‘zga tashlangan bo‘lsa, yangi bosqichda demokratik tamoyillar davlatchilik mezoniga aylandi. Shu ma’noda, bu davrni shunchaki islohotlar emas, balki milliy davlatchilik tizimi falsafasining o‘ziga xos yuksalish davri, deb atasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Umumxalq muhokamalaridan keyin qabul qilingan Konstitutsiyadamizda esa Yangi O‘zbekistonning «ijtimoiy davlat» maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgani demokratik yangilanishlarning mantiqiy va institutsional poydevorini yanada kuchaytirdi.
2023-yili Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi, barcha hududlarda zamonaviy «Inson» markazlarining ishga tushirilishi, mahallalarda esa 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani, aslida, ijtimoiy davlat g‘oyasining amaliy ifodasi edi.
Shu o‘rinda aynan ana shu davrda kambag‘allikni qisqartirishda kutilganidan ham ziyod natijalarga erishilganini aytish kerak: jahon banki bahosiga ko‘ra, milliy kambag‘allik chizig‘i bo‘yicha ko‘rsatkich 2021-yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizga, 2024-yil yakunlari bo‘yicha esa 8,9, 2025 yilda esa 5,8 foizgacha pasaydi.
Dastlabki o‘zgarishlar asnosida ochiqlik va so‘z erkinligi siyosati ham tubdan o‘zgardi, ilgari ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ochiq muhokama qilish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatish yoki tanqidiy fikr bildirish amaliyoti cheklangan bo‘lsa, endi konstruktiv muhokamalar, daxldorlik va fuqarolik pozitsiyasi keskin kuchaydi. Shu o‘rinda, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida fuqarolar tomonidan 220 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirilgani, har qanday qonun loyihasining regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilikka havola etilayotgani siyosiy befarqlik o‘rnini mas’uliyat hissi egallaganidan dalolat edi.
E’tibor bering: 2016 yili respublikada 1514 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ular soni 2400 taga yetdi. E’tiborlisi, ushbu OAVlarning 65 foizi nodavlat sektori hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususiy nashrlar, teleradiokanallar va internet resurslarining ko‘payishi foydalanuvchilar sonining 14,7 milliondan 32,7 milliongacha o‘sishiga, axborot kontentlarini yaratuvchilar qatlamining esa sezilarli darajada kengayishiga olib keldi. Bu jarayon axborot maydonida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish bilan birga, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga nisbatan mas’uliyatni ham oshirdi.
Ilgari kambag‘allik, ishsizlik, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar, shuningdek, atrof-muhit bilan bog‘liq muammolar yetarlicha yoritilmagan bo‘lsa, bugun ushbu mavzular jamoatchilik e’tiboridagi asosiy nuqtalarga aylandi.
2023-yili umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga «Fuqarolik jamiyati institutlari» deb nomlangan «XIII bob» kiritilgani esa chindan ham tarixiy voqelik bo‘ldi. Ushbu bobning 69–75-moddalari fuqarolik jamiyati institutlarining huquqlari, faoliyati va kafolatlarini aniq belgilab berdi.
Bugunga kelib, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga solishga oid 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda. 2021-yili esa Prezident Farmoni bilan qabul qilingan «2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, rivojlanishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab berdi. Bundan tashqari «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish vazifasi asosiy maqsad etib qo‘yildi.
Qayd etish joizki, ayni paytda mamlakatimizda 9 627 ta nodavlat notijorat tashkiloti, 9008 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 2 490 ta ommaviy axborot vositasi va 3 mingga yaqin turli jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda.
Agar 2021-yili 30 ta NNT davlat dasturlarida qatnashgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ular soni 80 taga yetdi. NNTlarning ishtirok doirasi esa 350 ta band ijrosigacha kengaydi.
O‘z navbatida fuqarolik jamiyati isntitutlarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va tashkiliy mexanizmlari ham mustahkamlanmoqda. 2017–2025-yillarda 40 ta NNTga davlat subsidiyasi doirasida ajratilgan 3 194,6 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ davlat dasturlarining maqsadi va mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda ma’rifiy ishlarni yuksaltirish ishlariga yo‘naltirildi. Davlat grantlari doirasida 3067 ta loyihaga 163,2 mlrd so‘m ajratilib, 25 mingdan ortiq fuqaroga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatildi, 100 mingdan ziyod fuqaroning kasbiy bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
Tarixga nazar tashlasak, mahalla tushunchasi asrlar davomida o‘zbek davlatchiligi va jamiyatining ma’naviy-madaniy o‘zagi sifatida shakllanib kelganini ko‘ramiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlatchilik falsafasi va Yangi O‘zbekistonning siyosiy modernizatsiyasi doirasida mahalla instituti ham sifat jihatidan mutlaqo yangi, institutsional jihatdan esa qudratli markazga aylantirildi.
2017-yildan boshlab ushbu institutni davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga chiqqanini mutaxassislar bejiz ta’kidlashmayapti.
Bugunga kelib, respublikadagi 9 008 ta mahallada aynan xalq ishonchini qozongan liderlar faoliyat yuritmoqda.
Endi kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va manzilli ijtimoiy himoya ko‘rsatish kabi davlatning eng yirik ijtimoiy loyihalari faqatgina yuqori turuvchi davlat organlari darajasida emas, balki bevosita mahallaning o‘zida, fuqarolar ishtirokida hal qilinmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida parlamentning roli ham yangi darajaga ko‘tarildi. Bugun Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar xalq manfaatlari ustuvorligi, fuqarolar roziligi va mamlakat farovonligini barqaror ta’minlash kabi mezonlar asosida baholanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, 2025-yilning 26-dekabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi Qonunchilik palatasi uchun strategik yo‘l xaritasiga aylandi, deyish mumkin. Unda 2026 va kelgusi besh yillik marralar, shu jumladan, 2030-yilgacha texnologik-innovatsion o‘sish modeliga o‘tish kabi strategik yo‘nalishlar aniq-tiniq belgilab berildi.
Ma’lumki, 2025-yilgi chaqiriq Qonunchilik palatasi uchun yuqori siyosiy legitimlik va salmoqli yangilanish bilan boshlangan edi. O‘shanda yangi saylov tizimi asosida 150 nafar deputat ko‘ppartiyaviylik tamoyili asosida shakllanib, parlamentda O‘zLiDeP 64 ta o‘rinni, «Milliy tiklanish» 29, «Adolat» SDP 21, O‘zXDP 20, Ekologik partiya esa 16 ta o‘rinni egallagandi. Palata tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylangan xotin-qizlar ulushi 38 foizga, ya’ni 57 nafarga yetgan edi. Barcha deputatlarning oliy ma’lumotli ekani, ularning 15 foizi xorijda tahsil olgani, 3 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroning ilk bor deputat etib saylangani va 63 nafar deputatning qayta saylangani parlament quyi palatasida uzviylik va professional salohiyat saqlanib qolganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish»ning «Taraqqiyot bloki»ni tuzgani, O‘zXDP esa o‘zini parlament muxolifati sifatida e’lon qilgani qonun ijodkorligi va nazorat jarayonlarida siyosiy bahs-munozara muhitini kuchaytirdi.
Parlamentda qonun ijodkorligi ko‘lami ham sezilarli darajada kengaydi. Buni 2025-yili Qonunchilik palatasida jami 204 ta qonun loyihasi, shuningdek, ma’muriy-hududiy tuzilishga oid 3 ta qaror loyihasi ko‘rib chiqilganida ham ko‘rish mumkin. Mazkur qonun loyihalarining 22 tasi deputatlarning bevosita tashabbusi bilan kiritildi. Qiyosiy jihatdan qaraganda, 2020-yili 149 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, ularning 12 tasigina deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan edi.
2025-yil Parlament nazorati sohasida ham sifat jihatidan yangi bosqich bo‘lganini aytish joiz. Vazirlar Mahkamasining davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha hisoboti ikki marta, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari ijrosiga oid hisobotlar besh marta ko‘rib chiqildi. Hukumat a’zolari va davlat organlari rahbarlarining jami 27 marta axboroti eshitildi, shundan 16 tasi qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida, 11 tasi fraksiyalar va qo‘mitalar tashabbusi asosida tashkil etildi. «Hukumat soati» doirasida esa 9 nafar hukumat a’zosining hisobotlari eshitildi, mansabdor shaxslarga 15 ta parlament so‘rovi yuborildi. Shu o‘rinda eng muhim masala – Davlat moliyasini boshqarishda parlamentning o‘rni keskin kuchaytirilganini aytish kerak. 2020-yili Davlat budjeti ilk bor qonun shaklida qabul qilinishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, o‘rta muddatli budjetni rejalashtirish mexanizmi joriy etildi, ochiqlik va jamoatchilik nazorati ham kengaytirildi. 2025-yilda 18 ta vazirlik, 4 ta agentlik, 4 ta qo‘mita va 6 ta tashkilotning budjet mablag‘laridan foydalanishi bo‘yicha jami 35 marotaba hisobot eshitildi.
Eng asosiysi, deputatlarning saylov okruglari bilan ishlash tizimi sezilarli darajada takomillashtirildi. 2019-yildan boshlab har oyning oxirgi haftasida saylov okruglariga doimiy chiqish va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. E’tibor bering: 2025-yili deputatlar 33 mingdan ortiq obyektga borishib, aholi bilan 10 mingdan ortiq uchrashuvlar o‘tkazishdi, bu jarayonlarda 250 mingga yaqin fuqaro qamrab olindi, 17 mingdan ortiq fuqaroning murojaatlari bevosita ko‘rib chiqildi. Ana shunday muloqotlar natijalari asosida 5 ta «Hukumat soati», 2 ta parlament va 37 ta qo‘mita eshituvi tashkil etildi, eng muhimi, saylovchilarning taklif va tavsiyalari bilan 19 ta qonun loyihasi va 50 ga yaqin takliflar ishlab chiqildi.
Shu o‘rinda demokratik davlatchilikning haqiqiy kuchini faqat markaziy institutlar emas, balki mahalliy darajadagi vakillik organlarining qay darajada ta’sirchanligi ham belgilayotganini ta’kidlash joiz. Shu nuqtayi nazardan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatidagi institutsional islohotlar Yangi O‘zbekistondagi demokratik modernizatsiyaning muhim tarkibiy qismiga aylanganini aytish joiz.
Yana bir muhim o‘zgarish: 2023-yilgi konstitutsiyaviy islohotlardan keyin mahalliy davlat hokimiyatida vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari aniqlashtirildi, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi. Ya’ni, hokimiyatlar bo‘linishi tamoyili mahalliy darajada ham ta’minlandi. Kengashlarga mahalliy budjetni qabul qilish, hududlarni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlash va hokim hisobotini eshitish vakolatlari berildi. Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasida ham ushbu o‘zgarish davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni kuchaytirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
2024-yilning 2-fevralidagi PF-28-son Farmonga muvofiq, «Kuchli Kengash, tashabbuskor va hisobdor hokim» tamoyili asosida 30 dan ortiq vakolat mahalliy Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilganini xalqaro ekspertlar ham joriy o‘zgarish sifatida e’tirof etmoqdalar. Bunday yangilanishlar joylarda amaliy natijalar uchun mustahkam zamin yaratyapti. 2025-yili mahalliy Kengashlar tomonidan o‘tkazilgan 3 mingdan ziyod sessiyalarda hududlarni rivojlantirish va aholi hayotiga daxldor bo‘lgan 30 mingdan ortiq masala muhokama qilingani esa o‘zgarishlarning natijadorligini ko‘rsatishi mumkin. Deputatlarning sa’y-harakati bilan 20 mingga yaqin fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, 23 mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlanib, 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 14 mingdan ko‘proq ehtiyojmand aholiga dori-darmon va ortopedik vositalar olishida yordam berildi. Bevosita deputatlar tashabbusi bilan 5 ming kilometrdan ortiq yo‘l ta’mirlandi, 6 mingdan ziyod fuqaroning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari Kengash qarorlari bilan qonuniylashtirildi.
Yangi O‘zbekiston islohotlari haqida gap ketganida, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganlarini aytish joiz.
Ayni paytda yurtimizda 2200 dan ortiq diniy tashkilot, 16 ta diniy konfessiya, 157 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik jamiyati, xorijda esa 98 ta vatandoshlar jamiyati faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar O‘zbekistonda totuvlik va bag‘rikenglik shunchaki shior emas, balki mustahkam ijtimoiy voqelikka aylanganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturudiy ziyoratgohlarining obodonlashtirilib, muhtasham majmualarga aylantirilgani yurtimiz musulmonlarini quvontirish barobarida, dunyo musulmon olami e’tiborini ham mamlakatimizga qaratdi.
Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy merosni saqlash, chuqur o‘rganish va uni zamonaviy mazmunda jahonga namoyon etishga qaratilgan siyosatida alohida o‘rin tutadi. Ushbu maskan faqat me’moriy inshoot emas, balki boy muzey, kutubxona, arxiv, qo‘lyozmalar fondi, ko‘rgazma zallari va ilmiy muhokamalar maydonini birlashtirgan yirik ma’rifiy-ma’naviy markaz sifatida ham dunyo ahli e’tiborini torta boshladi. Uning barpo etilishi ajdodlarimizning islom ma’rifati, ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini tizimli asosda ochib berish, o‘rganish, yosh avlodni tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, islom dinining asl mohiyati tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik ekanini xalqaro hamjamiyatiga kengroq yetkazishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonni dunyo davlatlari ko‘z o‘ngida ulkan ma’naviy va ilmiy loyihalar qadrlanadigan yurt sifatida tanitdi.
Bugun qaysi bir mamlakat yoki hukumat rahbari, xalqaro tashkilot vakili yoki dunyoning taniqli shaxslari yurtimizga tashrif buyurmasin, O‘zbekistondagi ma’naviy yangilanishlar va bag‘rikenglik muhitiga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Jahonning yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari — CNN, Euronews, Forbes, The Wall Street Journal, The Economist, Arab News va China Daily kabi nashrlar esa Islom sivilizatsiyasi markaziga «global miqyosdagi megaloyiha», «Markaziy Osiyoning durdonasi» va «islom sivilizatsiyasiga zamonaviy qarashni shakllantiradigan makon» deya ta’rif bermoqdalar.
Ushbu e’tiroflar, shubhasiz, mamlakatimizdagi tinchlik va totuvlik siyosati, ilm-fan rivojiga, ajdodlar ilmiy merosiga bo‘lgan yuksak e’tibor natijasidir. Dunyoning turli nuqtalarida ziddiyat va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan bir paytda Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va u haqdagi fikrlar dunyo hamjamiyatini tinchlik va bag‘rikenglikni qadrlashga, ilmiy va madaniy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga chorlovchi muhim ma’naviy voqelikka aylandi.
Ma’naviy-ma’rifiy siyosatimizning amaliy va ramziy davomi sifatida Imom Buxoriy majmuasining yangi qiyofada ochilishi esa tom ma’noda dunyo yetakchilari, islom olami vakillarining Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirdi. 2019 yildan boshlangan qurilish ishlari natijasida ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, muzey, ma’muriy binolar va 75 metrlik to‘rt minoradan iborat yirik majmua barpo etildi. Eng muhimi, ulug‘ muhaddis merosini munosib tarzda namoyon etish bilan birga, ziyoratchilar uchun eng qulay sharoitlar yaratildi. Shu ma’noda, Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyoratgoh, balki ilm, tarbiya, ibrat va bunyodkorlik salohiyatini o‘zida mujassam etgan yirik ma’naviy-ma’rifiy maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun maktablarimizda 7 ta tilda ta’lim berilayotgani, milliy tele va radiokanallarda 12 ta tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilayotgani, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilayotgani mamlakatimizda barcha millat va elatlar uchun teng sharoitlar yaratilayotganiga ishoradir. Dunyoda millatlar va konfessiyalar o‘rtasida nifoq uyg‘otishga qaratilgan harakatlar kuchayayotgan bir davrda O‘zbekistonda barcha millat va elatlar ahillikda yashab kelayotgani, konfessiyalararo totuvlik muhitining barqarorligi, shubhasiz, har qanday davlat uchun ibrat bo‘lmoqda. Eng muhimi, ushbu islohotlar, ichki va tashqi siyosatda totuvlik tashabbusining ustuvor mazmun kasb etayotgani O‘zbekistonni jahonda «tinchlik diplomatiyasi»ning muhim ishtirokchisiga aylantirdi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahlning ta’kidlashicha, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari borasida sezilarli huquqiy progress yuz berdi. Xususan, NNTlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning ramzlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatining 1 oydan 15 kunga qisqartirilgani byurokratik to‘siqlarni kamaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda. Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi o‘rni haqidagi tashabbuslari O‘zbekistonda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman esa demokratik jarayonlarni kuchaytirish nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyoti uchun dolzarb ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, fuqarolik jamiyati institutlari orasida inklyuzivlikni oshirish va ijtimoiy innovatsiyalar tizimini joriy etishda xalqaro hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyiha koordinatori Antti Karttunen ham fuqarolik jamiyatlari rivojiga e’tibor qaratib, fuqarolik jamiyati hukumat va aholidan ajralgan holda emas, aksincha, aholi muammolarini aniqlashda yetakchi o‘rin tutishi lozimligini ta’kidladi. Karttunen O‘zbekistonda samarali davlat boshqaruvi va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan dinamik islohotlar sharoitida fuqarolik jamiyatining konstruktiv va mas’ul hamkor sifatidagi o‘rni hech qachon bunchalik muhim bo‘lmaganiga urg‘u berdi.
Shveysariya hamkorlik va rivojlanish agentligi rahbari o‘rinbosari Ursulla Kellerning fikricha, O‘zbekistonda NNTlarning saylovlar va hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini ro‘yobga chiqarishda faol bo‘lishi, mamlakatda subsidiarlik, volontyorlik va professionallikni oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Siyosat va siyosiy boshqaruv kafedrasi professori Elshad Mirbashir o‘g‘li ham O‘zbekiston tajribasida jamoat tashkilotlarining davlat ijtimoiy siyosatini shakllantirishdagi ishtirokini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NNTlar aholi ehtiyojlarini o‘rganib, o‘z xulosalarini davlat organlariga taqdim etishi natijasida «O‘zbekiston – 2030» kabi strategik dasturlar yanada takomillashmoqda.
Fransiyaning Yevropada istiqbollar va xavfsizlik instituti direktori Emmanuel Dyupyui esa mamlakatning milliy qadriyatlarga asoslangan siyosiy yo‘li xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashayotganini, bunday yondashuv nafaqat ichki barqarorlik, balki mintaqaviy tinchlikni ta’minlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini bildirdi.
«Marmara Group» strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi prezidenti Dr. Akkan Suver O‘zbekistonni Yevroosiyoning yangi iqtisodiy haqiqati va imkoniyatlarini namoyon etayotgan dinamik davlat sifatida ta’riflab, Prezident Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yagona investitsiya va savdo maydoni yaratish tashabbusini kelajak uchun aniq strategik yo‘nalish sifatida baholadi.
Xulosa o‘rnida ishonch bilan aytish mumkinki, 2017-yilda boshlangan yangilanishlar O‘zbekiston hayotida navbatdagi siyosiy davr emas, bu – xalqimizning asriy orzu-umidlarini o‘zida mujassam etgan, inson qadrini har narsadan ustun qo‘yayotgan, kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatiga tayangan holda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dadil va ortga qaytmas qadamlardir.
Bugun yurtimizda davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqot mustahkamlandi, jamoatchilik nazorati kuchaydi. Fuqarolik jamiyati institutlari strategik sherikka aylanib, parlament va mahalliy Kengashlarning vakolat hamda mas’uliyati tobora ortib bormoqda. Bu esa xalq manfaatlari, ijtimoiy adolat, hisobdor davlat va faol jamiyat tamoyillariga tayangan demokratik taraqqiyot modeliga xizmat qilmoqda.
Demak, O‘zbekistonda demokratik institutlar yangi davr ostonasida emas, balki amalda yangi bosqichga qadam qo‘yganini hayotning o‘zi tasdiqlamoqda.
Azamat Pardayev,
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi