163 10.10.2024
Maʼlumki, davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining samarali faoliyat ko‘rsatishida jamoatchilik nazorati muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, birinchi navbatda, barcha fuqarolarning, qolaversa, nodavlat tashkilotlar va OAVning o‘rni va rolini yana-da kuchaytirish lozim.
Mamlakatda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga nisbatan masʼuliyat tuyg‘usi bilan har qanday qonunbuzilishi holatlariga murosasiz bo‘lsak, mansabdorlarning hatti-harakatlariga ko‘pchilik bo‘lib baho bersak, o‘z fikr-mulohazalarimizni emin-erkin bayon etgan holimizdagina chinakam qonun ustuvorligi taʼminlanadi.
Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, ularning hatti-harakatlariga baho berish asosida tizimda qonuniylikni taʼminlash jamoatchilik nazoratining samaradorligiga bog‘liqdir.
Maʼlumki, mamlakatdagi so‘z erkinligi, ochiqlik siyosati natijasida OAVning faolligi, fuqarolarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat organlari faoliyati ustidan nazorati tobora kuchayib bormoqda.
Jamoatchilik nazorati mexanizmlari va boshqa harakatlar natijasida 2024 yilning 6 oyida davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, mahalliy hokimliklarning jami 2 206 ta qarori bekor qilingan.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga oid harakatlari to‘g‘risida xabar berish uchun mo‘ljallangan aloqa kanallari tashkil etilgani ham jamoatchilikning davlat idoralari ustidan faol nazorat funksiyasini amalga oshirishlariga imkon bermoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik va shaffoflikka asoslangan yangi bosqichdagi islohotlar samarasi o‘laroq, jamiyatimizda jamoatchilik nazoratining ham taʼsir doirasi sezilarli ravishda kengaydi. Bunda, albatta, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgani dolzarb ahamiyat kasb etdi. Davlat organlari va ularning rahbar-mutasaddilari hatti-harakatlariga nisbatan bildirilayotgan munosabat tufayli ko‘pgina kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Davlat idoralari aholiga o‘z siyosati, harakatlarini tushuntirib berishi, xalq oldida muntazam hisobot berib borishi zamon talabidir.
Shu boisdan ham “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish taklifi, shubhasiz, yurtimizda jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.
Maʼlumki, mamlakatimizda 2018 yili qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunda jamoatchilik nazoratining shakllari o‘z ifodasini topgan. Ana shu nazorat shakllarini amalga oshirish borasidagi faoliyatni takomillashtirish bugun dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Umuman olganda, mazkur tashabbusning hayotga tatbiq etilishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, noqonuniy qarorlar qabul qilinishining oldini olish va jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.