Inson manfaatlari eng ustuvor yo’nalish


1576     04.08.2026

Globallashayotgan dunyoda davlatlar taraqqiyoti iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, asosan inson uchun yaratilgan imkoniyatlar, fuqarolarning hayoti sifati, ijtimoiy himoya darajasi, huquq va erkinliklarining qay darajada kafolatlangani bilan o‘lchanmoqda. Ya’ni, bugun mamlakat yalpi ichki mahsuloti emas, ana shu o‘sishning inson farovonligiga ta’siri asosiy mezonga aylanyapti.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ham aynan inson kapitalini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish, munosib mehnat va ijtimoiy adolatni ta’minlash kabi ustuvor vazifalarga yo‘naltirilgan. Bu esa ijtimoiy davlat modelining XXI asrdagi eng dolzarb taraqqiyot yo‘nalishiga aylanganini ko‘rsatadi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati ham aynan inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlashga asoslanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Inson qadri uchun» tamoyili shu ma’noda ham davlat siyosatining bosh g‘oyasiga aylandi.
Bugun mamlakatimizda qabul qilinayotgan har qanday qonun, davlat dasturi, eng avvalo, inson manfaatlariga qay darajada xizmat qilishi nuqtayi nazaridan baholanmoqda. Yangi Konstitutsiyamizda ham insonning sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etildi. Ta’lim olish, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish, ijtimoiy ta’minot, munosib mehnat qilish, turar joyga ega bo‘lish kabi huquqlarning kafolatlari esa yanada kuchaytirildi. Bunday normalar esa keyingi yillarda qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlari va institutsional islohotlarning huquqiy asosiga aylandi. 2026 yil uchun tasdiqlangan Davlat budjetida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llabquvvatlash xarajatlari 170 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etdi. Bu umumiy davlat xarajatlarining qariyb yarmini tashkil qilib, mamlakat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Mazkur mablag‘lar maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’limni moliyalashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlar, pensiya ta’minoti, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, bolalar va xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish hamda ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, ijtimoiy siyosat ko‘p hollarda moddiy yordam berish bilan cheklanganini ko‘ramiz.
Bugun esa yondashuv butunlay o‘zgardi. Endilikda davlatning asosiy vazifasi insonga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Buning uchun, yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda. Aholi kasb-hunarga o‘qitilmoqda: Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari kengaymoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizmlar ishlab chiqilib, ijtimoiy xizmatlarning manzilliligi ta’minlanmoqda. Bugun har bir mahallada «yettilik» tizimi, «mahallabay» ishlash mexanizmi, aholi muammolarini xonadonmaxonadon o‘rganish amaliyoti joriy etilgani ham ana shu tamoyilning amaliy ifodasidir. Ijtimoiy davlatni barpo etishda parlamentning o‘rni beqiyos, albatta. Chunki inson huquqlari va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, avvalo, mukammal qonunchilik bazasini talab etadi. Keyingi yillarda Oliy Majlis tomonidan ijtimoiy himoya, ta’lim, tibbiyot, xotinqizlar huquqlari, bolalar manfaatlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalarga oid o‘nlab qonunlar qabul qilindi va takomillashtirildi. Senatda mazkur qonunlarning joylarda qanday ijro etilayotgani muntazam o‘rganilmoqda. Parlament nazorati doirasida hududlarga chiqish, aholi murojaatlarini tahlil qilish, mutasaddi tashkilotlar hisobotlarini eshitish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida qonun ijodkorligi jarayoni hayot ehtiyojlariga yanada yaqinlashmoqda. Nazarimda, qonunning eng katta bahosi uning matnida emas, balki inson hayotida namoyon bo‘ladigan natijasidadir.
Agar fuqaro davlat himoyasini his qilsa, o‘z huquqlarini erkin amalga oshira olsa, munosib ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalansa, mehnat qilib munosib daromad topish imkoniga ega bo‘lsa, demak, davlatning ijtimoiy siyosati o‘z maqsadiga erishmoqda. Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar faqat alohida sohalardagi o‘zgarishlar emas, balki davlat va jamiyat taraqqiyotining mutlaqo yangi modelini shakllantirmoqda.
Bu modelning asosida esa bitta ustuvor g‘oya mujassam — inson davlat uchun emas, davlat inson uchun xizmat qilishi kerak. Ushbu konstitutsiyaviy tamoyil bugun nafaqat siyosiy shior, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan har bir islohotning mazmun-mohiyatiga aylanib bormoqda.