Mahalla — taraqqiyotning eng ishonchli mezoni


2413     04.08.2026

Islohotning haqiqiy qiymati qabul qilingan farmon yoki qarorlar soni bilan o‘lchanmaydi. Uning bahosi odamlar kundalik hayotida sezilgan o‘zgarishlar, hal bo‘lgan muammolar, paydo bo‘lgan imkoniyatlar orqali namoyon bo‘ladi. Bir ko‘chada suv ta’minoti yaxshilansa, bir oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘lsa, bir yosh o‘z mahallasida ish topsa, bir nuroniy idorama-idora yurishdan xalos bo‘lsa — ana shunda davlat siyosati hayotga kirib boradi. Shu ma’noda mahalla mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning eng ta’sirchan va eng xolis baholanadigan maydoni hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi aynan shu hayotiy haqiqatlarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar mahalla tizimini boshqarishning tashkiliy jihatlarini takomillashtirish bilan cheklanmadi. E’tibor markazida odamlarning turmush sifati, mahallaning iqtisodiy qudrati, ijtimoiy himoya, bandlik, tadbirkorlik va jamoat xavfsizligini bir nuqtada uyg‘unlashtirish vazifasi turdi.
So‘nggi yillarda mahallalarning moliyaviy imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Bu yil har bir mahallaga o‘rtacha 5,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, tushum bo‘yicha vakolatlar kengayishi natijasida mahalla budjetlarida qo‘shimcha mablag‘lar shakllangani bunga yaqqol misol. Demak, masalani hal qilish uchun resurs bor, huquqiy asos bor, vakolat bor. Endi natija tashabbus, mas’uliyat va tashkilotchilikka bog‘liq.
Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar esa ayrim hududlarda imkoniyatdan to‘liq foydalanilmayotganini ochiq ko‘rsatdi. Masalan, “Tashabbusli budjet” doirasida milliardlab mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, ikki mingdan ortiq mahallada birorta loyiha g‘olib chiqmagan. Olti oy davomida banklar tomonidan yuz minglab mikroloyihalar moliyalashtirilganiga qaramay, ayrim mahallalarda atigi ikkitadan loyiha amalga oshirilgan. Qariyb mingta kambag‘al oila istiqomat qiladigan mahallalarda birorta ehtiyojmand fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanmagani esa har qanday rahbar uchun jiddiy xulosa chiqarishga undaydi.
Bu raqamlar ortida oddiy inson taqdiri turibdi. Ishsiz yurgan yigitning orzusi, kredit olish imkonini kutgan tadbirkorning rejasi, farzandini munosib ta’lim muassasasiga joylashtirishga intilayotgan ota-onaning umidi aynan mahallada o‘z yechimini topishi kerak.
Shu bois Prezident tomonidan mahalla raisi faoliyatiga mutlaqo yangi mazmun berilmoqda. Endi u faqat murojaatlarni qabul qiluvchi yoki ma’lumot to‘plovchi rahbar sifatida emas, balki o‘z hududining iqtisodiy buyurtmachisini shakllantiradigan, investitsiya jalb qiladigan, tadbirkorlikni rag‘batlantiradigan, yangi ish o‘rinlari yaratilishi uchun mas’ul shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Bu yondashuv mahallaga strategik fikrlash madaniyatini olib kiradi.
Ayniqsa, xususiy bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasasi va sport inshootlari qurilishi uchun yer maydonlarini auksionga chiqarish tashabbusini mahalla raisining o‘zi ilgari surishi mumkinligi hudud rivojiga mutlaqo yangi sur’at bag‘ishlaydi. Bu orqali har bir mahalla o‘z ehtiyojidan kelib chiqqan holda rivojlanish modelini shakllantiradi.
Bugungi kunda aholi davlat idorasining qayerda joylashganiga emas, xizmatning qanchalik tez va sifatli ko‘rsatilishiga baho beradi. Shu nuqtai nazardan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich mahallaga tushirish tashabbusi odamlar uchun vaqt, mablag‘ va ortiqcha ovoragarchilikni qisqartirishga xizmat qiladi. Bu fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Ijtimoiy himoya masalalariga berilgan alohida e’tibor ham muhim ahamiyatga ega. Ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy reyestrga kiritilishi sun’iy to‘siqlarga uchrashi oqibatida ayrim fuqarolar qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan foydalana olmagani tanqid qilindi. Bu masalaga prokuratura organlari nazoratining kuchaytirilishi har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini anglatadi.
Mahallada jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlar ham keng qamrovli yondashuvga asoslanmoqda. Videokuzatuv tizimlari, psixologik xizmatlar, ijtimoiy profilaktika, ishsiz aholi bilan manzilli ishlash kabi choralar natijasida avval kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan yuzlab mahallalarda birorta ham jinoyat qayd etilmagani tizimli ish samarasining amaliy ifodasidir.
Albatta, har qanday islohotning muvaffaqiyati qonunlarda yozilgan normalar bilan emas, ularni hayotga tatbiq etayotgan insonlarning fidoyiligi bilan belgilanadi. Mahalla raisining tashabbusi, hokim yordamchisining mas’uliyati, mahalla bankirining izlanishi, xotin-qizlar faolining jonkuyarligi, yoshlar yetakchisining sa’y-harakati bir maqsadga xizmat qilgandagina natija yuzaga chiqadi.
Yurtimizda 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani bejiz emas. Bu g‘oyaning mazmuni har bir ko‘cha, har bir xonadon, har bir inson hayotida sezilarli o‘zgarish yaratishdan iborat. Obod mahalla, band aholi, xavfsiz muhit, kuchli tadbirkorlik, munosib ijtimoiy himoya va faol jamoatchilik — taraqqiyotning aynan shu poydevori mustahkam bo‘lgan joyda Yangi O‘zbekistonning ezgu maqsadlari hayotga to‘liq tatbiq etiladi.
Vasila FAYZIYEVA,
"Milliy tiklanish" fraksiyasi a'zosi