1530 04.08.2026
Mamlakatimizda yana bir strategik loyiha - Toshkent - Samarqand yo‘nalishida pullik muqobil avtomobil yo'li qurilishi boshlandi. Tarixiy voqelik munosabati bilan o'tkazilgan marosimda ishtirok etgan davlatimiz rahbari loyiha Yangi O'zbekistonning iqtisodiy qudrati va transport-logistika salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo'lishini, sohada tom ma’noda yangi davr boshlanayotganini bejiz ta'kidlagani yo'q.
O‘rta Chirchiq tumanidan boshlanuvchi olti polosali yo‘lning uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi va loyiha qiymati qariyb 2,2 mlrd. dollarga baholangan. Yo‘lning Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi aholisi ikki milliondan ziyod bo‘lgan 13 ta tuman orqali o‘tishi, shubhasiz, hududlar uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Jumladan, strategik loyiha doirasida yuzga yaqin ko‘priklar, o‘nlab yo‘lo‘tkazgich va tunnellar, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yer osti yo‘laklari va suv o‘tkazish inshootlari barpo etiladi. Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari qurilishi esa yangi ish o‘rinlari, xizmatlar bozori, mahalliy aholi va byudjetlar uchun qo‘shimcha daromad manbai degani.
Xalqimiz uchun eng muhim afzalligi Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatga qisqarishi. Tekis hududlarda harakat tezligi soatiga 150 kilometrni tashkil etadigan yangi avtomagistral sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat: zamonaviy xavfsizlik yechimlari, raqamli va innovatsion qulayliklar yo‘l-transport hodisalarining keskin kamayishiga xizmat qiladi. Tirbandliklarsiz va bir maromda harakatlanish energiya sarfi, amortizatsiya va texnik xarajatlarni ham qisqartiradi.
Loyihaning iqtisodiy tomonlari haqida gap ketganda, avvalo, yuk tashish tannarxi 19 - 24 foizga pasayishini ta'kidlash lozim. Shuningdek, tez buziladigan meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa mahsulotlar bozorlarga qisqa vaqtda, sifatli va arzon yetkaziladi. Yangi yo‘l o‘tadigan hududlarda yalpi mahsulot 3 foiz o‘sadi. Yo‘l qurilishida mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanilishi esa yirik buyurtmalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratadi. Umuman olganda, Jahon banki tahlillariga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga 5 barobargacha samara keltiradi.
Avtomagistral Yevropa, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda yo‘l xitoylik hamkorlar bilan EPC modeli asosida barpo etiladi. Ya'ni ijrochi loyihalash va texnik hujjatlarni olishdan boshlab, qurilish ishlarini tugatishgacha bo‘lgan barcha ishlarni o‘z zimmasiga oladi. Keyinchalik uni boshqarish, saqlash va ekspluatatsiya qilishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi. Loyiha xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik standartlar asosida amalga oshiriladi.
Albatta, ushbu strategik loyihani ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish oson bo‘lgani yo‘q. Avval bu boradagi xorijiy tajriba puxta o‘rganildi. Chet el mutaxassislari yordami bilan bir necha loyihalar tayyorlandi, qurilishi va moliyaviy manbasi bo‘yicha xorijlik investorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Loyihalarni ishlab chiqishda, avvalo, aholi fikri inobatga olindi. Atrof-muhitga ta'siri, piyodalar uchun to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qat'iy talablar qo‘yildi.
Shu bilan birga, sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi shakllantirildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tgan yili “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi qabul qilinib, pullik yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asosi yaratildi. Davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘l infratuzilmasiga sarmoya jalb qilish maqsadida xorijlik investorlarga imtiyozlar berildi. Bunda pullik avtomobil yo‘llarini qurishga faqat muqobil bepul harakatlanish yo‘li mavjud bo‘lgandagina ruxsat berish, shu bilan birga, to‘lov miqdori foydalanuvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qanoatlantirishi talabi qo‘yildi.
Muxtasar aytganda, 2030-yilda foydalanishga topshiriladigan O‘zbekiston tarixidagi ilk “yashil” va innovatsion yo‘l, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 28-iyul sonidan olindi