Qoraqalpog‘iston: deputatlar saylovchi ishonchini qanchalik oqlayapti?


1626     05.08.2026

Qoraqalpog'istondagi yangilanish va o‘zgarishlar ko‘lamini his etish uchun 2018 yilning yozida qiymati 26,6 mlrd so‘m bo'lgan, 101 km uzunlikdagi Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq suv quvuri foydalanishga topshirilganini ko‘z oldimizga keltirishning o‘zi kifoya.

Xotirlaysizmi, 2017 yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida ushbu loyiha bilan tanishgan va bir yilda Qo‘ng‘irotga ichimlik suv olib kelishni va‘da qilgan edilar. O‘shanda nafaqat qoraqalpoq eli, butun mamlakatda ko‘pchilik bunga ishonmagandi.

Hatto 10 yillab qaqrab yotgan cho‘lga suv keltirish imkonsiz, deganlar ham bo‘lgandi. Ammo Millat yetakchisi so'zida sobit turdi: bir yildan so'ng Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq suv quvuri ishga tushirilib, Mo‘ynoq tumanidagi 25 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bugunga kelib, Mo‘ynoq va Orolqumda tashkil etilayotgan «Yashil belbog‘» tajribasiga butun dunyo qiziqish bildirayotganini ham ta’kidlash joiz.

Albatta, bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayoniga partiyadoshlarimiz va albatta deputatlarimiz ham munosib hissa qo‘shmoqdalar. 2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, hududiy kengash a’zolari soni 205 nafarga oshib, 52 337 nafarni tashkil etdi.

Shu davr mobaynida turli tashkilot mutasaddilariga 83 ta deputatlik so‘rovi kiritildi. Quvonarlisi, mazkur so‘rovlarda ko‘tarilgan muammoli masalalarning 72 tasi (87 foizi) qisqa muddatlarda ijobiy hal etildi, qolgan 11 tasi esa ayni paytda mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda. Deputatlar tomonidan o‘tkazilgan tahlillar esa so‘rovlarning 26 tasi tabiiy gaz, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lsa, 14 tasi ichki yo‘llarni ta’mirlash va infratuzilmani rivojlantirish masalalarini qamrab olgan. Shuningdek, 2 ta deputatlik so‘rovi sog‘liqni saqlash xizmati sifatini oshirishga oid muammolar yuzasidan kiritilgan. Aytish joizki, deputatlarning sa’y-harakati natijasida hal etilayotgan har bir masala aholining partiyaga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

Bunga Xo‘jayli tumanidagi «Samanqo‘l» OFY «O‘ngar» ovuli aholisini yillar davomida qiynab kelgan toza ichimlik suvi muammosining hal etilishi misol bo‘la oladi. Ushbu masala yuzasidan Jo‘qorg‘i Kenges deputati Tajibay Romanov tomonidan «Qoraqalpoq suv ta’minoti» AJ direktoriga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi. Mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 393-son qarori asos qilib olinib, Xo‘jayli tumanidagi «O‘ngar», «Nurimbet» va «Qarjau» ovullariga umumiy qiymati 7 mlrd 400 mln so‘m bo‘lgan 33 km ichimlik suvi quvuri tortib berildi. Deputatning ma’lum qilishicha, ayni paytda ishlar 90 foizga bajarilgan bo‘lib, loyihani mustaqillik bayrami arafasida yakunlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2026 yilning birinchi yarmi davomida partiya xotin-qizlar qanoti va deputatlar hamkorligida «mahallabay» ishlash tizimi asosida 361 nafar ayolning murojaatlari atroflicha o‘rganildi. Shundan keyin ularning 343 nafari (95 foizi) bo‘yicha ko‘tarilgan muammolar ijobiy yechim topdi.

Partiyaning «Uyma-uy» loyihasi doirasida ham 1054 ta xonadonning yashash sharoiti, xotin-qizlar bandligi, yoshlar muammolari hamda ijtimoiy himoyaga oid masalalar atroflicha tahlil qilindi.

O‘rganishlar jarayonida «Ustoz - shogird» an'anasi asosida 337 nafar xotin-qiz turli kasb-hunarlarga yo‘naltirildi. «Xizmat - beminnat» loyihasi doirasida tashkil etilgan 42 ta bepul to‘garakda (ingliz tili, matematika va boshqa fanlar) 27 nafar uyushmagan yosh qamrab olindi.

Bundan tashqari, 42 ta xonadonda yashovchi 39 nafar ehtiyojmand yigit-qizlarning muammolari deputatlar nazoratiga olindi.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi ijtimoiy loyihalar partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasi bo‘lyapti. Quvonarlisi, kasb-hunar o‘rganishga jalb etilgan aksariyat xotin-qizlar bugun o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini ham yo‘lga qo‘ymoqdalar. Ayrimlari esa o‘zlariga hunar o‘rgatgan ustozlariga yordamchi sifatida ish boshlagan. Loyiha ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar bu kabi tashabbus va yangi imkoniyatlar yoshlarga ishonch bag‘ishlayotganini ko‘rsatgan. Shu bilan birga yoshlar kasb o‘rganish orqali munosib ish topayotgani va oila budjetiga o‘z hissasini qo‘shayotganidan mamnun ekanini bildirgan. Ayni paytda partiyaning Qoraqalpog‘istondagi faoliyati faqat raqam va ko‘rsatkichlar bilan emas, har bir tuman va shaharning o‘ziga xos muammolarini aniqlash hamda ularga samarali yechim topishga qaratilgan tashabbuslar bilan o‘lchanadi. Zero, hududiy kengashlarning tashabbuslari islohotlarning xalq manfaatlariga xizmat qilayotganini ham ko‘rsatyapti.

Mana bir misol. Yaqinda To‘rtko‘l tumani deputatlik guruhi tashabbusi bilan hududda jinoyatchilikning oldini olish va «xavfsiz muhit» yaratish masalasi keng muhokama qilindi. Natijada mahallalar, maktablar va bozorlar kabi aholi gavjum hududlarga 219 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilib, atrof doimiy nazoratga olindi. Shuningdek, adliya bo‘limi tomonidan inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida kelib tushgan 152 ta murojaatdan 99 tasi qanoatlantirildi. Taxiatosh tumanida esa partiyadoshimiz tomonidan soliqdan qarzdor korxonalar kesimida aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlarga o‘z ishini qayta tiklash uchun amaliy yordam berilyapti.

Yana bir muhim ma’lumot: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatlari tomonidan 2026 yilning II-choragida kengash sessiyalariga 2 ta masala olib chiqilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shu davr mobaynida doimiy komissiyalarda 9 ta masala ko‘rib chiqildi, 10 nafar mansabdor shaxsning hisoboti eshitildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari tomonidan jami 83 ta deputatlik so‘rovi kiritildi. Ularning 72 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 11 ta deputatlik so‘rovi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilyapti. Deputatlik so‘rovlari yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinganda gaz, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 26 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 2 ta, yo‘l ta’miri masalalari bo‘yicha 14 ta, boshqa yo‘nalishlarda esa 41 ta so‘rov amalga oshirilgani ko‘rinadi.

Aholi bilan muloqotni kuchaytirish, amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida esa televideniye va radioda 54 ta, ijtimoiy tarmoqlarda 1648 ta chiqishlar qilindi, gazeta va jurnallarda esa 77 ta turli maqolalar e’lon qilindi.

Xulosa qilib aytganda, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xalq ichida, mahallalarda va har bir xonadonda bo‘lib, saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlayapti. Bu esa amaliy natijalarda namoyon bo‘layapti.

Eng muhimi esa bugungi saylovchilar ham deputatlarni o‘z holiga qo‘yishmayapti. Ha, yana bir gap: 52 mingdan ziyod maslakdoshning yagona maqsad yo‘lida harakat qilayotgani har bir deputatlik so‘rovi ortida inson manfaati, aholi turmushini yaxshilashga qaratilgan aniq tashabbuslar, real natijalar berishining kafolati bo‘lyapti. Bu esa «Milliy tiklanish» g‘oyasining amaliy ifodasi hamdir.

 

Aygul Oteniyazova,
partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi mutaxassisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 5-avgust sonidan olindi