Yangi O‘zbekiston — tarixini va o‘zligini dunyoga namoyish etayotgan davlat


1493     05.08.2026

Tarix — millatning xotirasi. Xotirasi mustahkam xalqning kelajakka ishonchi ham mustahkam bo‘ladi. Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda milliy tarixni haqqoniy o‘rganish, madaniy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga butun holicha yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tarixiy obidalarni saqlash, muzeylar faoliyatini zamonaviy bosqichga olib chiqish, moddiy madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish, ularni raqamlashtirish hamda jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining: «Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olishga, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur», degan fikrlari bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning g‘oyaviy asosini belgilab berdi.

Mazkur yondashuv nafaqat tarix fanini rivojlantirish, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy adolatni tiklash va xalqimizning boy merosini dunyoga munosib tarzda namoyon etishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat siyosatining uzviy qismi hisoblanadi.

So‘nggi yillarda qabul qilingan huquqiy hujjatlar ham ushbu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda madaniy merosni muhofaza qilish davlatning muhim vazifalaridan biri sifatida mustahkamlandi. “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun, madaniy meros ob’ektlarini asrash, muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan Prezident farmon va qarorlari sohada yangi bosqichni boshlab berdi.

Bugun mamlakatimizda muzeyga oddiy eksponatlar saqlanadigan bino sifatida emas, balki ilmiy tadqiqot, ma’naviy tarbiya va xalq diplomatiyasining muhim markazi sifatida qaralmoqda. Chunki tarixni asrash — milliy manfaatni asrash demakdir.

Madaniy merosni saqlashga qaratilgan mazkur siyosatning yana bir muhim jihati shundaki, bugun o‘zbek xalqining ko‘p ming yillik tarixi faqat mamlakatimizdagina emas, balki jahonning eng nufuzli muzey va ko‘rgazma maydonlarida ham munosib namoyish etilmoqda. Keyingi yillarda Fransiyaning Luvr muzeyi, Berlindagi Yangi muzey, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Azarbayjon, Yaponiya, Amerika va boshqa davlatlarning nufuzli muzeylari va ko‘rgazma zallarida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalar orqali millionlab insonlar yurtimiz sivilizatsiyasi, Buyuk ipak yo‘li madaniyati, Kushonlar davlati, Temuriylar davri ilm-fani va xalqimizning noyob madaniy boyliklari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Eng muhimi, bu ko‘rgazmalar dunyo hamjamiyatining O‘zbekiston tarixi haqidagi tasavvurini tubdan boyitdi. Ilgari xalqimiz tarixi haqida cheklangan ma’lumotlarga ega bo‘lgan ko‘plab xorijliklar bugun yurtimizni jahon sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk mamlakat sifatida kashf etmoqda. Demak, madaniy merosni targ‘ib qilish mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashning ham muhim omilidir.

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining qariyb ikki yillik rekonstruksiyadan so‘ng qayta faoliyat boshlagani ana shu ezgu ishlar mantiqiy davomidir.

150 yillik tarixga ega mazkur muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biri hisoblanadi. Ilgari vaqt o‘tishi bilan binodagi muhandislik tizimlari eskirgan, ayrim noyob eksponatlarning namoyish imkoniyatlari cheklangan edi. Rekonstruksiya jarayonida isitish va sovitish tizimlari, yoritish uskunalari, xavfsizlik va saqlash infratuzilmasi to‘liq yangilandi. Eng muhimi, muzey ekspozitsiyasi zamonaviy muzeyshunoslikning eng ilg‘or talablari asosida qayta shakllantirildi.

Endilikda tarixiy voqealar bir-biridan uzilgan alohida eksponatlar orqali emas, balki yaxlit ilmiy konsepsiya asosida bayon qilinadi. Zamonaviy multimedia texnologiyalari, audio va video yechimlar, interaktiv axborot tizimlari har bir tashrif buyuruvchiga tarixni chuqurroq anglash imkonini yaratadi.

Ekspozitsiyada insoniyat sivilizatsiyasining ilk bosqichlari, tosh davri madaniyati, yurtimiz hududida davlatchilikning shakllanishi, qadimgi Xorazm, Qang‘ va Dovon davlatlari, Kushon podsholigi, Buyuk ipak yo‘li, buddaviylik madaniyatining tarqalishi, Birinchi Renessans, Amir Temur va Temuriylar davri, o‘zbek xonliklari, Rossiya imperiyasi hamda sovet mustamlakachiligi, milliy uyg‘onish harakati va mustaqillik yillaridagi taraqqiyot bosqichlari izchil yoritilgan.

Ekspozitsiyaning eng ta’sirchan jihatlaridan biri — tarixning shonli sahifalari bilan bir qatorda og‘ir va mashaqqatli davrlar ham xolis aks ettirilganidir.

Surxondaryoning Dalvarzintepasidan topilgan, umumiy og‘irligi 36 kilogramm bo‘lgan mashhur oltin xazina xalqimizning qadimgi yuksak madaniyati va hunarmandchiligiga yana bir bor guvohlik beradi. Qatag‘on qurbonlarini olib ketishda foydalanilgan maxsus qora avtomobil esa millat boshidan kechgan og‘ir sinovlarni unutmaslikka undaydi.

Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘n to‘rt nafar yetim bolani bag‘riga bosgan Shomahmudovlar oilasi va hovlisining maketi tarixni inson taqdiri orqali anglash imkonini beradi. Bunday eksponatlar faqat ma’lumot bermaydi, balki inson qalbiga ta’sir qiladi.

Eng muximi, muzeyning yakuniy qismida mustaqillik yillarida mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, 2016–2026 yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, infratuzilma va inson qadrini ta’minlash borasida erishilgan natijalar o‘z ifodasini topgan. Bu bo‘lim tarixning uzluksizligini, ajdodlar merosi bilan bugungi taraqqiyot o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlikni namoyon etadi.

Bugun dunyo O‘zbekistonni nafaqat jadal rivojlanayotgan davlat, balki boy tarix va yuksak sivilizatsiya merosiga ega mamlakat sifatida ham tan olmoqda. Xorijiy olimlar, muzeyshunoslar va sayyohlarning mamlakatimizga qiziqishi ortib borayotgani bejiz emas. Bu qiziqishning asosida xalqimizning ko‘p ming yillik tarixi, ilm-fan va madaniyat sohasidagi beqiyos merosi yotadi.

Shunday ekan, yurtimizga kelgan har bir xorijlik mehmon mamlakat haqidagi ilk va eng muhim tasavvurni muzeylar orqali shakllantiradi. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangilangan qiyofada faoliyat boshlashi ana shu jihatdan ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega. U mamlakatimiz haqidagi haqqoniy tasavvurni yanada boyitishga xizmat qiladi.

Ayni paytda mazkur muzey ta’lim tizimi uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Tarixni quruq nazariy ma’lumotlar orqali emas, balki noyob eksponatlar, interaktiv texnologiyalar va haqiqiy tarixiy muhit orqali o‘rganish yoshlarda milliy g‘urur, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishda ancha samaralidir. Shu nuqtai nazardan umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida muzey pedagogikasini yanada keng joriy etish, tarix darslarining muayyan qismini muzeylarda tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tarixni asrash — kelajakni asrashdir. Milliy xotirani mustahkamlash, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni dunyoga keng targ‘ib etish bugungi taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yangilangan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan, millatning kechagisi, buguni va ertasini o‘zaro bog‘lab turuvchi ma’naviy ko‘prikdir. Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari muzeyning ochilish marosimida ishtirok etdik va tariximizdan, ajdodlarimiz merosidan faxrlandik.

Zero, o‘z tarixini chuqur bilgan, uni qadrlagan va undan kuch olgan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

 

Vasila FAYZIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati