1494 05.08.2026
BMTning taraqqiyot dasturi (BMTTD) ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 68 foizi va biznes subyektlarining 60 foizi diniy e'tiqod sababli an'anaviy bank xizmatlaridan foydalanmas ekan...
Bu milliardlab mablag‘larning rasmiy moliya tizimidan tashqarida qolib ketishi bilan birga mamlakat va tadbirkorlarga foyda keltirmasligiga olib keladi.
2026 yilning 27 martida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bank tizimi va moliyaviy amaliyotlarni takomillashtirish, shuningdek, islomiy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish to'g'risidagi qonun imzolangach, O‘zbekistonda Islomiy banklar uchun ilk huquqiy asos yaratildi. U 2026 yil 29 iyundan kuchga kirdi.
Iqtisodchilarning fikricha, ushbu tizim biznes subyektlari uchun yiliga 5 milliard dollardan ortiq moliyaviy resurslarni jalb etish imkonini beradi. Shu o‘rinda haqli bir savol paydo bo‘ladi: yangi qonun haqiqatdan ham odamlarning moliyaviy xulq- atvorini o‘zgartira oladimi yoki u mavjud bank tizimini yangi atama va shakllar orqali qayta ifodalash bilan cheklanadimi? Ma’lumki, Birinchi zamonaviy Islom banki 1963 yili Misrning Mit Ghamr shahrida, Islom taraqqiyot banki esa 1973 yilda tuzilib, 1975 yildan o‘z faoliyatini boshlagan.
2024 yil holatiga ko‘ra, ushbu global tizim taxminan 5 trillion dollar miqdorida aktivlarga ega bo‘lib, 80 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda.
Islom moliyasi mahsulotlari asosida uchta asosiy tamoyil yotadi:
xavfni bir tomonga yuklamasdan, adolatli taqsimlash;
ortiqcha noaniqlik va sof spekulyativ operatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik;
- moliyaviy operatsiyalarni real aktivlar va haqiqiy iqtisodiy jarayonlar bilan bog‘lash.
Soddaroq tilda aytganda, yangi qonun endi O‘zbekiston bank- lariga ham ilgari huquqiy jihatdan cheklangan uchta asosiy imkoniyatni beradi: Birinchidan, banklar mijozga oddiy qarz berish o‘rniga real aktivlarni sotib olib, keyin ularni qayta sotish mexanizmidan foydalanishi mumkin.
Ikkinchidan, moliyaviy muassasalar mijoz biznesida bevosita ishtirok etib, foyda va zararni bo‘lishish asosida hamkorlik qiladi.
Uchinchidan esa Markaziy bank huzuridagi yangi Islom moliyasi kengashi nazorati ostida an’anaviy banklar tarkibida maxsus islomiy bo‘linmalar tashkil etiladi.
Ushbu tizim qanday ishlashini esa bir biznes subyektiga uskuna sotib olish maqsadida 100 million so‘m mablag‘ jalb etilishining ikki xil usulini solishtirib ko‘rsak; an’anaviy bank modelida bank mijozga 100 million so‘m qarz beradi va yiliga ma’lum bir foiz belgilaydi. Bank ushbu foizlarni daromadni biznes natijalaridan qat’i nazar talab qiladi. Agar uskuna ishlamay qolsa yoki korxona kutilgan natijani bermay qolgan taqdirda ham, qarzdor asosiy mablag‘ va belgilangan foizni qaytarishi shartligi belgilangan. Islomiy moliya shartnomasi bilan esa bank avval uskunani sotib oladi, unga egalik huquqini qo‘lga kiritadi va keyin uni ma’lum muddat davomida to‘lash sharti bilan mijozga sotadi. Bir qarashda har ikki usul o‘xshash ko‘rinishi mumkin: ya’ni, biznes egasi belgilangan muddatda ko‘proq mablag‘ to‘laydi. Ammo ularning iqtisodiy mohiyati bir xil emas. An’anaviy qarz munosabatida bankning daromadi pulni qarzga berishdan kelib chiqadi va bu qarz oldindan kafolatlab qo‘yiladi. Islomiy moliyada esa bank daromadi real aktivga egalik qilish, uni sotish va shu jarayonda ma’lum muddat aktiv bilan bog‘liq xavfni o‘z zimmasiga olish orqali shakllanadi.
Yana bir gap: Islom moliyasi faqat foizdan voz kechish ham emas, bu tizim kengroq axloqiy va iqtisodiy tamoyillarga ham asoslanadi.
Unda mablag‘lar alkogol, qimor, tamaki, qurol-yarog‘ va jamiyat uchun zararli deb baholanadigan boshqa sohalarga yo‘naltirilmasligi, moliyaviy operatsiyalar esa sof spekulyatsiyaga emas, balki ish o‘rinlari yaratadigan, tovar va xizmatlar ishlab chiqaradigan real iqtisodiy faoliyatni qo‘llab- quvvatlashga qaratilishi lozim.
Bunday yondashuv ekologik va ijtimoiy mas’uliyat konsepsiyalari bilan ham uyg‘unlashib bormoqda.
Xususan, qayta tiklanadigan energetika va barqaror infratuzilma loyihalarini moliyalashtiruvchi yashil sukuk(sukuk bu - ekologik va barqaror loyihalarni moliyalashtirish uchun chiqariladigan Islom moliyasiga mos qimmatli qog‘oz)lar.
Demak, Islomiy moliyada munosabatlar qay darajada adolatli, shaffof va real iqtisodiy faoliyat bilan bog‘langanidadir. To‘g‘ri, Islom moliyasini ham jiddiy tanqid qilayotganlar bor.
ISLOM MOLIYASINING O‘ZBEKISTON UCHUN ASOSIY IMKONIYATLARI
Ammo shuni unutmaslik kerakki, ushbu tizimdagi asosiy afzallik - bu moliyaviy qamrovni kengaytirish imkoniyatidir.
Bu O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki mamlakatda bank tizimidan tashqaridagi resurslar milliy iqtisodiyotimizga xizmat qilsa bundan barcha tomon birdek manfaat ko‘radi.
Islom moliyasi haqida gap ketganida Xalqaro Valyuta Fondi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini eslash ham o‘rinlidek tuyuladi. Unda mamlakatdagi 120 bank faoliyati tahlil qilingan. Ushbu tadqiqotga ko‘ra, Islom banklarining foyda ko‘rsatkichlari 2008 yilgi moliyaviy inqirozning dastlabki bosqichida 10 foizdan kamroqqa pasaygan, an’anaviy banklarda esa bu ko‘rsatkich 35 foizdan oshgan. Shuningdek, tadqiqot Islom banklarida kredit va aktivlar o‘sishiga nisbatan yuqori bo‘lganini ham ko‘rsatgan. Bunday natijaning asosiy sabablari moliyaviy operatsiyalarni real aktivlar bilan bog‘lash talabi bo‘lib, bu
banklarni yuqori darajadagi soxta operatsiyalar ta’siridan ma’lum darajada himoya qilishi bilan izohlanadi.
Biroq ushbu xulosalarni mutlaq ustunlik sifatida ham qabul qilmaslik kerak. Zero, 2008 yilgi inqiroz moliya bozorlaridan real iqtisodiyotga o‘tganidan keyin, 2009 yilgi natijalar Islom banklarining rentabelligi an’anaviy banklarga nisbatan ko‘proq pasayganini ko‘rsatib qo‘ydi. Boshqacha aytganda, inqirozning birinchi bosqichida Islom banklari nisbatan barqarorlashgan bo‘lsalar, keyingi bosqichda ustunlik deyarli sezilmadi.
XVF mutaxassislarining o‘rganishlari ham kichik Islom banklari odatda an’anaviy banklarga qaraganda barqarorroq ishlaganini, biroq yirik Islom banklarida bu ustunlik har doim ham kuzatilmaganini ko‘rsatdi. Buning asosiy sababi an’anaviy kreditlash uchun ishlab chiqilgan risklarni boshqarish mexanizmlarining foyda va zararni taqsimlashga asoslangan katta hajmdagi Islom moliya operatsiyalariga moslashtirish jarayonidagi murakkabliklar hisoblanadi. Demak, Islomiy bank tizimining nomi yoki shakli avtomatik ravishda yuqori barqarorlikni ta’minlamaydi.
Ya’ni, asosiy masala ushbu tizimning qanday boshqarilishi, qanday nazorat mexanizmlari yaratilishi va risklar qay darajada samarali ekaniga bog‘liqdir. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tizim samaradorligi barqarorlikni ta’minlovchi mexanizmlarga bog‘liq.
Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda mazkur tizim samara berishi uchun to‘rtta muhim jihatga e’tibor qaratish kerak:
Birinchidan, bozor faqat «Murabaha» asosidagi moliya- lashtirish bilan cheklanib qolmasligi kerak.
Dastlabki bosqichdanoq foyda va zararni taqsimlash tamoyiliga asoslangan moliyaviy mexanizmlar izchil rivojlantirilishi zarur.
Aks holda, amaliyotda kuzatilganidek, amalga oshirish oson bo‘lgan sodda modellar ustunlik qilib qolishi mumkin. Ikkinchidan, muayyan talab shakllanishini kutmasdan, Islom moliyasi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashga sarmoya kiritish lozim.
Zero, Malayziya tajribasi ham ushbu tizimning muvaffaqiyati kuchli kadrlar salohiyatini rivojlantirishga bog‘liqligini ko‘rsatdi. Shu sababli mutaxassislar tayyorlashga keyinga qoldiriladigan vazifa deb qaramaslik kerak.
Uchinchidan, Islomiy moliya tizimini joriy etish bilan birga aholining moliyaviy savodxonligini ham oshirish talab etiladi. Bu borada esa Indoneziya tajribasidan foydalanish mumkin.
Ya’ni, Islom moliyasi tamoyillarini mijozlarga sodda, aniq va tushunarli tilda yetkazish aholining tizimga bo‘lgan ishonchini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. To‘rtinchidan, ushbu tizim muvaffaqiyatini baholashda faqat o‘sish ko‘rsatkichlariga emas, balki barqarorlik darajasiga ham e’tibor qaratish kerak. Chunki, 2024 yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar nafaqat o‘sishni, balki global inqirozlar davrida natijalar pasayishini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Zero, zamonaviy iqtisodiy muhitda bunday sinovlar tobora ko‘proq uchramoqda.
Shukrullo NURMATOV,
Buyuk Britaniyaning Durham universiteti Biznes maktabi magistratura bosqichi talabasi,
“Milliy tiklanish” partiyasining O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi eksperti
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 5-avgust sonidan olindi