“Milliy tiklanish” takliflari xorazmliklarni ham befarq qoldirmaydi


133     12.10.2024

   Halqimizning shunday qadriyatlari borki, ularni aslo uzib bo‘lmaydi. Til ana shunday qadriyatlardan biridir. “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga 35 yil bo‘lyapti. Lekin ijrosi hamon to‘la taʼminlanmadi. 

   Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatrida o‘tgan saylovoldi targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqan Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Firuza Muhammedjanova yuqoridagi fikrlarni qayd etarkan, bizga tilimiz, qadriyatlarimiz, tom maʼnodagi sharqona oila kerakligini taʼkidladi.

   – Bugun ko‘p tilli jamiyatda yashayotganimiz juda yaxshi. Lekin bu o‘zimizning tilimizni yo‘qotish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Shundan kelib chiqib, partiyamizning yangi Saylovoldi dasturida tarbiya va taʼlimni rivojlantirish, qadriyatlarni asrash, davlat tili maqomi, oilani mustahkamlash bo‘yicha bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilyaptiki, albatta, ular xorazmliklarni ham befarq qoldirmaydi, – dedi Firuza Muhammedjanova.

   Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan targ‘ibot tadbirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar ham so‘zga chiqib, saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi. Butun viloyat ahlini “Milliy tiklanish” partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.