1694 27.08.2026
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlarning nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjonni asrlar davomida shakllangan umumiy tarix, til va adabiyot, milliy qadriyatlar hamda buyuk ajdodlar merosi bog‘lab turadi. Bugungi siyosiy munosabatlarning mustahkamligi ham aynan mana shu maʼnaviy poydevorga tayanadi. Shu maʼnoda, tashrif davomida Nizomiy Ganjaviy merosiga alohida eʼtibor qaratilgani katta ramziy ahamiyatga ega. Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi ochilgani ikki xalqning ilmiy va maʼnaviy mushtarakligini amalda ifodalovchi muhim voqea bo‘ldi.
Mazkur kampus 40 gektar maydonni egallaydi, unda jami 20 ming nafar talaba tahsil olishi uchun imkoniyat yaratiladi. Birinchi bosqichda esa 12 ming o‘rinli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi barpo etilgan. Universitet hududida Nizomiy Ganjaviy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasining tashkil etilishi esa taʼlimni tarixiy xotira va maʼnaviyat bilan uyg‘unlashtirishning yorqin namunasidir.
Bugungi O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining eng katta strategik boyligi — bu yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlardir. Chunki davlatlar o‘rtasidagi do‘stlikni shartnomalar mustahkamlaydi, ammo uni avloddan avlodga yetkazadigan kuch — ilm, taʼlim, madaniyat va maʼnaviyatdir.
Tashrif doirasida madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Yangi Toshkentda 4 gektar maydonda “Ozarbayjon” bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgani ikki xalqning tarixiy xotirasi va madaniy yaqinligini aks ettiruvchi doimiy ramz bo‘ladi. Boku shahridagi “O‘zbekiston” bog‘i bilan birgalikda bu maskanlar qardosh xalqlar do‘stligining o‘ziga xos maʼnaviy ko‘prigiga aylanadi.
Bugun dunyoda bilim va innovatsiya davlatlarning taraqqiyotini belgilayotgan bir paytda O‘zbekiston va Ozarbayjonning taʼlim hamda ilm-fan sohasidagi hamkorligi alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy universitetlar, ilmiy laboratoriyalar, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar orqali ikki davlat nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun ham mustahkam intellektual poydevor yaratmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Ilhom Aliyevning ushbu tashrifini qardoshlik tarixini bilim va tafakkur orqali kelajak avlodga olib o‘tadigan tashrif, deb baholash mumkin. Zero, iqtisodiy manfaatlar o‘zgarishi mumkin, siyosiy vaziyatlar almashishi mumkin, ammo yosh avlod qalbiga singdirilgan do‘stlik, ilm va maʼnaviy qadriyatlar uzoq yillar yashaydi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi “Abadiy do‘stlik” bugun siyosiy hujjat bilan mustahkamlangan bo‘lsa, uning ertangi kafolati — maktab va universitetlarda taʼlim olayotgan, ilm izlayotgan, ikki xalqning umumiy tarixini o‘rganayotgan yoshlarimizdir.
Dilshod MIRZAAHMEDOV,
Jizzax viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari