1899 28.08.2026
Men har doim mustaqillikni ikki davrga bo‘lib o‘rganish lozim, degan fikrni bildirib kelganman: eng muvaffaqiyatli davr bu, shubhasiz, Yangi O‘zbekiston islohotlari davridir. Istiqlolning ilk davrlarida asosiy eʼtibor davlatimiz, sarhadlarimiz yaxlitligi va tinchligini saqlab qolishga qaratilgan bo‘lsa, keyingi davr ozod O‘zbekiston davriga aylandi. Yaʼni, bunyodkorlik va tom maʼnodagi erkinlik g‘oyalari asosida davlatchiligimizning Yangi O‘zbekiston, degan omadli davriga qadam qo‘ydik.
Shu o‘rinda butun dunyoda turli nizolar, manfaat pardasiga o‘ralgan to‘qnashuvlar, hatto davlatlar suvereniteti, qadriyatlariga raxna solishlar avj olayotgan bir sharoitda O‘zbekistonga chin millat farzandi, har qanday murakkabliklarni oldindan sezadigan, siyosiy irodali va xatarlarni tinchlik, muzokaralar yo‘li hal qila oladigan insonning rahbarlikka kelgani bu xalqimizni Xudo qo‘llagani bo‘ldi.
Keng ko‘lamli islohotlar davrida Yangi O‘zbekistonning ilk yillaridayoq milliy parlamentarizmni kuchaytirish, mamlakatdagi turli siyosiy to‘lqinlarni xalqimiz manfaatiga bura olish, partiyalarga qog‘ozda emas, amalda erkinlik berish orqali qonun chiqaruvchi oliy organning sog‘lom raqobat maydoniga aylanishiga birlamchi eʼtibor qaratilganini taʼkidlash joiz. Eng muhimi, qonunlarga partiya g‘oyalarini singdirish uchun yo‘l berildi va bu jarayonda “Milliy tiklanish” qarashlarida ham, maqsad va vazifalarida ham o‘zgarishlar yuz berdi.
Masalan, partiya uzoq yillar “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” shiori asosida faoliyat yuritib keldi. Biroq Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida biz “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” degan yangi shiorni tanladik va bu bilan zamonaviy dunyoda milliy qadriyatlarimizni asragan holda o‘zgarish va rivojlanish yo‘liga kirishimiz kerak, degan qarashni bosh g‘oyaga aylantirdik. “Har qanday taraqqiyot qadriyatlarga tayanishi kerak”, degan shior esa partiyamiz chaqirig‘i sifatida yangray boshladi.
Maʼlumki, keyingi yillarda dunyoda moddiy neʼmatlar ko‘paydi, insonning iqtisodiy qarashlari ham shunga moslasha boshladi. Yashash sharoitlari tobora yaxshilanayotganiga qaramay, urf-odatlardan voz kechish, oilaga, tarixga bepisandlik, ajdodlardan uzoqlashish, bir so‘z bilan aytganda, qadriyatlarni unutish jarayoni avj oldi. Boshqacha aytganda, dunyoda odamlarni qadriyatlar va ezgu g‘oyalarsiz yashashga ko‘niktirish kuchaydi. Buning zamirida esa shubhasiz, o‘tmishidan uzilgan avlodni shakllantirish maqsadi mujassam edi. Shu bois ham biz yurtdoshlarimizga, ayniqsa, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarga Vatan va qadriyat tushunchalarining asl mohiyatini anglatishimiz lozim.
Mutaxassislarning fikricha, har qanday inson asosiy ko‘nikmalarga 6-10 yoshlik davrida ega bo‘ladi. Agar bu davrda til, millat, vatan tushunchalarini, qadriyatlarini qadrsizlantirib qo‘ysak, bolaning qolgan umri davomida qanchalik kuchli targ‘ibot-tashviqot qilinmasin, u o‘z qarashlarini o‘zgartirolmaydi. Shuning uchun ham bolaga shakllanish davrida nima uchun Vatan, qadriyatlar zarurligini tushuntira olsak, bolada onaga, ona Vatanga, til va millatga nisbatan mehr paydo bo‘ladi, unda eng asosiy ko‘nikmalar hosil bo‘ladi. Bunday avlod esa boshqa millat va elatlarga tegishli qadriyatlarni beqadr qilmagan holda, o‘z qadriyatlarini qadrlay boshlaydi.
Tan olaylik: hayot insoniyatning huzur-halovatda yashashi uchun faqatgina iqtisodiy neʼmatlar yetarli emasligini allaqachon isbotlab bo‘ldi. Bunga so‘nggi bir asr davomida iqtisodiy rivojlangan dunyo o‘zgarishlari misol bo‘lishi mumkin. Garchi, ko‘plab rivojlangan davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlari yaxshilanib, aholisi farovon yashay boshlagan bo‘lsa-da, ular o‘zlari bilib-bilmay qadriyatlarini boy berib qo‘ymoqdalar. Yaʼni, aksariyati milliy urf-odatlarni eskilik sarqiti deb qabul qilishdi. Farzand dunyoga keltirish, avlodni davom ettirish esa iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamagani uchun voz kechish boshlandi. Boshqacha aytganda, insonni tom maʼnoda baxtli qilishi mumkin bo‘lgan asosiy mezonlardan iqtisodiy manfaat nuqtai nazaridan yuz o‘girilyapti.
Hatto dunyoning turli nuqtalarida inson ongidan Vatan va O‘zlik tushunchalarini chiqarib yuborishga intilayotgan kuchlar paydo bo‘ldi. Ularning nazdida: qorin to‘q bo‘lsa bas, odam o‘zi xohlagan narsasiga erishdimi, shuning o‘zi yetadi, qolgani ikkilamchidir.
“Milliy tiklanish” esa zamonaviy, texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlagan holda har qanday taraqqiyot milliylik, o‘zlikni ayriboshlash, yo‘qotish hisobiga emas, aksincha, milliy tarix, qadriyatlar poydevorida qurilishi kerak, degan g‘oyani ilgari surmoqda.
Hali oldimizda juda katta vazifalar turibdi, o‘zgarish va yangilanishlar yo‘lida hatto keskin burilishlardan ham o‘tishimizga to‘g‘ri kelar. Lekin qiyinchiliklarga qaramay xalqimiz o‘z YETAKCHISI atrofida birlashib, oliy maqsad sari dadil odimlamoqda. Va bu yo‘lning boshlanishi yangi O‘zbekiston islohotlari bo‘ldi. Aynan shu sababli ham bu safargi mustaqillik bayramini boshqacha kutib olyapmiz.
Istiqlolimizning navbatdagi muvaffaqiyatli davri, shubhasiz, juda katta natijalarni ham olib kelmoqda: keyingi o‘n yilda xalqni rozi qilish siyosati davlat siyosatiga aylandi, mamlakatimiz iqtisodiyoti 2,5 barobardan ziyodga ortib, xorijiy investitsiya miqdori 160 milliard dollardan oshdi. Davlat va xususiy sektor bilan birgalikda 1 million 200 ming o‘rinli zamonaviy maktablar, 342 ming o‘rinli bog‘cha va 62 ming o‘rinli shifoxonalar qurildi. Bularning bari, ulkan o‘zgarishlar zanjirning kichik bir xalqalari, xolos.
O‘ttiz besh yillik erkinligimiz muborak bo‘lsin, aziz, yurtdoshlar!
Alisher QODIROV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi raisi