Birgina iqtisodiy to‘kinlik bilan farovon yashab bo‘lmaydi


223     12.10.2024

   Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning yangiyo‘llik saylovchilar bilan uchrashuvi tumandagi “Ahil” mahallasida joylashgan bog‘cha faoliyati bilan tanishishdan boshlangani bejiz emas.

   “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari malakasini oshirish, bolajonlarimizni qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash bo‘yicha ham bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan. Chunki Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida tarbiyaning o‘rni sezilarli darajada oshib, tizim takomillashib borayotgan bo‘lsada, hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar bor.

   Jumladan, bog‘chalarda oliy maʼlumotli mutaxassislar yetarli emas. Borlarining ham malakasi bugungi talablarga javob bermaydi. Ayrim bog‘chalar hamon shunchaki bolalarni “majburan ushlab turish” maskani sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

   Nomzodlar bog‘cha shart-sharoitlari bilan tanishdi, tarbiyachilar bilan qisqa bo‘lsada dildan suhbatlashdi. Sohani riojlantirish bo‘yicha dasturda ilgari surilgan takliflar haqida maʼlumotlar berildi.  

   Shundan so‘ng tumandagi 5-sonli Sanʼat va musiqa maktabida yangiyo‘llik saylovchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tidi.  

   Partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov so‘zga chiqib, bunday uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad saylovchilarni g‘oya va maqsadlarimiz bilan keng tanishtirib, partiyaga xayrixohlarni ko‘paytirish ekanini, bugun uchrashuvga kelganlar saylovlarda nima uchun “Milliy tiklanish” partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishim kerak, degan savoliga javob topib ketishi kerakligini taʼkidladi.

   Bugun barcha harakatlar O‘zbekistonni dunyoning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish orqali xalqimiz farovonligini taʼminlash, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyatni barpo etishdir. Shu maʼnoda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi taraqqiy etgan barcha davlatlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va bu orqali iqtisodiyotni rivojlantirish tarafdori. Lekin bu qadriyatlarimizni toptash hisobiga bo‘lmasligi kerak.

   Butun dunyoda insoniyat to‘kin iqtisodiyot qurdi, lekin farovon jamiyat qurolmadi. Buning sababi baxtli yashash uchun faqatgina iqtisodiy farovonlik kamlik qiladi.

   – Biz texnologik, taʼlimdagi, iqtisodiyot va barcha sohadagi rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin bularning birortasi qadriyatlarimizga zid bo‘lmasligi kerak! Biz o‘zligimizni yo‘qotib rivojlana olmaymiz, – dedi Alisher Qodirov yangiyo‘lliklarni partiyaning saylovoldi dasturi bilan tanishtirarkan.

   Uchrashuvda deputatlikka nomzodlar ham so‘zga chiqib, partiya va o‘zlarining saylovoldi dasturidagi eng muhim jihatlar haqida maʼlumotlar berdi va bo‘lajak saylovlarda “Milliy tiklanish” va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.