1675 04.09.2026
Shunday pallalar bo‘ladiki, ular millat o‘tmishi, buguni va kelajagini bir nuqtada tutashtirib, chuqur tafakkurga undaydi. Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida ortga nazar tashlab, bosib o‘tgan yo‘limizni sarhisob qilish, yutuqlarni qadrlab, istiqboldagi rejalarni belgilab olish xalqimiz uchun go‘zal an’anaga aylangani bor gap.
Istiqlol o‘z-o‘zidan kelib qolgan in’om emas, u har bir soha vakilidan ulkan mas’uliyat, fidoyilik va yaratuvchanlikni talab etuvchi uzluksiz jarayondir. Shu o‘rinda esa jamiyat qaysi yo‘nalishda harakatlanmasin, uning yurak urishi va qon bosimini aniq ko‘rsatib beruvchi o‘ziga xos barometr ommaviy axborot vositalari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan davr mobaynida, ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy qiyofasi tubdan o‘zgardi hamda mazkur yangilanishlar shabadasi matbuot va media maydonida ham yaqqol sezildi. Jamiyatda erkin fikr uyg‘onishi, fuqarolarning o‘z haq-huquqlarini teran anglab yetishi o‘z-o‘zidan ro‘y bergani yo‘q, albatta.
Ochiqlik va oshkoralik tamoyillari jamiyat hayotining qon tomiriga aylanib borayotgan ayni davrda axborot sohasi ulkan transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Bir vaqtlar xalq dardi va muammolaridan uzilayozgan, aksariyat hollarda balandparvoz so‘zlar iskanjasiga tushib qolgan jurnalistika bugun yangicha qiyofa kasb etdi. Matbuot sahnasiga dadil fikr, tanqidiy yondashuv hamda tahliliy mushohada qaytdi. Yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lidagi amaliy ishlar mevasini bera boshladi. Bu kabi ijobiy o‘zgarishlarning tub negizida, shubhasiz, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va demokratik tamoyillarni hayotga joriy etish yo‘lidagi qat’iy tashabbuslari mujassam. Mamlakatimiz yetakchisining bevosita e’tibori hamda qo‘llab-quvvatlashi natijasida qalam ahli o‘zining chinakam kuchini his qildi, jamiyatdagi kamchiliklarni dadil ko‘tarib chiqish va ijtimoiy adolat minbariga aylanish imkoniga ega bo‘ldi. Jurnalistika endilikda shunchaki voqea-hodisalarni qayd etuvchi yoki maqtovlarni qatorlashtiruvchi vosita emas, u xalqni qiynayotgan masalalarni ildizi bilan tahlil qilib, ularga yechim izlovchi va, eng muhimi, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatuvchi kuch sifatida maydonga chiqdi.
Davlat va jamiyat o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlashda xususiy sektor ulushining ham hissasi e’tirofga munosib. E’tiborli jihati, bugungi axborot makonida nafaqat davlat nashrlari, shu bilan birga, xususiy media subyektlari ham o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi. Nodavlat telekanallar, mustaqil internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faol ijodkorlar xalqimizning o‘y-xayollari, orzu-umidlari va tashvishlarini ro‘yrost namoyon etuvchi ko‘zguga aylandi. Aynan ularning sa’y-harakatlari bilan eng chekka hududlardagi muammolar ham keng miqyosda muhokama qilinib, o‘z yechimini topmoqda. Davlat va hokimiyat idoralari xususiy nashrlar ko‘tarib chiqayotgan masalalarga zudlik bilan munosabat bildirayotgani, tanqidlar asosida amaliy choralar ko‘rilayotgani va mansabdor shaxslarning xalq bilan bevosita muloqotga kirishayotgani – so‘z erkinligi amalda ta’minlanayotganining yorqin isbotidir. Davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasidagi shaffof muloqot aynan mustaqil ommaviy axborot vositalari ko‘magida samarali yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur hamkorlik hamda bir-birini eshitish madaniyati jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash barobarida, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.
Tarixga qarasak, har qanday buyuk yuksalish va sivilizatsiyalar uyg‘onishi davrida erkin fikr, ilm-fan hamda ma’rifat yetakchi o‘ringa chiqqaniga guvoh bo‘lamiz. Jadid bobolarimiz ham xalqni jaholat botqog‘idan qutqarishda asosiy qurol sifatida bejiz milliy matbuotga tayanmagan. Bugungi kunda ham ushbu ezgu an’ana o‘zining mantiqiy davomini boshdan kechirmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasi juda chuqur o‘ylangan, aniq mexanizm va strategiyalarga asoslangan, jamiyat intellektini yuzaga chiqaruvchi tarixiy qadamdir. Milliy yuksalishning bu yangi davri o‘zida yuksak ma’naviyat, zamonaviy ta’lim, innovatsion iqtisodiyot va, albatta, erkin tafakkurni mujassam etadi. Bunday ulug‘vor maqsadlar sari tashlanayotgan qadamlar samarasini xalqqa yetkazish, odamlar qalbida daxldorlik hissini uyg‘otish hamda islohotlar yo‘lidagi sun’iy to‘siqlaru byurokratik holatlarni xolis yoritishda matbuotning o‘rni beqiyos bo‘lmog‘i shart. Zamonning o‘zi qalam ahlidan jamiyatni uyg‘otuvchi, xalqni teran fikrlashga undovchi va millatning intellektual salohiyatini yuksaltiruvchi asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lishni qat’iy talab etmoqda. Qachonki axborot makonida halollik, xolislik va chuqur tahlilni qaror toptirsakkina, mamlakatimiz ravnaqi hamda Uchinchi Renessans g‘oyasining tomir yozishiga munosib xizmat qilgan bo‘lamiz.
Shu o‘rinda e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan yana bir dolzarb masala borki, u bevosita milliy kontent yaratish jarayoni bilan bog‘liq. Globallashuv shiddat bilan jadallashib, axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlar turfa jozibador ko‘rinishlarda namoyon bo‘layotgan hozirgi zamonda milliy o‘zligimiz, qadriyatlarimiz va boy tariximizni asrab-avaylash ustuvor vazifaga aylandi. Chegarasiz internet tarmog‘i orqali yot g‘oya va madaniyatlarning ta’siri soat sayin kuchayib borayotgan bir sharoitda, ommaviy axborot vositalari vakillari milliy kontent yaratishga bo‘lgan mas’uliyatni susaytirmasliklari lozim va lobud. Yoshlarimiz ongi va dunyoqarashini sof milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat va umuminsoniy ezguliklar asosida boyitish maqsadida ommabop, yuqori sifatli hamda ta’sirchan milliy axborot mahsulotlarini ko‘paytirish hayotiy zarurat. Biz faqatgina badiiy va hujjatli filmlar, milliy qahramonlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi ta’sirchan dasturlar hamda o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini namoyon etuvchi intellektual loyihalar orqaligina minglab o‘quvchiyu tomoshabinlarni o‘z atrofimizda jipslashtira olamiz.
Yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Birlashish nuqtasi” media haftaligi ham bu boradagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi. Unda 70 ga yaqin nodavlat telekanal, radio va onlayn nashrlar yagona maydonda jamlanib, milliy kontent yaratuvchilarning hamjihatligini namoyish etdi. Bu tashabbus BMT, YXHT va YUNESKO kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, mamlakatimizdagi so‘z erkinligi siyosati to‘g‘ri yo‘lda ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Haftalik doirasida sohadagi huquqiy va iqtisodiy muammolarni hal etish, faxriy ustozlar tajribasini yoshlar shijoati bilan uyg‘unlashtirish jarayonlari o‘zbek jurnalistikasini yanada yuksak darajaga olib chiqishda muhim tayanch bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, axborot maydonidagi yakdillik va milliy mediamizning birlashishi yurtimiz manfaatlarini himoya qilish hamda farovon kelajakni qurishning asosiy garovi bo‘lib qolaveradi.
Ta’kidlash joiz, axborot iste’molchisining saviyasi va talabi o‘tgan yillarda mislsiz darajada o‘sdi. O‘quvchi endilikda voqelikni shunchaki qabul qiladigan kuzatuvchi emas, uni chuqur tahlil etadigan, rostni yolg‘ondan ajrata biladigan, haqli e’tirozlarini ochiq bildira oladigan, mustaqil fikrli faol ishtirokchidir. Shunday ekan, media vakillari ham qotib qolgan qoliplardan voz kechib, kreativ yondashuvlarni o‘zlashtirishi, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanishi yanada amaliy zaruratga aylandi.
Haqiqiy ijodkor o‘z so‘zining qudrati va mas’uliyatini teran anglagan holda, faqat millat manfaati yo‘lida qalam tebratishi, e’lon qilinayotgan har bir maqola, reportaj yoki ko‘rsatuv ortida murakkab inson taqdiri, Vatan ravnaqi va jamiyat kelajagi turganini dildan his qilishi lozim. Axborot maydonida yaratilayotgan har bir sifatli mahsulot tarix sifatida kelajak avlodlar uchun muhrlanib borishini unutishga haqqimiz yo‘q. Erkinlik hech qachon qoidalarni unutish yoki mas’uliyatsizlikni anglatmaydi, aksincha, u vatanga, xalqqa va vijdon oldida javobgarlikni talab etuvchi ulug‘ ne’matdir. Biz aytayotgan har bir so‘z tarozi pallasida turibdi, uning tosh bosishi esa faqatgina o‘zimizning xolisligimiz va kasbiy mahoratimizga bog‘liq.
Mustaqillik ayyomi chinakam ma’nodagi sarhisob lahzasi ekanini inobatga olsak, bosib o‘tgan qisqa, ammo mazmunli, mashaqqatli va sharafli yo‘limiz bizga katta saboq beradi. Jamiyat faqatgina qiyinchiliklar va to‘siqlarni yengib o‘tish orqaligina toblanadi. Erishilgan yutuqlardan ruhlanish bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, oldinda turgan dovonlardan muvaffaqiyatli o‘tish uchun ruhan va jismonan kuch to‘plash ayni muddao.
Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalib, xalqaro maydonda qat’iy so‘zini aytayotgan bir pallada matbuotimiz ham global axborot makoniga dadil kirib borishi, mamlakatimizning ijobiy imijini dunyoga tanitishda, islohotlar mohiyatini jahon ommasiga yetkazishda avangard rolini bajarishi shart.
Jurnalistika sohasi vakillari, media menejerlar, tahririyat xodimlari va umuman axborot siyosatiga daxldor har bir insonning Yangi O‘zbekiston shonli yilnomasini yaratishga qo‘shadigan hissasi faqatgina qat’iyat, chuqur bilim hamda fidoyilik orqaligina ro‘yobga chiqadi. Biz esa orqaga qaytish yo‘qligini, qilinayotgan har bir mehnat Vatan ravnaqiga xizmat qilishini chuqur anglagan holda faoliyat yuritishimiz ham zarurat, ham davr talabi bo‘lib qolaveradi.
Odiljon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Milliy media assotsiatsiyasi boshqaruv raisi