1988 04.09.2026
Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi nafaqat bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lga xolisona nazar tashlash, balki xalqimiz va davlatimiz oldida turgan yangi, ulkan maqsad va vazifalarni belgilab bergan muhim siyosiy dasturiy chiqish bo‘ldi.
Mazkur nutqda mustaqilligimizning xalqimiz hayotidagi beqiyos ahamiyati, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari hamda kelgusi o‘n yillik uchun belgilangan strategik ustuvor vazifalar chuqur tahlil qilindi.
Nutqda ta’lim va ilm-fan masalasiga berilgan yuksak e’tibor ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bugungi global raqobat sharoitida mamlakatning haqiqiy boyligi uning tabiiy resurslari bilan emas, balki bilimli, zamonaviy kasblarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan inson kapitali bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davri sifatida belgilash va uning doirasida 7 ta milliy dasturni amalga oshirish tashabbusi mamlakatimiz taraqqiyotining aniq va puxta strategik yo‘nalishini belgilab berdi.
Ushbu dasturlarda bilim va malakani asosiy kapitalga aylantirish, xalq salomatligini muhofaza qilish, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish, suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, qonun ustuvorligi va sud mustaqilligini ta’minlash, mahallani taraqqiyotning asosiy buyurtmachisiga aylantirish hamda O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi xalqaro nufuzini yuksaltirish kabi o‘ta muhim vazifalar qamrab olingan.
Fikrimizcha, mazkur yetti milliy dasturning eng muhim jihati shundaki, ularning barchasi o‘zaro uzviy bog‘liq. Sifatli ta’lim – kuchli iqtisodiyotni, sog‘lom aholi – yuqori mehnat unumdorligini, qonun ustuvorligi – ishonchli investitsiya muhitini, obod mahalla – farovon jamiyatni, tinchlik va barqarorlik esa barqaror taraqqiyotni ta’minlaydi.
Nutqda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor ham mamlakat kelajagiga bo‘lgan katta ishonchning yorqin ifodasidir. Yoshlarning tadbirkorlik, ilm-fan, texnologiya, sport va xalqaro maydonlardagi yutuqlari Yangi O‘zbekistonning yangi avlodi qanday ulkan salohiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish orqali millionlab yoshlarni kelajak kasblariga yo‘naltirish vazifasi esa mamlakatimiz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichini boshlab beradi.
Ayniqsa, “O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim”, degan g‘oya har birimiz uchun muhim chaqiriqdir. Bu nafaqat til taraqqiyoti, balki milliy ilm-fan, texnologiya va innovatsion salohiyatni yangi bosqichga olib chiqish vazifasini ham anglatadi.
Bugun dunyoda turli geosiyosiy ziddiyatlar, iqtisodiy muammolar va global tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati mamlakatimiz manfaatlariga to‘liq xizmat qilmoqda. Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitining qaror topishi, dunyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarining kengayishi, mamlakatimiz xalqaro nufuzining tobora ortib borayotgani bu siyosatning amaliy natijasidir.
Davlatimiz rahbari nutqining eng asosiy va ta’sirchan g‘oyasi, menimcha, birdamlik masalasidir. Zero, xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashsa, erishib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”, degan ishonchli so‘zlar har bir vatandoshimiz qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik, kelajakka ishonch va yanada katta mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘otadi.
Bugun barchamizdan Prezidentimiz ilgari surgan ulkan maqsad va tashabbuslarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shish talab etiladi. Chunki Yangi O‘zbekistonni barpo etish – faqat davlat idoralarining vazifasi emas, balki har bir fuqaroning umumiy burchi va muqaddas mas’uliyatidir. Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni albatta birgalikda barpo etamiz!
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati