123 15.10.2024
Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar Shofirkon tumanidagi pedagoglar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Tumandagi 5-son umumtaʼlim maktabida o‘tgan uchrashuvda soha xodimlariga “Milliy tiklanish” partiyasining Saylovoldi dasturida tarbiya-taʼlim bilan bog‘liq ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida maʼlumotlar berildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Maxsud Muhammedov dastur bilan tanishtirarkan, “Taʼlim va tarbiya — taraqqiyot poydevori” shiori ostida yosh avlod hayoti va kamoloti, mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan farzandlarimizning, avvalo, maktabgacha taʼlim bosqichidanoq aql-idroki va zehnini o‘stirish, maktabgacha va maktab taʼlimi bilan bog‘liq eng ustuvor mezonlar, dolzarb masala va muammolar yechimi qamrab olinganini taʼkidladi.
– Biz saylovlarda, albatta, “Milliy tiklanish” va uning nomzodlariga ovoz beramiz. Chunki “Milliy tiklanish” uchun har doim tarbiya va taʼlim ustuvor bo‘lgan, – dedi so‘zga chiqqan pedagoglar.