Strategik sheriklik — munosabatlarning yangi bosqichi


1539     11.09.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida sanoat kooperatsiyasi, investitsiyaviy hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

E’tiborlisi, Serbiya Yevropa Ittifoqining asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, ularning tovar aylanmasi yildan yilga ortib bormoqda. Mamlakatimizning ushbu davlat bilan savdoni rivojlantirish orqali tadbirkorlar uchun Yevropa bozorlariga kirish imkoniyati yanada kengayadi.

 Bugungi kunda Serbiyada mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va IT sohalari rivojlangan hamda turizm, agrosanoat va farmatsevtika sohalarida yuqori natijalarga erishilgan. Misol uchun, 2025-yilda mamlakatning AKT xizmatlari eksporti 10 foizdan ziyodga o‘sib, 4,5 milliard yevrodan oshgan. Shu bois, mamlakatimiz tadbirkorlik subyektlari uchun ushbu yo‘nalishda yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish foydalidir.

Erishilgan kelishuvlar kelajakda ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytiradi. Tashqi savdo geografiyasini kengaytiradi. Yangi bozorlarga chiqish va import-eksport tizimini diversifikatsiya qilish uchun sharoit yaratadi. 

Alohida aytish joizki, davlatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarida Serbiya Xalq yig‘ilishi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda. Siyosiy muzokaralar jarayonida ham parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish, kelajakda parlamentlararo forum tashkil etilishi muhimligi qayd etildi.

Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risida tuzilgan bitim mehnat munosabatlarini rasmiy tartibga soladi, mehnat migrantlari huquqiy himoyani kuchaytiradi hamda malakali kadrlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqiga yaqin bo‘lgan Serbiya davlati bilan hamkorlik mamlakatimizning eksport imkoniyatlarini oshiradi. Sanoat va texnologiyada modernizatsiya sur’atini tezlashtiradi hamda investitsiyalar jalb qilishni kengaytiradi.

Albatta, parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament nazorati va qonunchilik faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Jahongir MAMAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati