Yetti milliy dastur - istiqboldagi rejalarimiz poydevori


1648     11.09.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi nafaqat bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lga xolisona nazar tashlash, balki xalqimiz va davlatimiz oldida turgan yangi maqsad va vazifalarni belgilab bergan muhim dasturiy chiqish ham bo‘ldi.
Mazkur nutqda mustaqilligimizning xalqimiz hayotidagi beqiyos ahamiyati, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari hamda kelgusi o‘n yillik uchun belgilangan strategik ustuvor vazifalar chuqur tahlil ham qilindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim va ilm-fanga qaratilgan yuksak e’tibor, ayniqsa, millionlab yurtdoshlarimiz dilidagi ish bo‘ldi. Chunki, bugungi global raqobat sharoitida mamlakatning haqiqiy boyligi bilimli, zamonaviy kasblarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan inson kapitali bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davri sifatida belgilash va uning doirasida 7 ta milliy dasturni amalga oshirish tashabbusi milliy taraqqiyotimizning aniq va puxta strategik yo‘nalishini belgilab berdi.
Ushbu dasturlarda bilim va malakani asosiy kapitalga aylantirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish, suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, qonun ustuvorligi va sud mustaqilligini ta’minlash, mahallani taraqqiyotning asosiy buyurtmachisiga aylantirish hamda O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish kabi o‘ta muhim vazifalar qamrab olindi.
Fikrimizcha, yetti milliy dasturning eng muhim jihati-ularning barchasi o‘zaro uzviy bog‘langanligidadir. Sifatli ta’lim - kuchli iqtisodiyotni, sog‘lom aholi - yuqori mehnat unumdorligini, qonun ustuvorligi - ishonchli investitsiya muhitini, obod mahalla - farovon jamiyatni, tinchlik va barqarorlik esa barqaror taraqqiyotni ta’minlaydi. Nutqda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor ham mamlakat kelajagiga bo‘lgan katta ishonchni ifodalaydi, albatta. Qayd etish joizki, bugun yoshlarning tadbirkorlik, ilm-fan, texnologiya, sport va xalqaro maydonlardagi yutuqlari Yangi O‘zbekistonning yangi avlodi qanday salohiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish orqali millionlab yoshlarni kelajak kasblariga yo‘naltirish vazifasi esa taraqqiyotimizning mutlaqo yangi bosqichini boshlab beradi, desak xato bo‘lmaydi.
Ayniqsa, «O‘zbek tili - raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim»ligi to‘g‘risidagi g‘oya har birimiz uchun muhim chaqiriqdek yangradi. Bu nafaqat til taraqqiyoti, balki milliy ilm-fan, texnologiya va innovatsion salohiyatni yangi bosqichga olib chiqish vazifasini ham anglatadi. Dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar, iqtisodiy muammolar va global tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati dunyo miqyosida ham e’tirof etilyapti. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitining qaror topishi, dunyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarining kengayishi, mamlakatimiz xalqaro nufuzining tobora ortib borayotgani chindan ham ana shu siyosatning amaliy natijasidir. Yana bir gap. Davlatimiz rahbari nutqida ilgari surilgan eng asosiy va ta’sirchan g‘oya bu, menimcha, birdamlik masalasidir. Zero, xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashsa, erishib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. «Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz», degan so‘zlar, shubhasiz, har bir vatandoshimiz qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik, kelajakka ishonch va yanada katta mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirdi.
Zero, Yangi O‘zbekistonni barpo etish - faqat davlat idoralarining vazifasi emas, balki har bir fuqaroning umumiy burchi va muqaddas mas’uliyatidir.

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
"Milliy tiklanish" gazetasining 2026-yil 9-sentyabr sonidan olindi