1522 11.09.2026
Markaziy kengashda tashkil etilgan ekspertlik muloqotida Sog‘liqni saqlash vazirligi, epidemiologiya sohasi mutaxassislari, mahalliy Kengash deputatlari hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Muloqotda onalik va bolalikni muhofaza qilish, millat genofondini asrash hamda bolalar salomatligini taʼminlashda profilaktikaning o‘rni, vaksinatsiya tizimi va uning nazorati, shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bo‘g‘inining masʼuliyatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ekspertlar tomonidan bolani ona suti bilan boqishning farzand salomatligi va immunitetini shakllantirishdagi ahamiyati, chaqaloqlik davridan boshlab kasalliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil tashkil etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, yuqumli kasalliklarning oldini olishda vaksinatsiyaning ahamiyati, emlash jarayonlarini tashkil etish va nazorat qilish, aholi bilan profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov, Vaksinatsiya departamenti boshlig‘i Dilorom Alimova mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi.
Muloqot davomida bolalar salomatligi bilan bog‘liq masalalarga faqat davolash nuqtai nazaridan emas, balki profilaktika – erta aniqlash, tibbiy yordam va kuzatuv tamoyillari asosida kompleks yondashish zarurligi qayd etildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi onalik va bolalikni muhofaza qilishni jamiyatning bugungi farovonligi bilan bir qatorda, mamlakatning inson kapitali va milliy genofondini asrash bilan bog‘liq muhim yo‘nalish, deb hisoblaydi. Shu maqsadda partiya ushbu yo‘nalishda soha mutaxassislari, mutasaddi tashkilotlar va deputatlar bilan ochiq muloqotlarni davom ettirib, bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijrosini deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida o‘rganishga eʼtibor qaratadi.
Muloqot yakunida vaksinatsiya faqat tibbiy emas, jamoat salomatligi va davlat masʼuliyati masalasi ekani, tizimning barqaror va samarali ishlashini taʼminlaydigan huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish lozimligi, profilaktik emlashning qamrovi, sifati va nazorati bo‘yicha qonunchilik mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.