136 16.10.2024
Mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirish, xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimini takomillashtirish, yoshlarning bilim darajasini oshirish, ularning qobiliyatlarini aniqlash va bilim darajasini baholash orqali manzilli taʼlim berishni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumki, boshlang‘ich sinf va bu davrdagi taʼlimni o‘zlashtirish uchun eng muhim bosqich hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, yoshlarning psixologik holatidan kelib chiqib, har bir o‘quvchining bilimini baholash uchun individual yondashish talab etiladi. Sodda qilib aytganda, qaysidir o‘quvchini “5” baho bilan baholash unga motivatsiya bersa, kimningdir keyingi o‘zlashtirishiga boshqacha taʼsir qilishi mumkin. Yoki maʼlum bir o‘quvchiga “2” baho qo‘yish uning psixologiyasiga aks taʼsir ko‘rsatib, undanda og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin. Masalan, Yaponiya, Finlyandiya va boshqa ayrim mamlakatlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilimi baholanmaydi. Bu ularning psixologiyasi va yoshi, o‘zlashtirishi, maktab taʼlimiga endi kirib kelgani va boshqa rivojlanish faktorlari bilan bog‘liqdir.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi dasturidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilimini baholash tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi taklifi har tomonlama dolzarb hisoblanadi. Bu – yoshlarning sifatli taʼlimi, bilim va o‘zlashtirish darajasi, ularning munosib kasb tanlash va kelajakdagi faoliyati bilan uzviy bog‘liq.
Xo‘sh, milliy amaliyotda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bilimi qanaqa baholanishi kerak, bu borada asosiy mezonlar qanday bo‘lishi kerak?
Mazmunan olib qaraganda, boshlang‘ich sinfda dastlabki bilimlar – o‘qish, yozish, sanash, hisoblash shakllantiriladi. Asosiy baholash mezoni shu bosqich o‘quvchilariga o‘rgatishga qaratilgan taʼlim dasturlarini o‘quvchilar tomonidan qay darajada o‘zlashtirilganligi bo‘lishi kerak. O‘quv faoliyati bilan bir qatorda mental, tahliliy fikrlash, taqqoslash, saralash va shu kabi aqliy qobiliyatni rivojlantirish asoslarini o‘rgatish va natijalarini baholashga eʼtibor qaratish mumkin.
Xo‘sh, baholash tizimi natijalari yuzasidan qanday ishlarniamalga oshirish lozim?
Bu borada o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash natijalari bo‘yicha aniqlangan bo‘shliqlardan, shuningdek, ota-onalar, ekspertlar va boshqa shaxslarning takliflaridan kelib chiqib, Milliy o‘quv dasturini takomillashtirish muhim hisoblanadi. Yoshlar bilimini baholash bo‘yicha zamonaviy tajribada ushbu jarayon faqat maktabda, tegishli taʼlim muassasasida amalga oshirilmaydi. Bunda, albatta, ota-onalarning ishtiroki ham muhim hisoblanadi.
Xulosa qilish mumkinki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yoshi, o‘zini tutishi, psixologiyasi va boshqa omillarni inobatga olgan holda ular bilimini baholash tizimiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu borada bildirilgan tashabbusni amalga oshirishning aniq tartiblarini ishlab chiqish va davlat ishtirokida ularni samarali amalga oshirish o‘quvchilar, xususan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida taʼlim sifatini oshirish, ularning o‘zlashtirish darajasini yana-da yaxshilashga imkon beradi.