1532 15.09.2026
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatida izchil davom etayotgan ochiqlik, pragmatizm, o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillarining yana bir yorqin ifodasidir.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Janubiy Koreyaning nufuzli nashrlarida eʼlon qilingan “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” nomli maqolasi ushbu munosabatlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Unda ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy va do‘stona rishtalar, bugungi strategik sheriklik, savdo-investitsiyaviy aloqalar hamda hamkorlikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish masalalari chuqur tahlil qilingan.
So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz ikki tomonlama savdo hajmining 5 barobarga oshgani, Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 8 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etgani, yurtimizda Koreya Respublikasi kapitali ishtirokida 700 dan ortiq qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilayotgani — munosabatlarimiz nechog‘li jadal rivojlanayotganining yaqqol dalili. Shuningdek, “KOICA”, Koreya Eksimbanki va “EDCF” bilan hamkorlikdagi loyihalar portfelining 3,5 mlrd. dollardan ortiq ekani ham strategik sheriklikning amaliy mazmunini ko‘rsatib turibdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, bugungi kun tartibida faqat savdo yoki investitsiya hajmini oshirish emas, balki ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchan imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yangi o‘sish drayverlarini yaratish masalasi turibdi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, endi alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz zarur.
Bu yondashuv zamonaviy taraqqiyot talablariga to‘liq mosdir. Koreya Respublikasi innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyasi va inson kapitali yo‘nalishida ulkan tajribaga ega. O‘zbekiston esa katta bozor, boy resurslar, qulay geografik joylashuv, yosh va salohiyatli aholi hamda Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy imkoniyatlarga ega. Ana shu ikki tomon salohiyatining uyg‘unlashuvi kelgusi yillarda yangi iqtisodiy “o‘sish nuqtalari”ni yaratishga xizmat qiladi.
Shu maʼnoda, sunʼiy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmatsevtika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va “aqlli” shaharlar kabi yo‘nalishlarni istiqbolli hamkorlik sohalari sifatida belgilab olish juda muhim. Bu loyihalar O‘zbekiston iqtisodiyotini yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, raqamli va texnologik salohiyatimizni oshirish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli: u ikki tomonlama munosabatlar bilan bir qatorda, “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Bugun Markaziy Osiyo dunyo iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin egallab borayotgan mintaqaga aylanmoqda. 2025-yilda mintaqa davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 500 mlrd. dollardan oshgani ham bu salohiyatni yaqqol ko‘rsatadi.
Shunday sharoitda Koreya Respublikasining texnologik va investitsiyaviy imkoniyatlarini Markaziy Osiyoning ulkan bozori, tabiiy va inson resurslari bilan uyg‘unlashtirish nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyatga ega. Prezidentimiz tomonidan ushbu formatni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirilgan mexanizmga aylantirish borasida ilgari surilayotgan tashabbuslar O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol va konstruktiv pozitsiyasini namoyon etmoqda.
Umuman, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosatni yuksak baholash zarur. Bugun O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hurmat, tenglik, ishonch va umumiy manfaatlar asosida munosabatlarni rivojlantirishga intilmokda. Bu siyosat mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish bilan birga, iqtisodiy taraqqiyot, investitsiya, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida shakllangan mustahkam ishonch va strategik sheriklik kelgusida yanada yangi mazmun bilan boyiydi. Hamkorlikning texnologik, investitsiyaviy, taʼlim, ilmiy va innovatsion yo‘nalishlarda kengayishi nafaqat ikki mamlakat xalqlari farovonligiga, balki butun Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, o‘zaro ishonch va umumiy taraqqiyot muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun O‘zbekiston — Janubiy Koreya munosabatlari yangi tarixiy bosqichga kirmoqda. Bu jarayonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan, milliy manfaatlarimizga asoslangan, ochiq va pragmatik tashqi siyosati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Biz, senatorlar mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ushbu ezgu va strategik yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlaymiz hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si va nufuzi yanada yuksalib borishiga ishonamiz.
Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 15-sentyabr sonidan olindi