2038 16.09.2026
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi bugungi yaqin va ishonchli munosabatlarning o‘ziga xos tarixiy asosi bor. Bu, avvalo, O‘zbekiston zaminida o‘z hayoti va taqdirini bog‘lagan koreys xalqining avlodlari bilan chambarchas bog‘liq. O‘tgan asrning murakkab yillarida yurtimizga kelib joylashgan koreyslar bu zaminni o‘z Vatanidek qabul qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdilar. Bugun esa koreys diasporasi O‘zbekiston jamiyatining ajralmas qismi sifatida ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatning yorqin timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda. Ana shu insoniy rishtalar keyinchalik davlatlararo aloqalarning mustahkamlanishi uchun ham muhim zamin yaratdi.
Bu yaqinlikning tarixiy ildizlari bundan ham uzoqqa boradi. Samarqanddagi Afrosiyob devoriy suratlarida qadimgi Koreyaning Goguryeo davlati elchilari tasvirlangan, degan ilmiy qarash mavjud. Bu talqin O‘zbekiston va Koreya hududlari o‘rtasidagi aloqalar yangi davr mahsuli emasligini ko‘rsatadigan qiziqarli tarixiy dalillardan biridir. Zamonaviy diplomatik munosabatlar esa 1992-yil 29-yanvarda o‘rnatildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot izchil tus oldi: 2019-yilda esa alohida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi.
Endilikda munosabatlarning mazmuni ham o‘zgarmoqda. Dastlabki bosqichlarda asosiy e’tibor savdo, investitsiya va sanoat loyihalariga qaratilgan bo‘lsa, bugun hamkorlikning markaziga texnologik taraqqiyot, inson kapitali va innovatsiyalar chiqmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ham aynan shu yangi bosqichning mazmunini namoyon qilmoqda.
Davlat tashrifi arafasida Prezidentning Koreyaning yetakchi nashrlarida e’lon qilingan “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” nomli maqolasi ham bejizga katta e’tibor uyg‘otmadi. Maqolada ikki mamlakat munosabatlarining tarixiy asoslari bilan birga, kelajakdagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari ko‘rsatib berildi. Undagi asosiy fikr shundan iboratki, mavjud hamkorlikni alohida loyihalar yig‘indisi darajasida qoldirmasdan, umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish bosqichiga olib chiqish zarur.
Bu fikrning ortida aniq raqamlar ham bor. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi besh barobarga oshdi. Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 8 milliard dollardan ortdi. Mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar faoliyat yuritmoqda. KOICA, Korea Eximbank va EDCF bilan hamkorlikdagi dasturlar portfeli esa 3,5 milliard dollardan oshgan. Bu raqamlar oddiy statistik ko‘rsatkich emas. Ular ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning real iqtisodiy mazmunini, o‘zaro ishonchning amaliy loyihalarga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Endi esa hamkorlikning keyingi manzili yanada yuqori texnologiyalar bilan bog‘lanmoqda. Sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektromobillar, biofarmatsevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” kabi yo‘nalishlar O‘zbekiston uchun nafaqat yangi investitsiyalar, balki yangi iqtisodiy modelga o‘tish imkoniyatini anglatadi. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda mamlakatning raqobatbardoshligi faqat tabiiy resurslari yoki ishlab chiqarish hajmi bilan emas, bilim, texnologiya va malakali inson kapitali bilan ham belgilanadi.
Davlat tashrifining insoniy mazmuni Koreyada tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimiz bilan muloqotda ularning ta’limi, mehnati va hayoti bilan qiziqdi. Ayniqsa, Koreyada orttirilayotgan bilim va tajribani O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish masalasiga e’tibor qaratilgani muhim. Chunki xorijda tahsil olayotgan yosh – kelajakdagi mutaxassis, yangi texnologiyani olib kirishi mumkin bo‘lgan kadr. Koreyada mehnat qilayotgan yurtdosh esa kasbiy tajriba, mehnat madaniyati va yangi ko‘nikmalarning tashuvchisidir. Demak, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar ham tashqi siyosatning, ham inson kapitalini rivojlantirish siyosatining muhim qismiga aylanmoqda.
Koreya bilan hamkorlikning yana bir muhim tomoni – bu texnologiyani shunchaki xarid qilish emas, balki uni o‘zlashtirish masalasidir. O‘zbekiston uchun muhim vazifa Koreyaning tayyor mahsulotlari yoki investitsiyalarini qabul qilish bilangina cheklanib qolmasdan, ularning ortidagi bilim va ishlab chiqarish tajribasini o‘zlashtirishdir. Agar bugun Koreya kompaniyasi O‘zbekistonda zavod qursa, ertaga o‘sha zavodda ishlaydigan muhandis, texnolog va menejerlarning katta qismini O‘zbekistonning o‘zi tayyorlay olishi kerak. Hamkorlikning uzoq muddatli qiymati ham shunda.
Shu nuqtayi nazardan, tashrif doirasidagi kelishuvlarning 12 milliard dollarga yaqin istiqbolli loyihalarni qamrab olayotgani alohida ahamiyatga ega. Bunday ko‘lamdagi hamkorlik sanoat, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Ammo uning haqiqiy samarasi investitsiya miqdori bilangina emas, yaratiladigan ish o‘rinlari, mahalliylashtirish darajasi, o‘zbekistonlik mutaxassislarning tayyorgarligi va yangi texnologiyalarning mamlakatimizda qolishi bilan o‘lchanadi.
Munosabatlarning faqat iqtisodiy manfaatlarga qurilmayotgani madaniy-gumanitar aloqalarda ham ko‘rinmoqda. Koreyada O‘zbekiston madaniyati kunlarining o‘tkazilishi, o‘zbek tilini o‘rganish va milliy madaniyatimizni targ‘ib qilishga e’tibor qaratilishi ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarning boshqa bir muhim qirrasini ochib beradi. Tarixiy merosini asrab, zamonaviy taraqqiyotga intilayotgan O‘zbekiston uchun boshqa davlatlar bilan madaniy muloqot ham milliy o‘zlikni dunyoga tanitishning muhim vositasidir.
Seulda ilk bor davlat rahbarlari darajasida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining o‘tkazilayotgani esa munosabatlarga yanada kengroq mazmun bermoqda. Bu endi faqat Toshkent va Seul o‘rtasidagi muloqot emas. Markaziy Osiyoning besh davlati va Koreya Respublikasi o‘rtasida yangi hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan yangi formatdir. O‘zbekiston uchun uning ahamiyati shundaki, mamlakatimiz Markaziy Osiyoning markazida joylashgan, mintaqaviy transport yo‘laklari, savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi uchun katta imkoniyatlarga ega davlat sifatida ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishi mumkin.
Bugungi vazifa esa ana shu ikki qutbni birlashtirishdan iborat: tarixiy do‘stlikni qadrlagan holda, undan kelajak taraqqiyoti uchun foydalanish. Koreyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonning milliy manfaatlari, imkoniyatlari va qadriyatlari bilan uyg‘unlashtirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, yoshlar uchun zamonaviy ta’lim va kasb imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiyani real ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlariga aylantirish – hamkorlikning eng muhim amaliy mezonlari bo‘lib qoladi. Ana shunda yillar davomida shakllangan do‘stlik nafaqat ikki davlat munosabatlarining tarixiy boyligi, balki O‘zbekistonning kelajakdagi taraqqiyoti uchun real kapitalga aylanadi.
Nargiza HAMIDOVA
O‘quv – tadqiqot va tahlil markazi direktori