Qadriyatlarga asoslangan hamkorlik


2154     17.09.2026

Dunyoning eng qadimgi tamaddun beshiklaridan bir hisoblangan Koreya haqida gap ketganda, avvalo globallashayotgan dunyoda sharqona madaniyat, urf-odat va qadriyatlarini saqlab qolgan koreys millati tilga olinadi. Janubiy Koreyaning qisqa vaqtda qoloq agrar davlatdan bugun dunyoning eng ilg‘or, yuqori texnologiyali iqtisodiy gigantlardan biriga aylanishi ham aynan ushbu qadriyatlar bilan bog‘liq.

Bunday deyishimizga sabab, keyingi yillarda dunyoda moddiy ne’matlar ko‘payib, insonning yashash sharoitlari tobora yaxshilanayotganiga qaramay, urf-odatlardan voz kechish, oilaga, tarixga bepisandlik bilan qarash, ajdodlardan uzoqlashish, bir so‘z bilan aytganda, qadriyatlarni unutish jarayoni avj ola boshladi. Odamlarni ezgu g‘oyalarsiz yashashga ko‘niktirish kuchaydi.

Ayniqsa, rivojlangan davlatlarda bunday holatlar yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Koreya esa o‘zining ming yillik qadriyatlariga tayangan holda taraqqiyot yo‘lini tanlangan va rivojlana olgan kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston va Koreya Respublikasi munosabatlarida ham insoniylikning ushbu jihatlari ko‘p e’tirof etilayotgani bejiz emas. Xalqlarimiz o‘rtasida o‘xshash rishtalar ko‘p. Uyg‘un sharqona madaniyat, tarixga, qadriyatlarga bo‘lgan hurmat, mehnatsevarlik va fidoyilik, ota-onaga, oilaga e’tibor, halollik, vatanparvarlik munosabatlarimizni yanada kengaytirishga xizmat qilyapti.

O‘zaro hamkorligimizni yana bir muhim rishta bog‘lab turibdiki, bu o‘z hayoti va taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘lagan koreys diasporasi bilan bog‘liq. Bugun yurtimizda 180 ming nafardan ortiq koreys millatiga mansub aholi istiqomat qilayapti va ular mamlakatimizni o‘z vatanidek ko‘rib, jamiyatimizning ajralmas qismiga aylangan. Shu bois, Koreya Respublikasi mashaqqatli yillarda beminnat yordam qo‘lini cho‘zgan o‘zbek xalqiga chuqur hurmat-ehtirom bilan qaraydi. Aslida ikki xalq aloqalari ildizlari uzoq asrlarga – Buyuk ipak yo‘lidagi karvon izlaridan boshlanadi. 

Vaqt sinovidan o‘tgan O‘zbekiston va Koreya munosabatlari bugun ishonchli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida e’tirof etish lozim. Bu, ayniqsa, iqtisodiy aloqalarda ko‘rinyapti. Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo aylanmasi 5 barobarga oshdi. Koreyaning iqtisodiyotimizga kiritgan investitsiyasi 8 milliard dollarga yetdi. Hozir yurtimizda koreys kapitali asosida ishlayotgan 700 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi o‘zaro aloqalarda yangi tarixiy davrni boshlab berishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Uning doirasida yangi investitsiyaviy portfel ko‘lami kengaydi. Qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlandi. Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilindi. Tashrif doirasida qo‘shma biznes forumi o‘tkazilgani va unda Koreyaning yetakchi moliya va savdo institutlari rahbarlarining ishtiroki ikki mamlakat munosabatlari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Rasmiy uchrashuvlarda ikki mamlakat aloqalarini faqat hamkorlik bo‘yicha erishilgan sur’atni saqlab qolish emas, balki bu muvaffaqiyatlarni yanada yuqori sifat bilan oldinga borishning poydevoriga aylantirishdan iborat ekani alohida ta’kidlandi. O‘zbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratish taklif etildi.

Ta’kidlash lozim, so‘nggi yillar dunyo siyosiy-iqtisodiy maydonida bo‘linishlar va manfaatlar uchun talash kuchayib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘layotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo qanchalar murakkab vaziyatdagi mintaqa bo‘lishiga qaramasdan birlashdi.

Rivojlangan dunyo esa Markaziy Osiyo kelajakka umid bilan qarayotgan yosh aholi, hali yetarli baholanmagan yerosti va yerusti resurslari, global transport-tranzit imkoniyatlari, o‘sib borayotgan iste’mol bozori va zamonaviy taraqqiyotga chanqoq iqtisodiyotlardan iborat imkoniyatlar mintaqasi ekanligini tan oldi. Seul shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya” formatidagi navbatdagi sammit fikrimiz isbotidir.

“Kadriyatlarga tayangan tarakkiyot” shiori ostida faoliyat olib borayotgan partiyamiz O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarini butunlay yangi boskichga olib chiqqan Prezidentimiz tashrifi natijalarni ikki mamlakat manfaatiga xizmat qilishdan tashqari, dunyo xalklariga do‘stlik va hamkorlik masalasida namuna ham bo‘ladi, deb hisoblaydi.

 

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari