O‘zbekiston — Koreya munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda


1646     18.09.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish nuqtayi nazaridan muhim voqea bo‘ldi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Seul shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etib, hamkorlikni rivojlantirishning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari mintaqaviy sheriklik istiqbollarini belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” nomli uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif etilgani alohida e’tiborga molik.

Mazkur tashabbusning asosiy mohiyati kelajak taraqqiyoti uchun zarur bo‘ladigan kompetensiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilmani, shuningdek, malakali kadrlar hamda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni bugundanoq aniq belgilab olishdan iborat. Bu, o‘z navbatida, hamkorlikni joriy vazifalar doirasi bilan cheklab qo‘ymasdan, uni uzoq muddatli maqsadlar asosida tizimli tashkil etish imkonini beradi.

Konseptual qarashda belgilanadigan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida Jadal rivojlanish loyihalari portfelini shakllantirish taklifi ham katta ahamiyatga ega. Ushbu portfeldan mamlakatlarimiz iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtalarini yaratadigan, uzoq muddatli imkoniyatlarni ochib beradigan va taraqqiyot jarayonlariga jiddiy turtki bera oladigan istiqbolli tashabbuslar o‘rin olishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunday yondashuv Markaziy Osiyo davlatlari bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, yangi loyihalar va ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbarining inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan takliflari ham g‘oyat dolzarbdir. Zero, bu boradagi hamkorlik “buyurtma – o‘qitish – bandlik” degan aniq va amaliy tamoyilga asoslanishi muhimdir.

Mazkur yondashuvning mohiyati Koreya biznesining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini Markaziy Osiyo mamlakatlarining ta’lim va inson salohiyati bilan bevosita bog‘lashdan iborat. Bu esa ta’lim dasturlarini mehnat bozorining real talablariga moslashtirish, yoshlarni zamonaviy va raqobatbardosh kasblarga o‘qitish hamda ularning barqaror bandligini ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Eng muhimi, bunday tizim minglab iste’dodli yoshlar uchun kasbiy o‘sish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lini ochadi.

Sirasini aytganda, bugun O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Uning ahamiyatini faqat savdo hajmi, investitsiyalar miqdori yoki yirik loyihalar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Biz, deputatlar uchun eng muhim mezon — bu hamkorlikning inson hayotida qanday aks etayotgani, odamlarimiz uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratayotganidir.

Shu nuqtayi nazardan, inson kapitaliga kiritilayotgan sarmoya, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga o‘rgatish, ular uchun munosib ish o‘rinlari va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, har qanday strategik sheriklikning haqiqiy samarasi, avvalo, xalq farovonligida, oilalar daromadining oshishida, yoshlarning kelajakka ishonchi mustahkamlanishida namoyon bo‘lishi kerak.

Ilgari surilgan tashabbuslarning izchil amalga oshirilishi O‘zbekiston — Koreya munosabatlarini yanada mustahkamlash bilan birga, butun Markaziy Osiyoning barqaror va jadal taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi hamkorlik modelini shakllantirishga zamin yaratadi.

 

Jahongir MAMAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati