Taraqqiyotning yangi strategik bosqichi


1634     18.09.2026

Global geosiyosiy o‘zgarishlar va iqtisodiy transformatsiyalar davrida har bir davlatning barqarorligi uning ichki boshqaruv tizimi qanchalik xalqchil ekanligi bilan belgilanadi. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yillik tarixiy dovonida milliy davlatchilik asoslarini yanada mustahkamlash, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish va ijtimoiy kapitalni rivojlantirishga qaratilgan konseptual bosqichga qadam qo‘ydi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi 7 ta milliy dastur mamlakatning kompleks modernizatsiyalashuv jarayonini yangi sifat darajasiga ko‘tardi.

Mazkur yetti ustuvor dastur inson kapitalini rivojlantirishdan tortib, tashqi siyosiy maqsadlargacha bo‘lgan keng qamrovli vazifalarni o‘z ichiga oladi. Platformaning fundamental asosi sifatida maktabgacha ta’lim tizimi qamrovini 100 foizga yetkazish va oliy ta’lim sifatini oshirish orqali bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga qaratilgan sog‘liqni saqlash tizimini tibbiy sug‘urtalash mexanizmlari asosida isloh qilish muhim strategik vazifa etib belgilandi.

Shu bilan birga, milliy iqtisodiyot hajmini 300 milliard AQSH dollariga yetkazish, suv resurslarini tejovchi texnologiyalarni 100 foizga tatbiq etish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda sud-huquq tizimida qonun ustuvorligi kafolatlarini mustahkamlash ushbu dasturlarning mehvarini tashkil etadi.

Mazkur keng ko‘lamli yangilanishlar zanjirida oltinchi milliy dastur alohida ahamiyat kasb etadi. Mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish konsepsiyasi davlat boshqaruvi va byudjet siyosatining mutlaqo yangi — desentralizatsiya bosqichiga o‘tganidan dalolat beradi.

Bundan buyon strategik qarorlar qabul qilish va moliyaviy resurslarni taqsimlash vakolati yuqori ma’muriy idoralardan bevosita mahalla ahliga, ya’ni quyi bo‘g‘inga o‘tmoqda. Davlat rahbarining “Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, degan qat’iy ko‘rsatmasi ushbu islohotning bosh falsafasidir.

Ushbu yondashuv mohiyatiga ko‘ra, tuman byudjetlari va investitsiya dasturlarining shakllanishi yuqori idora xodimlarining abstrakt raqamlariga emas, balki odamlarni yillar davomida qiynab kelayotgan ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti va ijtimoiy soha obyektlari bilan bog‘liq real muammolar yechimiga yo‘naltiriladi. Mahalla davlatga vazifa qo‘ya oladigan va mablag‘larning aniq maqsadli sarflanishini ta’minlaydigan shaffof tizimga aylandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlat byudjetidan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun trillionlab so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu resurslarning sarflanishi ustidan jamoatchilik nazorati tubdan kuchaytirildi. Loyihalar yuqori idoralarning ma’muriy buyruqbozligi asosida emas, balki mahalla ahlining real ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirilmoqda.

Mazkur tizimning amaliy ijrosi mahalliy davlat hokimiyati organlari va vazirliklarning ish uslubini ham o‘zgartirib, ularni mahalla buyurtmasini sifatli bajarish uchungina mas’ul etib belgilaydi. Bunday yondashuv jamiyatda boqimandalik kayfiyatini bartaraf etib, fuqarolarning daxldorlik tuyg‘usini va mahalliy boshqaruvdagi ishtirokini yuqori bosqichga ko‘taradi.

Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tezkor va manzilli hal etish maqsadida tashkil etilgan “mahalla yettiligi” tizimi davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro muloqotning yangi ijtimoiy formulasini yaratdi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimning vertikal va gorizontal muvofiqlashuvi natijasida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasida tizimli natijalarga erishilmoqda.

Xususan, “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida xonadonlarning iqtisodiy imkoniyatlarini xatlovdan o‘tkazish, ularga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmlari to‘liq mahalla darajasida hal etilmoqda.

Mahallaning ijtimoiy buyurtmachi maqomi madaniy-ma’rifiy va ta’lim sohasidagi islohotlarning ham bosh harakatlantiruvchi kuchidir. Yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ularni ommaviy sportga jalb etish va mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bevosita mahalliy tashabbuslarni qonunchilik darajasida qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Parlament vakillarining vazifasi mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kafolatlovchi huquqiy bazani yanada takomillashtirish hamda ijro hokimiyati organlari ustidan parlament nazoratini izchil amalga oshirishdan iboratdir. Qonun ijodkorligi jarayonida mahalladan kelayotgan takliflar va real ijtimoiy so‘rovlar asosiy mezon sifatida qabul qilinmoqda.

Strategik dasturlarning mantiqiy yakuni sifatida yettinchi milliy dastur doirasida O‘zbekistonning tashqi siyosiy nufuzini yuksaltirish, ochiq va pragmatik diplomatiyani yuritish masalasi qo‘yilgan. Bugungi kunda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi, diplomatik aloqalar ko‘lamining kengayishi va 2027—2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilish maqomining qo‘lga kiritilishi ichki islohotlarning tashqi dunyo tomonidan yuksak e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Muxtasar aytganda, 7 ta milliy dastur va ularning yadrosi bo‘lgan mahalla tizimini tubdan isloh qilish dasturi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modelini belgilab beruvchi, davlat va xalq birdamligini mustahkamlovchi tarixiy poydevordir.


Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati