Orolbo‘yi iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichi


1628     22.09.2026

Bugun Qoraqalpog‘istonda kechayotgan yangilanishlar hududning iqtisodiy salohiyati va mavjud imkoniyatlariga yangicha yondashuv shakllanganini ko‘rsatmoqda. Zamonaviy sanoat korxonalari, muqobil energiya manbalari, raqamli texnologiyalar va transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ish o‘rinlari yaratib, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi hududni sanoat, energetika va zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish borasidagi jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Tashrif doirasida ishga tushirilgan korxonalar, qurilishi boshlangan yirik loyihalar hamda Nukus shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy qiyofasi tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. Tashrif chog‘ida umumiy qiymati 592 mln. dollar bo‘lgan 11 ta loyiha ishga tushirilib, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi 7 mlrd. dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ushbu tashabbuslar minglab oilalar barqaror daromadi, yoshlarning o‘z hududida munosib mehnat qilishi va mahalliy iqtisodiyotning yangi imkoniyatlari ochilishi kabi ezgu maqsadlarga keng yo‘l ochadi, albatta. Tashrifning yana bir muhim jihati — raqamli iqtisodiyotga katta eʼtibor qaratilgani. Taxiatosh tumanida 150 mln. dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatosh yo‘nalishini “yashil sanoat yo‘lagi” hamda “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylantirish vazifasi belgilandi.

Sunʼiy intellekt va maʼlumotlar markazlari uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 mlrd. dollarlik oltita loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga yoshlar uchun yuqori malakali va yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratadi. Prezidentimizning Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishgani ham mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtiborning ifodasi bo‘ldi. Korxonada foydalanilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Gazoblok va ohak mahsulotlarini Qozog‘iston hamda Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan. Bu “resursdan tayyor mahsulotgacha” tamoyilining amaldagi yaqqol namunasidir. Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar xududni xomashyo yetkazib beruvchi emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan, “yashil” energiya va intellektual texnologiyalarga tayangan zamonaviy iqtisodiy makonga aylantirishga xizmat qiladi.

Muhimi, har bir loyiha aholi bandligi, daromadi va farovonligi bilan bevosita bog‘langan. Shu maʼnoda, Prezidentimiz tashrifi Qoraqalpog‘istonning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan katta voqea bo‘ldi.

Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi.
"Xalq so‘zi" gazetasining 2026-yil 22-sentyabr sonidan olindi