Italiya taassurotlari


1613     23.09.2026

Milandan Kadenabbiyagacha: go‘zallik, tafakkur va siyosiy xulosalar

Italiyaga kelgan odamni dastlab go‘zal manzaralar rom etadi. Ammo bir-ikki kundan so‘ng ko‘z boshqa narsalarni ham ilg‘ay boshlaydi: olti asr davomida qurilgan sobor yonidan bemalol o‘tib borayotgan velosipedchilar, yuz yillik daraxtni ehtiyotlab aylanib o‘tgan sohil yo‘lagi, har bir hunarmandchilik do‘koni ortidagi avlodlar tarix... Demak, mamlakatni faqatgina uning mashhur binolari emas, odamlarning tarixga, tabiat va bir-biriga bo‘lgan munosabati ta’riflaydi.

Milan, Kadenabbiya va Bellajo – bir mamlakatning uch xil qiyofasi. Jumladan, Milan – shiddat, moda va zamonaviy iqtisodiyot shahri. Kadenabbiya – tabiat va tafakkur uyg‘unlashgan sokin maskan. Bellajo esa go‘zallikni daromadga, an’anani esa brendga aylantira olgan shaharchadir.

Bu manzillarda olgan taassurotlarim, ayniqsa, Kadenabbiyadagi xalqaro konferensiya muloqotlari men uchun oddiy safar xotirasi bo‘lib qolmadi. Ular global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyoning kelajagi, mintaqaviy hamkorlik va milliy taraqqiyot asoslari haqida yanada chuqurroq o‘ylashga undadi.

Safar yo‘lim dunyo modasi, dizayni va moliya markazi bo‘lgan, tarix va zamonaviylik yonma-yon yashaydigan Milan shahridan boshlandi. So‘ng Yevropadagi eng chuqur ko‘llardan biri va asrlar davomida Yevropa ipakchiligining markazi bo‘lgan Komo ko‘li sohillariga yo‘l oldik. Ko‘l bo‘yidagi Kadenabbiyada, “Villa La Collina” qarorgohida 17-20 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Safar esa ko‘lning uch irmog‘i tutashgan joydagi, turizmni yaxlit tizimga aylantira olgan “Komo marvaridi” – Bellajoda yakunlandi.

Milan: shahar shoshiladi, tarix esa kutib turadi

Milanda vaqt boshqacha oqadi: ko‘chada hamma shoshadi, ammo shaharning o‘zi hech qayoqqa shoshmaydi. Buning eng yorqin isboti Milan sobori. Uning qurilishi 1386-yilda boshlangan va qariyb olti asr davom etgan. Oq-pushti marmardan tiklangan binoning tomida yuzdan ortiq nayzasimon minorachalar, fasad va devorlarida esa minglab haykallar bor. Tom ustiga chiqib, marmar “o‘rmon” orasidan shaharga qarash Milanda ko‘rilishi shart bo‘lgan eng ta’sirli manzaralardan biri.

Sobor yonidagi Vittorio Emmanuele II galereyasi XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan. Shisha gumbaz ostidagi bu “shahar mehmonxonasi” bir yarim asrdan beri to‘xtovsiz ishlab kelayotgan savdo va uchrashuv maskanidir. Mahalliy irimlarga ko‘ra, poldagi mozaikada aks etgan buqa tasviri ustida tovoni bilan bir marta aylangan kishi shaharga yana qaytib kelar ekan. Bir qarashda bu oddiy qiziqarli odat, ammo uning zamirida muhim haqiqat bor: tarixiy obida yashashi uchun u odamlar hayotining bir bo‘lagiga aylanishi kerak.

Santa-Mariya delle Gratsiye monastiridagi Leonardo da Vinchining “So‘nggi kechlik” asari esa merosni asrashning jonli darsidir. Besh yuz yildan oshgan devoriy suratni ko‘rish uchun ziyoratchilar kichik guruhlarda, qat’iy belgilangan vaqt bilan kiritiladi. Odamlarning ishtiyoqi katta, lekin asarni kelajak avlodga bezavol yetkazish mas’uliyati undanda kattaroqdir.

Shu bilan birga, Milan faqat o‘tmishga mahliyo bo‘lib qolgan shahar emas. Porta Nuova mavzesidagi “Vertikal o‘rmon” – devorlari yuzlab daraxt va butalar bilan qoplangan turar joy minoralari zamonaviy shaharsozlikning ramziga aylangan. 2026-yilning fevralida esa shahar Kortina d’Ampetsso bilan birgalikda Qishki Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qildi. Eski binolarga yangi vazifa beriladi, ammo ularning tarixiy qiyofasi saqlab qolinadi.

Haqiqiy yangilanish eskini buzib tashlash emas, tarixiy xotirani asrab, uni zamonaviy hayotga moslashtira bilishdir. Milliylik va zamonaviylik bir-biriga zid tushunchalar emas. O‘zligini saqlagan jamiyatgina globallashuv sharoitida munosib o‘rin egallaydi. Bu yondashuv “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining milliy qadriyatlarni asragan holda zamonaviy taraqqiyotga erishish g‘oyasi bilan hamohangdir.

Milan shovqinidan bor-yo‘g‘i bir soatlik yo‘l masofasidagi Komo ko‘li teskari “Y” harfi shaklida Alp etaklariga cho‘zilgan. O‘zbekistonlik mehmon uchun bu hududning kutilmagan jihati bor: Komo shahri asrlar davomida Yevropa ipakchiligining markazi bo‘lib kelgan va bu yerda hatto ipak muzeyi ham faoliyat yuritadi. Buyuk ipak yo‘lining bir uchida Marg‘ilon atlasi, ikkinchi uchida Komo ipagi – bu o‘xshashlik shunchaki tarixiy tasodif emas, balki bugungi hamkorlik uchun tayyor g‘oyadir. Italiyaning dizayn va brendlash madaniyati bilan bizning hunarmandchilik maktablarimiz uchrashsa, jahon bozorida mutlaqo yangi mahsulotlar paydo bo‘lishi shubhasiz.

Kadenabbiya: kanslerning “zaxira devoni”

Komo ko‘lining g‘arbiy sohilidagi Kadenabbiya insonga birinchi navbatda sokinligi bilan ta’sir qiladi. Musaffo havo, ko‘l va tog‘larning uyg‘un manzarasi, asrlar davomida asrab kelinayotgan daraxtlar, sarishta ko‘chalar kishiga alohida xotirjamlik bag‘ishlaydi. Konferensiya bo‘lib o‘tgan “Villa La Collina” 1899-yilda milanlik mehmonxonachi tomonidan yozgi qarorgoh sifatida qurilgan. Uning asosiy shuhrati esa Germaniyaning birinchi federal kansleri Konrad Adenauer nomi bilan bog‘liq. Adenauer 1957-1966 yillarda Kadenabbiyada 18 marta dam olgan, shundan 14 martasi aynan shu villada bo‘lgan. 1959-yildan bu bino uning doimiy dam olish maskaniga aylangan.

Eng qizig‘i, kansler rasman ta’tilda bo‘lsada, davlat ishlari to‘xtamagan: Bonndan qariyb 800 kilometr uzoqlikdagi villa o‘ziga xos kanslerning “zaxira devoni”ga aylangan. Bu yerga yuqori martabali mehmonlar kelib-ketgan, muhim masalalar sokin muhitda ekspertlar bilan qayta muhokama qilinib, so‘ngra qarorlar e’lon qilingan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Italiyada 476,9 million marta sayyohlarning tunab qolishi qayd etilgan va mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropada Ispaniyadan keyin ikkinchi o‘rinni mustahkamlagan. 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida Italiya turizm to‘lov balansidagi ijobiy saldo rekord darajaga - 19,6 milliard yevroga yetgan, xorijiy sayyohlar sarfi esa 46,4 milliard yevroni tashkil etgan. Xorijiy mehmonlar mamlakatda o‘rtacha 3,6 kechadan qolmoqda.

Bellajoni tomosha qilar ekanman, O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlari haqida o‘yladim. Bizda nafaqat Samarqand, Buxoro va Xiva, balki har bir hududning o‘ziga xos tarixi, taomlari, hunarmandchilik maktablari va tabiiy boyliklari bor. Ularni rivojlantirish uchun faqat mehmonxona qurish yetarli emas. Sayyohni bir kechaga emas, bir necha kunga ushlab qoladigan, hudud tarixi, tabiati, madaniyati va mahalliy aholi manfaatini yagona zanjirga bog‘laydigan yaxlit tizim zarur.

Bir stol atrofida – Markaziy Osiyo

Aynan shu muhitda 17-20 sentyabr kunlari “Markaziy Osiyo global o‘zgarishlar sharoitida: milliy strategiyalar, mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikning yangi modelini shakllantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan siyosatchilar, ekspertlar va tahlilchilar bir maydonda jamlandi. Mintaqa davlatlarining tashqi siyosiy mustaqilligini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik, geoiqtisodiy bog‘liqlik, infratuzilma, iqlim o‘zgarishi, suv va boshqa umumiy resurslarni boshqarish masalalari ochiq muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mintaqaviy hamjihatlikka asoslangan siyosiy yondashuvlari xususida o‘z qarashlarimni bildirdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi. Ilgari hal etilishi murakkab ko‘ringan masalalar bugun ochiq muloqot, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish asosida muhokama qilinmoqda. Eng muhimi, mintaqa davlatlari umumiy muammolarga birgalikda yechim izlash zaruratini anglamoqda. Chunki xavfsizlik, suv, iqlim, energetika, transport va oziq-ovqat ta’minoti kabi masalalar davlat chegarasida to‘xtab qolmaydi.

Konferensiyadan uch muhim xulosa

Birinchi xulosa: mintaqaviy hamkorlik milliy mustaqillikni zaiflashtirmaydi, aksincha, uni mustahkamlaydi. Markaziy Osiyo davlatlari umumiy masalalar bo‘yicha muvofiqlashgan pozitsiyaga ega bo‘lsa, tashqi hamkorlar bilan munosabatlarda o‘z manfaatlarini ishonchliroq himoya qila oladi.

Ikkinchi xulosa: xavfsizlikni faqat harbiy tahdidlar bilan bog‘lash yetarli emas. Bugun suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, ishsizlik, axborot xurujlari va ijtimoiy tengsizlik ham barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, xavfsizlik – iqtisodiyot, ta’lim, ekologiya, agrar soha va ijtimoiy siyosatni qamrab olgan yaxlit yondashuvni talab etadi.

Uchinchi xulosa: mintaqaviy hamkorlik faqat davlat rahbarlari va hukumatlar darajasida qolib ketmasligi kerak. U parlamentlar, siyosiy partiyalar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi doimiy muloqot bilan mustahkamlanishi lozim. Mintaqaviy yaqinlashuvni xalqlar o‘z hayotida his qilsagina, u barqaror jarayonga aylanadi. Markaziy Osiyoga tayyor tashqi modellar emas, o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va umumiy mas’uliyatga asoslangan o‘z hamkorlik modeli kerak.

Strategik sheriklik: raqamlar nima deydi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-9 iyun kunlari Italiyaga rasmiy tashrifi davomida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilingan. Shu tariqa Italiya O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi birinchi strategik sherigiga aylangan. Muloqot jadallashib bormoqda: 2025-yil may oyida Samarqandda oliy darajada kelishuvlarga erishildi, 2026-yil 19-yanvar kuni esa Toshkentda Prezidentimiz Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashib, ushbu kelishuvlar ijrosini ko‘rib chiqdi.

Iqtisodiy aloqalar ham barqaror o‘smoqda. O‘zaro savdo hajmi 2017-yildagi 172,2 million dollardan 2024-yilda qariyb 438 million dollarga yetdi, ya’ni 2,5 baravar oshdi. 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida tovar ayirboshlash 343,2 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagidan qariyb 11 foizga ko‘p bo‘ldi. Odamlar o‘rtasidagi aloqalar ham kengaymoqda: 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida 2 525 nafar yurtdoshimiz Italiyaga safar qilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 25,7 foiz ko‘p, ulardan 94 nafari tahsil olish maqsadida borgan.

Italiyaning sanoat, dizayn, qishloq xo‘jaligi, turizm, tarixiy merosni asrash, hududlarni rivojlantirish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi biz uchun muhim. O‘zbekiston esa Italiya uchun katta iqtisodiy imkoniyatlar, yosh inson kapitali va Markaziy Osiyoning markazidagi strategik o‘ringa ega ishonchli hamkor hisoblanadi. Ta’lim va ilmiy almashinuv, agrar texnologiyalar, suv tejovchi yechimlar, turizm, madaniy merosni muhofaza qilish hamda ipakchilik va dizayn sohalarida qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq.

Italiyada bo‘lar ekanman, O‘zbekistonning mashhur shaharlari bilan birga, sayyoh hali yetib bormagan qishloqlari haqida ham o‘yladim. Masalan, Boysunga kelgan mehmon uchun hunarmand ustaxonasi, mahalliy taom, oilaviy mehmon uyi va tog‘ yo‘nalishini qulay dasturga birlashtirish mumkin. Bunda mehmon qayerga borishini, qancha vaqt sarflashini, qanday xizmat olishini oldindan bilishi muhim.

Biz sayyohga o‘z hududimizning betakror hayotini tanitishimiz kerak. Uni bir manzildan boshqasiga olib borish qulay bo‘lsin, ma’lumot tushunarli, narxlar ochiq bo‘lsin. Hunarmand o‘z mehnatidan, xonadon mehmon kutishdan, mahalliy yoshlar gidlikdan daromad topa olsin. Shunda turizmni rivojlantirishdan aholining o‘zi ham bevosita manfaatdor bo‘ladi.

Taassurotdan xulosaga

Italiyadan qaytar ekanman, Milandagi olti asrlik mas’uliyat haqidagi o‘yga yana qaytdim. Biz qabul qilayotgan qarorlar ham o‘zimizdan keyin uzoq yillar yashaydi. Bugun asralgan bino, muhofaza qilingan sohil yoki qo‘shni bilan hal etilgan masalaning samarasini kelgusi avlod ko‘radi. Italiya menda o‘z tarixi va tabiatiga ehtiyotkor munosabatda bo‘lgan, zamonaviylikni milliy qiyofasi bilan uyg‘unlashtira olgan mamlakat taassurotini qoldirdi.

Bu safar men uchun kelajak oldidagi mas’uliyatni his qilish imkoni bo‘ldi. Fikrimcha, mamlakatning qudrati faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, o‘zligini qay darajada asray olgani, qo‘shnilari bilan qanday munosabat qurgani va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatini qanchalik teran anglashi bilan o‘lchanadi.

 

Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati