Ustozlar maktabi — partiyaning maʼnaviy kapitali


1575     30.09.2026

Har bir sohaning o‘z ustozlari va maktabi bo‘ladi, jumladan, siyosatda ham. Partiyaning bugungi salohiyati va jamiyatdagi o‘rni bir kunda shakllanmagan. Uning zamirida yillar davomida fidokorona mehnat qilgan ustoz va faxriylarning xizmati mujassam. Bugun partiya tarixini yaratgan insonlar – siyosiy maktabning ustozlari.

Markaziy kengashda 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda partiya tarixini yaratgan siyosiy maktab ustozlari mehmon bo‘ldilar. Partiya tizimda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan, partiya tamal toshini qo‘ygan, uning tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan faxriylar yodga olindi.

Albatta, ustozlarning boy tajribasini o‘rganish, ilmiy-ijodiy va jamoatchilik merosini yosh avlodga yetkazish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish partiyaning ma’naviy va siyosiy vorisligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda ana shu jihatlarga alohida urg‘u berilib, partiya siyosiy maktabini yaratgan ustozlar xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli hayot yo‘li va faoliyatini yosh avlodga keng targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi. Zero, ustozlar merosiga hurmat bu o‘tmishni yod etishgina emas, balki kelajakka mas’uliyat bilan qarash, tajriba va qadriyatlarni yangi avlodga ishonchli yetkazishdir.

Kechada so‘zga chiqqanlar partiya faxriylari Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, Ibrohim G‘afurov, Sharifa Salimova singari fidoyi ustoz va ziyolilar xotirasini yod etib, ularning milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarni asrash, yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashga qo‘shgan beqiyos hissalari haqida fikr bildirdilar. Shuningdek, partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ta’lim va ilm-fan sifatini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar almashildi.

Darhaqiqat, ustozlar maktabi — partiyaning ma’naviy kapitalidir. Ularning tajribasini o‘rganish va uni yangi avlodga yetkazish partiyaning siyosiy va ma’naviy vorisligini mustahkamlaydi. Shu ma’noda, xalqimizning zabardast adiblari Xurshid Do‘stmuhammad, Farida Afro‘z, O‘zbekiston Qahramoni Turg‘un Azlarov, taniqli davlat va jamoat arbobi Dilbar G‘ulomova, O‘zbekiston xalq artistlari Muhammadali Abduqunduzov, Gavhar Zokirova, taniqli olmonshunos olim va tarjimon Xurram Rahimov singari partiya faxriylari tom ma’noda “Ustozlar maktbi”ning ustozlaridir.

Tadbirning ta’sirli lahzalaridan biri marhum ustozlarning farzandlari, nabira va shogirdlari so‘zga chiqib, o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashgani bo‘ldi. Jumladan, Erkin Vohidovning o‘g‘li Xushid Vohidov, shogirdi Rustam Mirvohid, Ibrohim G‘ofurovning farzandlari Xumoyun G‘ofurov va Zulayho G‘ofurovalar, Aziz Qayumovning nabirasi Farhod Qayumov ustozlarning hayot yo‘li, insonlik fazilatlari va qoldirgan boy merosi haqida samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar. Ularning xotiralari tadbirga alohida ruh bag‘ishlab, ustozlarning ijodiy va jamoatchilik faoliyati bilan bir qatorda, oilasi, shogirdlari va yaqinlari qalbida qoldirgan izini ham namoyon etdi.

Zero, ustozlarni yo‘qlash o‘tmishni eslash emas, balki kelajakka yo‘l ko‘rsatadigan ma’naviy merosni asrashdir. Ularning tajribasi, hayotiy saboqlari va milliy qadriyatlarga sadoqati yangi avlod uchun ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.

 

Feruza JALILOVA