Ta’limga strategik yondashuvning mazmuni to‘laqonli ochib berildi


1874     02.10.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan o‘tkazgan uchrashuvda bildirilgan har bir fikr, nazarimda, bugungi ta’lim siyosati oldida turgan eng muhim masalaning mohiyatini ochib beradi. Dunyoda bilim yaratish, axborot tarqatish va mehnat qilish usullari shiddat bilan o‘zgarmoqda. Sun’iy intellekt matn tayyorlashi, dastur yozishi, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilishi mumkin. Ammo hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustozdek yo‘l topib, unda Vatanga muhabbat, mas’uliyat, ezgulik va insoniy fazilatlarni shakllantira olmaydi.

Demak, texnologiyalar rivojlangan sari o‘qituvchining ahamiyati kamaymaydi. Aksincha, uning vazifasi yanada murakkablashadi. Chunki endi muallimdan bolaga ma’lumot berishning o‘zi emas, uni fikrlash, ma’lumotni tahlil qilish, to‘g‘ri qaror qabul qilish, yangi bilimlarni mustaqil egallash va eng muhimi, texnologiyadan inson va jamiyat manfaati yo‘lida foydalanishga o‘rgatish talab etiladi.

Shu nuqtai nazardan uchrashuvda ta’limning barcha bo‘g‘inlari – maktabgacha ta’limdan boshlab maktab, kasbiy va oliy ta’limgacha bo‘lgan tizimning yagona maqsad atrofida bog‘lanayotganini ko‘rish mumkin. Bu maqsad – hayotga tayyor, bilimli, kasbli, zamonaviy texnologiyalarni egallagan va o‘z kuchiga ishonadigan avlodni tarbiyalash.

Davlatimiz rahbari “Biz bugun bolaga nimani bersak, ertaga uning natijasini mamlakat kelajagida ko‘ramiz”, degan fikri bilan ta’limga strategik yondashuvning mazmunini to‘laqonli ochib berdi.

Darhaqiqat, bugun maktabda berilayotgan bilimning sifati o‘n-yigirma yildan keyin iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligi, ilm-fanimiz salohiyati va jamiyatimizning intellektual darajasida namoyon bo‘ladi.

Shu bois ta’lim mazmunini yangilash masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Yangi avlod darsliklarida milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va tabiatga mas’uliyat bilan bir qatorda raqamli texnologiyalar, moliyaviy savodxonlik, kelajak kasblariga qiziqish, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratilayotgani muhim. Prezident ta’kidlaganidek, maqsad har bir o‘quv yili bolaning keyingi bosqichga o‘tishi uchun mustahkam poydevor bo‘lishi, bitiruvchi esa maktabdan hayotga tayyor va o‘z bilimiga ishongan holda chiqishidir.

Ayniqsa, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish vazifasi qo‘yilayotgan bugungi sharoitda matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi fundamental fanlarga e’tiborning kuchaytirilishi mantiqiy ahamiyatga ega. Sinfda o‘quvchilar soni 25 nafardan ortiq bo‘lganda ushbu fanlarni ikki guruhga bo‘lib o‘qitish, milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lash, har yili yetakchi o‘qituvchilarni rag‘batlantirish va ming nafar pedagogni xorijda stajirovkaga yuborish kabi choralar aynan ta’lim sifatini inson omili orqali oshirishga qaratilgan.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Zamonaviy iqtisodiyot uchun faqat yaxshi baholar bilan maktabni tugatgan yoshning o‘zi yetarli emas. U xorijiy tilni bilishi, muayyan kasb yoki hunarga ega bo‘lishi, raqamli texnologiyalardan foydalana olishi va o‘zgaruvchan mehnat bozoriga moslasha olishi zarur. Shu sababli, maktab bitiruvchisini til va kasbsiz katta hayotga chiqarmaslik masalasining qat’iy qo‘yilgani ta’lim natijasini baholash mezoni ham o‘zgarayotganini anglatadi.

Bunday o‘zgarish asnosida, tabiiyki, muallimning o‘zi ham muntazam rivojlanishi talab etiladi. Kecha samara bergan pedagogik usul bugun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu ma’noda, o‘qituvchilarning malaka oshirish tizimini majburiy bir oylik kurslardan kasbiy rivojlanish vaucherlariga o‘tkazish, pedagogga kurs va ta’lim olish joyini mustaqil tanlash imkonini berish muhim yangilikdir. Bu malaka oshirishni navbatdagi rasmiy jarayon emas, o‘qituvchining real kasbiy ehtiyojiga mos tizimga aylantirishga qaratilgan.

Uchrashuvda oliy ta’lim oldiga qo‘yilgan vazifalar ham shu mantiqning davomidir. Universitetga mustaqillik berishning o‘zi yakuniy maqsad emas. U ta’lim sifati, ilm-fan natijadorligi va ish beruvchilar bilan hamkorlikda o‘z samarasini ko‘rsatishi kerak. Shu bois o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablari asosida qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy darsliklar yaratish, bitiruv ishlari va dissertatsiyalarni iqtisodiyot tarmoqlaridagi amaliy muammolar yechimiga yo‘naltirish vazifalari qo‘yildi.

Ayniqsa, kelasi yildan 75 oliy ta’lim muassasasida “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimining joriy etilishi ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasidagi munosabatni yangi asosga o‘tkazishi mumkin. Bunda ish beruvchi o‘ziga zarur mutaxassisni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi, talaba esa nazariy bilim bilan bir vaqtda haqiqiy ish muhitida kasbiy tajriba orttiradi. 2028-yildan mazkur tizimni barcha oliygohlarga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Menimcha, uchrashuvda belgilangan vazifalarning umumiy mantig‘i shu yerda namoyon bo‘ladi: ta’lim tizimi endi faqat bilim beruvchi tizim emas, insonning qobiliyatini kashf etadigan, uni kasbga tayyorlaydigan, ilm va texnologiya bilan bog‘laydigan hamda jamiyat va iqtisodiyot uchun zarur kompetensiyalarni shakllantiradigan yaxlit muhitga aylanishi kerak.

Bunday tizimning markazida esa baribir o‘qituvchi turadi. Darslikni yangilash mumkin, maktab va universitetlarni eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash mumkin, sun’iy intellekt imkoniyatlarini ta’limga keng joriy etish mumkin. Ammo, ulardan qanday foydalanishni, bilimni tafakkurga, tafakkurni esa bunyodkorlikka aylantirishni yosh avlodga ustoz o‘rgatadi.

Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchrashuv yakunida bildirgan “Ustozni e’zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlashdir” degan fikri bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etadi.

Zero, kelajak texnologiyalarini muhandislar yaratadi, yangi kashfiyotlarni olimlar amalga oshiradi, iqtisodiyotni malakali mutaxassislar rivojlantiradi. Ularning barchasiga ilmning birinchi eshigini ochib beradigan, qobiliyatini kashf etadigan va orzusiga ishonch uyg‘otadigan inson esa Ustozdir.

Odiljon Mamatkarimov,
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi