1572 02.10.2026
Bugun ta’lim islohotlarini faqat maktab, bog‘cha yoki oliy o‘quv yurti faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar sifatida baholab bo‘lmaydi. Chunki mamlakatning ertangi taraqqiyoti, iqtisodiy salohiyati va raqobatbardoshligi, avvalo, qanday insonni tarbiyalayotganimizga bog‘liq.
Prezidentning “O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi”, degan ta’rifi ta’lim siyosatida inson, uning bilimi va ma’naviyati ustuvor ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.
Bugun ustoz mehnatini qadrlash uning kasbiy salohiyati, moddiy manfaatdorligi va jamiyatdagi nufuzini mustahkamlash bilan uyg‘un holda olib borilmoqda. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar sonining besh yilda 29 ming nafardan 143 ming nafarga oshgani, maktablarda pedagoglar yetishmasligining uch barobar kamaygani sohada inson resurslariga yondashuv o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda ta’lim infratuzilmasiga katta investitsiyalar kiritildi. O‘n yil davomida 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasi zamonaviylashtirildi.
Biroq zamonaviy ta’limni faqat yangi bino bilan tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uning mazmuni ham yangilanishi kerak.
2018-yildan boshlangan yangi avlod darsliklarini yaratish jarayoniga olimlar, mutaxassislar, pedagoglar, mualliflar va xususiy sektor jalb etildi. Faqat bir yilning o‘zida 324 ta darslik yangilandi.
Yangi darsliklarda milliy qadriyatlar bilan bir qatorda Vatanga muhabbat, tabiatni asrash, suvni tejash, raqamli texnologiyalar, moliyaviy savodxonlik, kelajak kasblari, mustaqil va tanqidiy fikrlash kabi hayotiy ko‘nikmalarga urg‘u berilmoqda. Demak, darslik endi faqat bilim beruvchi manba emas, bolani o‘zgarayotgan hayotga tayyorlaydigan vositaga aylanmoqda.
Texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda ham tarbiyaning o‘rni o‘zgarmaydi. Sun’iy intellekt ko‘plab vazifalarni bajara oladi, ammo bolaning qalbiga yo‘l topish, unda Vatanga muhabbat, mas’uliyat, mehr-oqibat va insonparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ustozning o‘rni alohida bo‘lib qolaveradi.
Ta’lim tizimidagi muhim o‘zgarishlardan biri maktabda bolaning faqat bilim oladigan emas, balki kelajak hayotga tayyorlanadigan muhitni yaratishdir.
Matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur o‘rganish uchun sharoit yaratish, fundamental fanlar o‘qituvchilarini rag‘batlantirish, boshlang‘ich sinflarda ham fan olimpiadalarini yo‘lga qo‘yish, ayrim maktablarda matematika, informatika va tabiiy fanlarni ingliz tilida o‘qitish kabi tashabbuslar zamonaviy inson kapitalini shakllantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, ta’lim siyosatida “har bir bola” tamoyili ham tobora aniq mazmun kasb etmoqda. Inklyuziv muhit yaratilgan maktablar sonining ikki yilda 729 tadan 3 ming 591 taga yetgani, 10 ming nafar alohida ehtiyojga ega bolaning tengdoshlari bilan bir muhitda ta’lim olayotgani teng imkoniyatlar muhiti kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Inson kapitali maktab ostonasida emas, maktabgacha ta’lim davrida shakllana boshlaydi. Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarga mos dastur ishlab chiqilishi, 180 ming tarbiyachi va pedagogning yangi metodika bo‘yicha o‘qitilayotgani, o‘yin orqali ta’lim berish usulini barcha bog‘chalarga joriy etish rejasi shu maqsadga xizmat qiladi.
Kasbiy ta’limda ham asosiy e’tibor yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlashga qaratilmoqda. Texnikumlarga xalqaro dasturlarni olib kirish, 25 ming korxona bilan hamkorlik qilish, 100 mingdan ziyod yoshga o‘qish bilan birga daromad topish imkoniyatini yaratish, dual ta’limda o‘qiydiganlarga stipendiya to‘lash kabi choralar kasbiy ta’limni amaliy ko‘nikma va bandlikka yaqinlashtirmoqda.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming o‘quvchining ishtirok etgani ham yoshlarni kasbga yo‘naltirishga e’tibor kuchayganidan dalolat beradi.
Talabalar sonining 1 million 600 ming nafarga yetgani, universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilishi, yetti oliy o‘quv yurtining 17 ta fan bo‘yicha nufuzli xalqaro reytinglarga kirishi oliy ta’limdagi muhim natijalardir.
Biroq bugun asosiy savol faqat qancha talaba o‘qiyotgani emas, ular nimani o‘rganayotgani va olgan bilimi hayotda qay darajada samara berayotganidir.
Shu ma’noda “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyili muhim ahamiyatga ega. Bunda ish beruvchi o‘z ehtiyojiga mos kadrga buyurtma beradi, talaba o‘qish bilan birga ishlaydi, korxona esa kadr tayyorlash jarayonining bevosita ishtirokchisiga aylanadi. Bu yoshlarning diplom olgandan keyin emas, ta’lim jarayonining o‘zida mehnat bozoriga kirib borishiga imkoniyat yaratadi.
Bu jarayonlarning Qashqadaryo viloyati uchun ahamiyati ayniqsa katta. Chunki ta’lim islohotlarining har bir yo‘nalishi viloyatning inson kapitali va iqtisodiy salohiyati bilan bevosita bog‘liq.
Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlar uchun raqobatbardosh kadr tayyorlash ta’lim muassasalari faoliyatini hudud iqtisodiyoti ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishni talab etadi.
Buning uchun bolaning bog‘chadagi qobiliyatini aniqlash, maktabda rivojlantirish, kasbga yo‘naltirish, texnikum yoki oliy o‘quv yurtida mutaxassislikka tayyorlash va uni hududdagi korxona-tashkilotlar bilan bog‘lash muhim. Ana shu uzluksiz zanjir inson kapitalini hudud taraqqiyotining muhim resursiga aylantiradi.
Bugun dunyoda bilim va texnologiyalar jadal yangilanayotgan bir paytda yosh avlodni ertangi kun talablariga tayyorlash oson emas. Buning uchun zamonaviy darslik, kuchli pedagog, ilg‘or metodika, raqamli texnologiya va ish beruvchi bilan hamkorlikni yagona tizimga birlashtirish zarur.
Zero, bugun bolaga berilgan ta’lim ertaga mamlakatning iqtisodiy qudrati, ilm-fan salohiyati, jamiyatning ma’naviy qiyofasi va har bir oilaning farovonligida namoyon bo‘ladi.
Shu bois ta’lim islohotlarining haqiqiy natijasi qurilgan binolar yoki yangilangan darsliklar sonidagina emas. U har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, har bir yoshning zamonaviy kasb egallashi, bitiruvchining mehnat bozorida munosib o‘rin topishi va o‘z salohiyatini namoyon eta olishida ko‘rinadi.
Ana shunda ta’limga bugun kiritilayotgan sarmoya ertaga iqtisodiy o‘sish, ilm-fan taraqqiyoti va milliy yuksalishning mustahkam poydevoriga aylanadi.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA