1608 08.10.2026
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy xamkorlikni yangi mazmun bilan boyitayotgan muxim siyosiy maydon sifatida ahamiyatlidir. Uchrashuv kun tartibida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlik, elektron tijorat, transport-logistika va yuqori texnologiyali infratuzilmani rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarning qamrab olingani bejiz emas.
Chunki bugun transport yo‘laklari, raqamli iqtisodiyot va investitsiya makoniga alohida davlatlar doirasida emas, balki mintaqaviy hamkorlik nuqtai nazaridan qaralishi kerak. Shu maʼnoda, mazkur hamkorlik Markaziy Osiyoning iqtisodiy salohiyatini birlashtirish va uning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Bu borada transport-logistika yo‘nalishi ham strategik ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning geografik joylashuvi bizga Sharq va G‘arb o‘rtasida muhim iqtisodiy bo‘g‘in bo‘lish uchun katta sharoit tug‘diradi. Bu imkoniyatni natijaga aylantirish uchun zamonaviy transport koridorlari bilan bir qatorda raqamli logistika, elektron hujjat aylanmasi, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va yagona standartlarni joriy etish ham kerak.
Bugun Markaziy Osiyodagi jarayonlarning eng muhim jihati mintaqaning oddiy geografik hududdan, o‘z iqtisodiy manfaatlarini birgalikda ilgari sura oladigan geoiqtisodiy makonga aylanib borayotganidir. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi muloqotni ham shu nuqtai nazardan baholash kerak. Chunki bu yerda gap faqat savdo hajmini oshirish yoki yangi transport yo‘laklarini ochish haqida emas. Gap Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo oqimlarida mintaqaning rolini kuchaytirish, investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish uchun yagona iqtisodiy muhit yaratish haqida ketmoqda.
Ayniqsa, Transkaspiy yo‘lagi, raqamli logistika va elektron savdoning rivojlanishi geografiyani iqtisodiy ustunlikka aylantirish uchun temir yo‘l yoki avtomobil yo‘lining o‘zi kifoya emas. Buning uchun bojxona tizimi, elektron hujjat aylanmasi, logistika standartlari va chegara infratuzilmasi ham o‘zaro uyg‘unlashishi lozim.
Bu jarayonda O‘zbekistonning pozitsiyasi tobora kuchaymoqda. Mamlakatimiz bugun mintaqadagi o‘zgarishlarni kuzatibgina qolmay, ularning kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etyapti. Eng muhimi, endi mintaqaviy hamkorlik qancha investitsiya jalb etilib, qancha ish o‘rni yaratilgani, transport xarajatlari qanchaga qisqarib, aholi hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘layotgani bilan o‘lchanmoqda.
Demak, agar siyosiy ishonch iqtisodiy manfaat, geografik joylashuv esa zamonaviy infratuzilma bilan birlashtirilsa, Markaziy Osiyo kelgusi yillarda jahon savdo yo‘llarining oddiy tranzit hududi emas, mustaqil iqtisodiy qiymat yaratadigan muhim geoiqtisodiy markazga aylanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi ham, MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi ham bir umumiy g‘oya — tinchlikni iqtisodiy taraqqiyot, siyosiy ishonchni amaliy hamkorlik asosida mustahkamlash g‘oyasini ilgari surishi bilan ahamiyatli.
Eng muhimi, mintaqamiz o‘z taraqqiyot kun tartibini o‘zi belgilay oladigan, tashqi iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga faqat moslashibgina qolmay, ularga taʼsir ko‘rsata oladigan kuchli geoiqtisodiy makonga aylanishi kerak.
Jamila BOBONAZAROVA,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi aʼzosi.
"Xalq so‘zi" gazetasining 2026-yil 8-oktyabr sonidan olindi